Namanganda qurilish boshqarmasining ikki mutaxassisi qoʻlga olindi
Ular ikki qavatli noturar binoning hujjatlarini ijobiy hal etish berish evaziga pora qilishgan.

Namanganda qurilish sohasida korrupsion holat aniqlandi.
Namangan viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasining ikki nafar bosh mutaxassisi oʻzaro til biriktirgan. Ular mahalliy tadbirkorga tegishli boʻlgan, Yangi Namangan tumanida joylashgan 2 qavatli noturar binoning qurilish ruxsatnomasi, arxitektura-rejalashtirish topshirigʻi va loyiha hujjatlarini ijobiy hal qilib berish evaziga 22 ming AQSh dollari talab qilishib, joriy yilning mart oyida 7 ming dollar olishgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda ulardan biri qolgan 15 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Shuningdek, ikkinchi bosh mutaxassis ham protsessual tartibda qoʻlga olindi.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
