platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyev bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi

Mirzo Ulugʻbek tumanidagi Bogʻimaydon mahallasida 41 ta koʻp qavatli uy, 1 ming 990 ta xonadon mavjud boʻlib, qariyb 5,5 ming nafar aholi istiqomat qiladi.

Shavkat Mirziyoyev bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulugʻbek tumanidagi Bogʻimaydon mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, yangi bunyod etilgan “Pavilion” savdo majmuasini borib koʻrdi.

1987 yilda tashkil etilgan Bogʻimaydon mahallasida hozir 41 ta koʻp qavatli uy, 1 ming 990 ta xonadon mavjud boʻlib, qariyb 5,5 ming nafar aholi istiqomat qiladi.

Hududda aholi uchun zamonaviy infratuzilma yaratilgan. Xususan, bu yerda 20 ta bolalar oʻyingohi, 11 ta vorkaut maydonchasi, 3 ta mini-futbol maydoni va tennis korti tashkil etilgan. 2 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti qariyb 500 nafar bolani qamrab olgan.

Mahallada iqtisodiy faollikni oshirish va aholi bandligini taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Bugun bu yerda 70 dan ziyod tadbirkorlik subʼekti faoliyat yuritmoqda. Bu esa ishsizlikni qisqartirish va oilalar daromadini oshirishga xizmat qilmoqda. Jumladan, mahalladagi 1 ming 48 nafar yoshdan 949 nafarining bandligi taʼminlangan.

Hududda yashillikni asrash va koʻpaytirishga ham eʼtibor kuchaytirilgan. Shu maqsadda 2022 yilda ekobogʻ tashkil etilgan. Qariyb 4,5 ming tup daraxtga ega ushbu bogʻ bugun keksayu yosh uchun sevimli dam olish maskaniga aylangan. Shuningdek, mahallada ijtimoiy muhitni mustahkamlashga xizmat qilayotgan “Nuroniylar maskani” ham faoliyat koʻrsatmoqda.

Davlat rahbari mahallada xavfsiz muhitni taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi. Bugun turar joylar kirish qismlari kuzatuv kameralari va qoʻriqlash pultlari bilan jihozlangan. Hududga kirib-chiquvchi shaxslar va avtotransport vositalari zamonaviy texnologiyalar asosida nazorat qilib borilmoqda.

“Pavilion” savdo majmuasiga investor tomonidan 25 million dollar sarmoya yoʻnaltirilgan. Majmua 4,6 gektar hududda barpo etilgan boʻlib, 42 ming kvadrat metr qurilish ishlari bajarilgan. Hududda 1 ming oʻrinli avtoturargoh ham tashkil etilgan.

– Xalqimizning turmush tarzi yaxshilanib, istaklari ortayapti. Bu kabi savdo majmualarida milliy mahsulotlarimizga koʻproq oʻrin berish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni jalb qilish va logistikani toʻgʻri yoʻlga qoʻyish lozim, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Uch qavatli majmuada savdo doʻkonlari bilan birga keng yoʻlaklar, ochiq va qulay jamoat maydonlari, xaridorlar uchun zamonaviy sharoit yaratilgan. Eng muhimi, bu yerda qurilish materiallari savdosini tarqoq va tirband shakldan chiqarib, tartibli, shaffof va xaridorbop tizim asosida yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan.

Loyihaning yana bir muhim jihati shundaki, 2 ming nafar aholi ish bilan taʼminlandi. Bu yerda 500 ta doʻkondagi qurilish va taʼmirlash uchun zarur mahsulotlarni bir joyda taklif etish imkoniyati yaratiladi. Barcha mahsulotlar va ularning narxi yagona elektron platforma orqali shaffof koʻrinib turadi.

Majmua yiliga 3 milliongacha xaridorga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega boʻladi. Hududda xavfsizlik masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Butun savdo kompleksi 500 ta zamonaviy kuzatuv kamerasi bilan qamrab olingan.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid