JSST rahbari: "Ziroat Mirziyoyeva bolalar saratoniga qarshi kurashda chinakam yetakchi"
Tedros Gebreyesus Ziroat Mirziyoyeva bilan Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrif buyurdi.

JSST rahbari Tedros Gebreyesus Oʻzbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyevaning bolalar saratoniga qarshi kurash va ularning hayotini yaxshilashdagi rolini eʼtirof etdi.

Tedros Gebreyesus “Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva bilan Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrif buyurdi.
JSST rahbari Birinchi xonim raisligidagi “Zamin” fondining bolalar onkologiyasi xizmatlarini rivojlantirishdagi muhim oʻrnini alohida qayd etdi.

Xususan, Toshkent shahridagi Respublika bolalar onkologiyasi va gematologiyasi markazi hamda uning negizida va butun mamlakat boʻylab faoliyat yuritayotgan “Mehrli maktab” loyihasi orqali shifoxonalarda bemor bolalarga uzluksiz taʼlim berish tizimi yoʻlga qoʻyilganini yuqori baholadi.

Tedros Gebreyesus imkon qadar koʻproq bolalar shifo topishiga – saraton kasalligini yengib oʻtishiga koʻmaklashish maqsadida mintaqaviy va xalqaro sheriklar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini, bu boradagi tashabbuslarni doimiy qoʻllab-quvvatlashda davom etishini bildirdi.
