Prezident “Markaziy Osiyo toza havosi” konsorsiumi tuzishni taklif etdi
Biologik xilma-xillikni saqlash uchun “Markaziy Osiyo Qizil kitobi”ni ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostonadagi Mintaqaviy ekologik sammitda nutq soʻzladi.
Bugungi kunda ekologik muammolarni global iqlim oʻzgarishlaridan ayri holda koʻrib chiqib boʻlmaydi.
Global isish surʼatlarining tezlashishi davom etmoqda, Markaziy Osiyo mintaqasida esa harorat ikki barobar tezroq koʻtarilmoqda. Mintaqa muzliklarining qariyb uchdan bir qismi yoʻqoldi, yogʻingarchilik tartibining beqarorligi kuzatilmoqda, suv resurslari tanqisligi ortib bormoqda. Yer maydonlarining 80 million gektari allaqachon degradatsiyaga uchradi.
Markaziy Osiyo davlatlari atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarini mintaqaviy hamkorlikning eng muhim ustuvor yoʻnalishi darajasiga koʻtarishga muvaffaq boʻldi. “Markaziy Osiyo uchun yashil kun tartibi” mintaqaviy dasturi, Iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha mintaqaviy strategiya hamda Barqaror rivojlanish uchun atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha mintaqaviy dastur bunday sheriklikka misol boʻla oladi.
Prezident nutqida bir qator aniq takliflarni taqdim etdi, jjumladan:
"Birinchi. Atmosfera havosining sifati yomonlashayotgan sharoitda “Markaziy Osiyoning toza havosi” davlatlararo konsorsiumini taʼsis etish mintaqa aholisi salomatligini himoya qilishda muhim qadam boʻladi deb hisoblayman.
Konsorsium sanoatni modernizatsiya qilib, havoga chiqarilayotgan zararli moddalar uchun tozalash tizimlarini joriy etadigan “yashil” moliyalashtirishning qoʻshma operatoriga aylanishi mumkin.
Ikkinchi. Oʻzbekistondagi Yashil universitet huzurida faoliyat yuritayotgan Choʻllanishga qarshi kurashish, qurgʻoqchilikning oldini olish hamda qum va chang boʻronlari haqida barvaqt ogohlantirish markaziga mintaqaviy maqom berishni taklif etaman.
Markaz bazasida ilmiy salohiyatni birlashtirish yerlarning degradatsiyasi hamda tuz va changli boʻronlarni monitoring qilish boʻyicha kuchli tizimni yaratish imkonini beradi.
Uchinchi. Texnologik oʻtish jarayonlarini tezlashtirish uchun “Markaziy Osiyo yashil savdo yoʻlagi”ni shakllantirishni taklif etaman.
Imtiyozli bojxona tartiblarini joriy etish va ekomahsulotlar uchun sertifikatlarni oʻzaro tan olish ishlab chiqarishni jadal modernizatsiya qilish va mahsulotlarimizning raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.
Toʻrtinchi. Markaziy Osiyo iqlim loyihalarining yagona investitsiya portfelini yaratish keyingi qadam boʻlishi kerak.
Bu bizga tarqoq tashabbuslar bilan emas, balki mintaqani rivojlantirish boʻyicha yaxlit strategiya bilan harakat qilish imkonini beradi. Bu esa, oʻz navbatida, uni amalga oshirish uchun sheriklarimizda qiziqishni kuchaytiradi.
Beshinchi. Markaziy Osiyo atrof-muhitidagi oʻzgarishlarning yagona mintaqaviy atlasini yaratish ham mintaqamiz kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega.
Aminmanki, bu atlas mintaqadagi choʻllanish, tuproq degradatsiyasi jarayonlari va suv resurslari holati dinamikasini yaqqol ifoda etadigan fundamental ilmiy-tahliliy bazaga aylanadi.
Oltinchi. Biologik xilma-xillikni saqlash uchun “Markaziy Osiyo Qizil kitobi”ni birgalikda ishlab chiqishni taklif etamiz. Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Toshkentdagi mintaqaviy ofisi bu ishda muvofiqlashtiruvchi boʻlishi mumkin.
Mintaqa “Qizil kitob”i yoʻqolib borayotgan turlarning shunchaki roʻyxatidan iborat boʻlib qolmasdan, sohada hamkorlikdagi ishimiz uchun amaliy platformaga aylanishi lozim.
Yettinchi. Iqlim kun tartibi va ekologik madaniyatni ilgari surish uchun ekologik taʼlim va yoshlarni faol jalb etish juda muhim. Shu maqsadda Bokuda boʻlib oʻtgan COP-29 anjumani davomida mamlakatlarimiz yoshlari ishtirokida Ekologiya boʻyicha maslahat qoʻmitasi tuzilgan edi. Ushbu qoʻmita platformasida 2027 yilda Oʻzbekistonda Butunjahon yoshlar iqlim forumini oʻtkazishni taklif etaman.
Sakkizinchi. Ekologik kun tartibini ilgari surish doirasida shu yilning 31 may – 5 iyun kunlari Samarqandda Global ekologik fondning sakkizinchi assambleyasi, sentabr oyi oxirida esa Suvni tejash boʻyicha butunjahon forumi boʻlib oʻtadi", deya taʼkidlaydi Oʻzbekiston rahbari.
Bugun qabul qilinayotgan hujjatlarning hayotga toʻliq tatbiq etilishi nafaqat tabiatdagi kuchayib borayotgan xavf-xatarlarga samarali moslashish, balki ularni texnologik yangilanish, iqtisodiy oʻsish va ijtimoiy barqarorlikning kuchli omiliga aylantirish imkonini beradi, deyiladi prezident nutqida.
