platina.uz
Siyosat

Prezident OQXJ kengashi yigʻilishida muhim tashabbuslar bilan chiqdi

Oʻzbekiston yetakchisi Afgʻoniston bilan konstruktiv hamkorlikni mustahkamlash va uni iqlim, ekologiya, qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha mintaqaviy hamkorlikka jalb etish muhimligini taʼkidladi. 

Prezident OQXJ kengashi yigʻilishida muhim tashabbuslar bilan chiqdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 aprel kuni Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi (OQXJ) taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yigʻilishida ishtirok etdi.

Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev raisligida oʻtgan tadbirda Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va OQXJning Ijroiya qoʻmitasi raisi Asxat Orazbay ham qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, Qozogʻistonning 2023-2026 yillarda OQXJga raisligining natijalari sarhisob qilinib, Orol dengizi havzasida ekologiya, suv resurslarini boshqarish va ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilashning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqida Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi noyob mintaqaviy tuzilma sifatida faoliyat yuritib kelayotganini, Markaziy Osiyoda suv taqchilligining kuchayishiga sabab boʻlayotgan iqlim oʻzgarishlari va suv isteʼmoli koʻpayib borayotgan sharoitda uning roli va ahamiyati yanada ortayotganini taʼkidladi.

– Ekspertlarning baholariga koʻra, 2040 yilga borib, Orol dengizi havzasida suv resurslari taqchilligi deyarli ikki barobar – yiliga 20 milliard kub metrgacha oshishi mumkin. Bu ichimlik suvi taʼminoti, ekologiya, agrar sektor, energetika va ijtimoiy barqarorlik uchun qoʻshimcha xavf-xatarlarni yuzaga keltiradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shunday bir paytda mintaqa mamlakatlari suv resurslaridan foydalanish samaradorligi boʻyicha eng quyi oʻrinlarni egallab turibdi. Qishloq xoʻjaligida bir dollar miqdoridagi qoʻshilgan qiymatni yaratish uchun mamlakatlarimiz deyarli uch kub metr suv sarf etmoqda, dunyoda esa bu koʻrsatkich oʻrtacha ikki barobar kam.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonda suvdan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarga batafsil toʻxtalib oʻtdi. Qisqa muddatda Oʻzbekistondagi barcha sugʻoriladigan yerlarning 60 foizida suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etildi, irrigatsiya tarmoqlarini betonlash 40 foizga yetkazildi. Nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish hisobiga suv xoʻjaligida energiya isteʼmoli qariyb 30 foizga qisqartirildi.

Olti yuz mingdan ortiq suvdan foydalanuvchilar va 4 million gektardan ziyod sugʻoriladigan yerlarni qamrab oladigan yagona raqamli maʼlumotlar bazasi shakllantirilmoqda.

Mazkur loyihalar amalga oshirilishi tufayli har yili 10 milliard kub metrdan ortiq suv resurslarini tejash taʼminlanmoqda. 2030 yilga borib esa bu koʻrsatkich 15 milliard kub metrni tashkil etadi.

Ushbu chora-tadbirlarning barchasi kompleks va izchil xarakterga ega boʻlib, oʻtgan yili qabul qilingan Suv kodeksida oʻz ifodasini topgan.

Mamlakatimiz yetakchisi Oʻzbekiston jamgʻarmani mintaqaviy integratsiyaning muhim drayverlaridan biriga aylantirishga erishishni maqsad qilganini bildirdi. Shu munosabat bilan Oʻzbekistonning kelgusi yildan boshlanadigan OQXJga raisligi davridagi ustuvor yoʻnalishlarga toʻxtalib oʻtdi.

Avvalo, jamgʻarmaning faoliyatini rivojlantirish va modernizatsiya qilish, uning tuzilmasi va shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirish zarurligi qayd etildi. Jamgʻarma organlarining vakolatlarini kengaytirish, ularning maqomi va masʼuliyatini oshirish boʻyicha takliflar qoʻllab-quvvatlandi.

Qirgʻizistonning Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi faoliyatidagi toʻlaqonli ishtiroki qayta tiklanishiga umid bildirildi. Bu jamgʻarmaning yanada mutanosib va uzoq muddatli qarorlar qabul qilishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston yetakchisi OQXJ kun tartibini Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari qarorlari bilan uygʻunlashtirishga chaqirdi. Maslahat uchrashuvlari davomida oliy darajada kelishilgan barqaror rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlari jamgʻarmaning tarmoq mexanizmlari orqali ham amaliyotga tatbiq etilishi mumkinligi taʼkidlandi.

