platina.uz
Siyosat

Prezident Ostonada Mintaqaviy ekologik sammit koʻrgazmasi bilan tanishdi

Oliy martabali mehmonlarga ekologik taraqqiyotning zamonaviy modelini shakllantirishga qaratilgan asosiy tashabbuslarni oʻz ichiga olgan ekspozitsiya taqdim etildi.

Prezident Ostonada Mintaqaviy ekologik sammit koʻrgazmasi bilan tanishdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻistonga amaliy tashrifi dasturi doirasida 22 aprel kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari, Moʻgʻuliston, Ozarbayjon, Gruziya va Armaniston delegatsiyalari rahbarlari bilan birgalikda Ostona shahridagi “EXPO” xalqaro koʻrgazmalar markazida tashkil etilgan Mintaqaviy ekologik sammit koʻrgazmasidagi milliy pavilonlarni borib koʻrdi.

MES-2026 diqqat markazida ekologik siyosatga kompleks yondashuvni aks ettiruvchi sakkizta ustuvor yoʻnalish turibdi: iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, oziq-ovqat xavfsizligi va ekotizimlar barqarorligini taʼminlash, tabiiy xavf-xatarlarga moslashish va iqtisodiy barqarorlikni oshirish, havo ifloslanishini kamaytirish va chiqindilarni samarali boshqarish, ekologik maqsadlarga erishish mexanizmlarini rivojlantirish, tabiiy resurslarni barqaror boshqarish, adolatli va inklyuziv “yashil” oʻtish, ekologik hamda raqamli kompetensiyalarni rivojlantirish. Sammit kun tartibi barqaror rivojlanishning ekologik hamda ijtimoiy-iqtisodiy jihatlarini ham qamrab olgan.

Tadbirda ishtirok etayotgan mamlakatlarning milliy pavilonlarida ularning ushbu yoʻnalishlardagi yutuqlari va kelgusi rejalari namoyish etilmoqda.

Interfaollik va multimedia elementlariga ega koʻrgazma-taqdimot maydoni shaklida barpo etilgan Oʻzbekiston paviloni mamlakatimizning ekologiya, iqlim oʻzgarishi va Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi sohalaridagi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini aks ettiradi. Shuningdek, ekspozitsiya Oʻzbekistonning ekologiya sohasida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qoʻshayotgan hissasini namoyon etadi.

Oliy martabali mehmonlarga ekologik taraqqiyotning zamonaviy modelini shakllantirishga qaratilgan asosiy tashabbuslarni oʻz ichiga olgan ekspozitsiya taqdim etildi. “Chiqindisiz hudud”, “Toza havo”, “Yashil makon”, “Ekomadaniyat”, “Biomeros” va “Ekologik taʼlim” kabi umummilliy loyihalar shular jumlasidan.

Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, eng avvalo, BMT tuzilmalari bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid