“Ilgʻor ijodkor” Prezident mukofoti joriy etiladi
Mukofot sheʼriyat, dramaturgiya hamda bolalar adabiyoti yoʻnalishlarini oʻz ichiga oladi, gʻoliblarga BHMning 200 baravari miqdorida pul mukofoti beriladi.

“Ilgʻor ijodkor” Prezident mukofoti joriy etiladi.
“Yangi Oʻzbekiston yoshlari – 2030” strategiyasini tasdiqlash hamda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–66-son, 20.04.2026 y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2027 yildan har 2 yilda 1 marta 12 avgust – Xalqaro yoshlar kuni arafasida “Avlodlar muloqoti” xalqaro yoshlar kongressi oʻtkaziladi.
2026 yildan har yili sentabr oyida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida milliy urf-odatlarga tayanib, yuksak madaniy-estetik meʼyorlar hamda xavfsizlikni taʼminlagan holda “Yoshlik – hayotning baxtli va oltin davri” shiori asosida umummilliy yoshlar festivalini oʻtkazib borish yoʻlga qoʻyiladi.
2026 yildan kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish yoʻlida fidokorona mehnat qilayotgan yosh ijodkorlarni ragʻbatlantirish maqsadida “Ilgʻor ijodkor” Prezident mukofoti joriy etiladi. Unga koʻra:
- sheʼriyat, dramaturgiya hamda bolalar adabiyoti yoʻnalishlari boʻyicha eng yaxshi yozuvchi va shoirlar mukofotlanadi;
- har bir yoʻnalish boʻyicha gʻoliblar BHMning 200 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
2026 yildan hududlarda taʼlim muassasasi, sport obʼektlari, yoshlar va madaniyat markazi, kutubxona, kinoteatr, konsert-tomosha zali, koʻngilochar saylgoh va bogʻlardan iborat yoshlarga moʻljallangan infratuzilma obʼektlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha minimal standartlar joriy etiladi.
2026–2027 yillarda har bir hududda 1 tadan turizm, gastronomik, yoshlar sayilgohi va savdo-servisga ixtisoslashgan maxsus xizmat koʻrsatuvchi koʻchalarda kutubxona, “book cafe”, kitob doʻkonlari joylashtiriladi.
Kitob sotuvini oyiga 10 mingdan oshirgan tadbirkorlarga 1 mlrd soʻmgacha Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasida 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga ssuda ajratish choralari koʻriladi.