Jamgʻarma dastur va loyihalari samaradorligini oshirish muhimligi qayd etildi. Shu munosabat bilan Orol dengizi havzasi boʻyicha toʻrtinchi dastur ijrosi monitoringiga samaradorlikning muhim koʻrsatkichlarini kiritish taklif qilindi. Bu ijobiy oʻzgarishlarni kuzatish, muammoli jihatlarni aniqlash hamda xalqaro hamkorlardan qoʻshimcha mablagʻlar va texnik koʻmak jalb etishga yordam beradi.

Ustuvor dasturlar uchun mavjud taʼsirchan moliyalashtirish vositalaridan foydalanish zarurligi taʼkidlandi. Xususan, BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik trast fondining mandati va geografik qamrovini butun Orol dengizi havzasiga kengaytirish imkoniyatini koʻrib chiqish taklifi bildirildi.

– Bu barcha davlatlarimiz hududida hayotiy muhim ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun maqsadli investitsiyalarni yoʻnaltirish imkonini beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

OQXJ va boshqa mintaqaviy tuzilmalar oʻrtasida faol hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalasining dolzarbligiga urgʻu berildi. Jamgʻarma suv-energetika masalalari, muzliklar va togʻ ekotizimlarini saqlash, iqlim oʻzgarishiga moslashish, choʻllanishga qarshi kurashish boʻyicha samarali mintaqaviy platformalar bilan amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi zarur. Bunga misol sifatida jamgʻarmaga Toshkentdagi Yashil universitet qoshidagi Choʻllanishga qarshi kurashish markazi bilan hamkorlikda maqsadli loyihalarni amalga oshirish taklif etildi.

Oʻzbekiston Prezidenti xalqlarimizning suvga hayot manbai sifatida ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish borasidagi koʻp asrlik anʼanalarini qayta tiklash zaruratiga alohida eʼtibor qaratdi.

– Koʻrinib turibdiki, agar jamiyatning suvga boʻlgan munosabati oʻzgarmasa, hech qanday muhandislik yechimlari kutilgan samarani bermaydi. Uzluksiz taʼlim tizimi orqali – maktabgacha taʼlim darajasidan to mutaxassislarni tayyorlashgacha – suvdan oqilona foydalanishni har bir kishining kundalik odatiga, umumiy madaniy kodimizga aylantirishga intilishimiz lozim, – dedi davlatimiz rahbari.

Shuningdek, asosiy qismi fermerlar va sanoatchilarni suvni tejovchi zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga amaliy jihatdan oʻrgatadigan “Kelajak suvi” mintaqaviy dasturini ishga tushirish taklif etildi.

Oʻzbekiston yetakchisi Afgʻoniston bilan konstruktiv hamkorlikni mustahkamlash va uni iqlim, ekologiya, qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha mintaqaviy hamkorlikka jalb etish muhimligini taʼkidladi. Bugungi kunda Afgʻonistonda qirgʻoqlarni mustahkamlash va melioratsiya ishlarini olib borish uchun xalqaro donorlarning moliyaviy mablagʻlarini jalb etish dolzarbdir.

Istiqbolda Orol havzasidagi barcha mamlakatlar, shu jumladan, Afgʻonistonning huquq va majburiyatlarini hisobga olgan holda suv resurslarini taqsimlash boʻyicha mintaqaviy shartnomaviy-huquqiy bazani shakllantirish zarur.

Davlatimiz rahbari soʻzining yakunida 2026-2036 yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish boʻyicha amaliy harakatlar oʻn yilligi” deb eʼlon qilish va mintaqa mamlakatlarida Suv haftaliklarini muntazam oʻtkazib borishga qaratilgan tashabbuslar amalga oshirilishining qoʻllab-quvvatlanishiga umid bildirdi.

Oʻzbekiston Prezidenti qoʻshni mamlakatlar yetakchilarini shu yilning sentabr oyida Samarqandda boʻlib oʻtadigan Suvni tejash boʻyicha butunjahon forumida ishtirok etishga yana bir bor taklif etdi.

OQXJ yigʻilishida Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari ham soʻzga chiqdilar.

Tadbir yakunida yetakchilar Ostona bayonotini, Qozogʻiston raisligining borishi toʻgʻrisida, 26 martni Xalqaro Orol dengizi, Amudaryo hamda Sirdaryo kuni deb eʼlon qilish toʻgʻrisida hamda Oʻzbekiston yetakchisini 2027-2029 yillarda jamgʻarma prezidenti etib saylash toʻgʻrisidagi qarorlarni imzoladilar.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid