platina.uz
Tahlil

Hormuz boʻgʻozi: muqobil yoʻllar

Muammoni hal qilishga urinish kuchaygan boʻlsa-da, asosiy savol ochiq qolmoqda: dunyo bu xavfni nazorat ostida ushlab tura oladimi yoki yangi beqarorlik davri boshlanadimi?

Hormuz boʻgʻozi: muqobil yoʻllar
Fotokollaj: Platina.uz

Soʻnggi paytlarda Hormuz boʻgʻozi nafaqat transport arteriyasi, balki siyosiy bosim vositasi sifatida ham koʻrilmoqda. Eron atrofidagi keskinlik kuchaygan sharoitda uning ahamiyati yangi sifat kasb etmoqda. Hormuz ehtimoliy inqiroz triggeriga aylanmoqda, uning ochilishi butun mintaqa chegarasidan ancha uzoq oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Energetik qaramlik va zaiflik

Hormuz boʻgʻozi orqali kuniga taxminan 17-20 million barrel neft oʻtadi, bu esa jahon isteʼmolining qariyb beshdan bir qismini tashkil etadi. Shuningdek, ushbu yoʻnalish orqali, ayniqsa Qatardan, suyultirilgan tabiiy gazning katta qismi tashiladi.

Oʻtgan 2 oy davomida Eron va AQSh-Isroil oʻrtasidagi qurolli mojaro ortidan Eron oxirgi va eng samarali “qarta”sini oʻrtaga tashladi: boʻgʻozni yopib qoʻydi. Bu jahondagi siyosiy va iqtisodiy manzaraga ulkan salbiy taʼsir koʻrsatdi.

Xususan, Abu-Dabi neft kompaniyasi ADNOC rahbari taʼkidlaganidek, Hormuz boʻgʻozining 50 kunga yopilishi jahon bozorlariga taxminan 600 million barrel neft yetkazib berishning buzilishiga olib kelgan.

Eronning Hormuz boʻgʻozini yopib qoʻyishi neft narxlarini oshirib yubordi. Maʼlumot oʻrnida, bu faqat Rossiya uchun foyda keltirdi. Moskva neft safdosidan qariyb 100 millird dollar qoʻshimcha daromad koʻrgani aytilyapti. Bu esa Rossiya armiyasi yanada kuchayishiga va Ukraina mustaqilligi uchun xavf tugʻdirishi aniq.

Boʻgʻozning hatto qisman blokada qilinishi ham jahon iqtisodiyotida zanjirli reaksiyaga sabab boʻlyapti. Birinchi navbatda, neft narxi keskin oshib ketdi. Ayrim baholashlarga koʻra, shu ketishda barrel narxi 120-150 dollar, ekstremal holatlarda esa 200 dollargacha chiqishi mumkin.

Ikkinchidan, eng koʻp zarar koʻradigan davlatlar – Xitoy, Hindiston va Yaponiya boʻlib, ularning energiya importining katta qismi shu yoʻldan oʻtadi. Hatto AQSh boʻgʻozdagi vaziyatdan Xitoyga bosim oʻtkazish uchun foydalanmoqda, degan qarashlar ham mavjud.

Uchinchidan, energiya narxining oʻsishi global inflyatsiyaga olib keladi – transport xarajatlari, oziq-ovqat narxlari va ishlab chiqarish qiymati oshadi. Moliyaviy bozorlarda beqarorlik kuchayadi.

Samarasiz muzokaralar

Albatta, tomonlar urush hal qila olmagan jihatlarni diplomatik yoʻl bilan hal qilishga intilmoqda.

Lekin Pokistonda 11-12 aprel kunlari oʻtkazilgan muzokaralar natija bermadi. Eron oʻz yadroviy dasturidan voz kechmasligini va boʻgʻoz ustidan monopol nazoratni qoʻldan bermasligini maʼlum qildi. Bunga javoban AQSh ham boʻgʻozni blokada qildi. Hatto Tramp boʻgʻozdan oʻtadigan kemalar mansub davlatlarga 50 foizlik boj kiritish bilan tahdid qildi.

AQSh blokadasi Eron iqtisodiyoti uchun ham xavf tugʻdirishi bois, Tehron tomoni talablarini yumshatib, yana boʻgʻozni ochishga majbur boʻldi. Lekin tuzilgan muvaqqat sulh talablari AQSh tomonidan buzilayotganini, xususan Eron yaratgan va moliyalashtiruvchi “Hizbulloh” jangarilariga qarshi hujumlarni bahona qilib, yana boʻgʻozni yopdi. Keyinchalik kemalarga suv yoʻlagining Ummon tarafidan oʻtishiga ruxsat berishi va xavfsizlik uchun masʼuliyatni ushbu davlatga yuklash talabi bilan chiqdi. Biroq shunda ham harbiy kemalarni oʻtkazmasligini maʼlum qildi.

Ayni paytda muzokaralar uchun diplomatik eshiklar ochiq. Lekin Tehron Islomobodda muzokaralarning ikkinchi raundi oʻtkazilishi haqidagi xabarlar haqiqatga toʻgʻri kelmasligini bildirdi. Eron tomonining fikricha, AQShning ortiqcha talablari, noreal va asossiz shartlari, pozitsiyalarining doimiy oʻzgarishi, ziddiyatli bayonotlari, shuningdek, kelishilgan oʻt ochishni toʻxtatish shartlarining buzilishi sifatida baholanayotgan davom etayotgan dengiz blokadasi va tahdidli ritorika hozirgacha muzokaralar taraqqiyotiga toʻsqinlik qilib kelmoqda. Bunday sharoitda samarali muzokaralar uchun aniq istiqbol koʻrinmayapti.

Eron omili: asimmetrik taʼsir strategiyasi

Eronga boʻgʻozning shimoliy sohilini nazorat qilish imkoniyatidan asimmetrik tiyib turish strategiyasi doirasida faol qoʻllayapti. Qiziq jihati shundaki, Eron boʻgʻozni amalda yopishga intilmaydi. Aksincha, u nazorat qilinuvchi noaniqlik holatini saqlab turadi. Blokada ehtimoli sanksiyalar va yadroviy dastur atrofidagi muzokaralarda bosim vositasi sifatida qoʻllaniladi. Bu strategiya Eronga ochiq toʻqnashuv chegarasidan oʻtmasdan turib global bozorlarga taʼsir koʻrsatish imkonini beradi.

Zero, Hormuz ustidan nazorat Tehron uchun imkoniyat bilan birga xavf hamdir. Eron iqtisodiyoti neft eksportiga bogʻliq boʻlib, uning katta qismi shu yoʻl orqali oʻtadi. AQSh blokadasi Tehronni tashvishga solib qoʻygani buning isbotidir.

Lekin Hormuzdagi xavfsizlik masalasi tashqi kuchlar ishtirokisiz hal qilinmaydi. AQSh bu hududda navigatsiya erkinligini taʼminlashga intiladi. Asosiy muammo esa Eronning qaysarligi ham emas, balki u joylashtirib tashlagan mingdan ziyod dengiz minalarining mavjudligidir. Ularni zararsizlantirishga hatto Tehronning ham qurbi yetmaydi. Hozirda amerikalik harbiylar minadan tozalash ishlarida ham kemalardan, ham dronlardan foydalanmoqda.

Huquqiy meʼyorlar va muqobil yoʻllar

Eron tomonidan boʻgʻozning yopilishi 1994 yilda kuchga kirgan, 168 ta davlat hamda Yevropa Ittifoqi aʼzolari imzolab, ratifikatsiya qilgan “Dengiz huquqi boʻyicha BMT konvensiyasi” talablarini buzmoqda. Bunday qadamlar xavfli peretsendent yaratishi ham mumkin. Masalan, Turkiya nazoratidagi Bosfor va Dardanell boʻgʻozlaridan erkin oʻtishni kafolatlovchi Montre shartnomasining amal qilish muddati 2023 yilda tugagan edi. Eronning xalqaro huquq qoidalarini buzishi, Hormuzni yopib, oʻtadigan kemalardan pul undirishga urinishi Turkiya uchun ham “yuqumli” trigger boʻlishi mumkin.

Albatta, vaziyatni yengillashtirish yoʻllari mavjud. Diplomatik muzokaralar, energetik diversifikatsiya hamda xalqaro hamkorlik shular jumlasidandir.

Ammo muqobil tashuv yoʻllarini yaratishga ustuvorlik berilmoqda. Bu rejalar amalga oshsa, Eron rejimining siyosiy shantaj quroli taʼsiri kamayishi mumkin.

Masalan, Tramp hukumati yadro qurolini ishga solib, Arabiston yarim oroli sahnida yangi yoʻlakni qazishni taklif qildi. Shuningdek, Qizil dengiz orqali tashuvlarni kuchaytirish masalasi ham koʻrilmoqda.

Shu bilan birga, Turkiya hukumati asosan quruqlik orqali oʻtuvchi ikkita savdo yoʻlagini faol tarzda ilgari surmoqda. Ulardan biri bevosita Fors koʻrfazi davlatlarining energiya resurslari va oʻgʻitlarini Hormuzni aylanib oʻtgan holda eksport qilishga moʻljallangan.

Birinchi yoʻlak – “Oʻrta yoʻlak” boʻlib, u transevroosiyo transport arteriyasi hisoblanadi. U Yevropa va Osiyo oʻrtasidagi har yili 3 trillion dollarlik savdoning bir qismini qamrab olishi mumkin (bu savdoning 90 foizi hozirda dengiz orqali amalga oshiriladi) hamda yetkazib berish muddatini 40 kundan 12-15 kungacha qisqartirish imkonini beradi.

Ikkinchi loyiha – “Taraqqiyot yoʻli” boʻlib, u qiymati 17-25 milliard dollarlik infratuzilma qurilishini nazarda tutadi. Ushbu loyiha Iroqning Basra portini Turkiya va Yevropa bilan 1200 kilometrlik avtomobil yoʻllari, temir yoʻllar va quvurlar tarmogʻi orqali bogʻlashni koʻzda tutadi. Bu esa Fors koʻrfazi davlatlariga Hormuz boʻgʻozini va amalda eronparast xusiylar nazoratida boʻlgan Qizil dengizni aylanib oʻtish imkonini beradi.

Hozircha “Taraqqiyot yoʻli” loyihasi konsepsiya bosqichida qolmoqda, biroq Oʻrta yoʻlak qurilishi Turkiya va Ozarbayjonda allaqachon faol davom etmoqda. Uning oʻtkazuvchanlik quvvatini 5 million tonnagacha boʻlgan hajmdan 20 million tonnagacha oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Ozarbayjon prezidenti BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasining 82-sessiyasi ishtirokchilariga yoʻllagan murojaatida hozirgi geosiyosiy sharoitda “Oʻrta yoʻlak”ning ahamiyati ortib borayotganini taʼkidladi. U Zangezur yoʻlagi Osiyoni Yevropa bilan bogʻlab, mintaqaviy aloqalarning yanada rivojlanishiga xizmat qilishini taʼkidladi. Taʼkidlash kerak, Eron qarshi chiqayotgan bu yoʻlak Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Oʻzbekiston uchun ham Yevropaga chiqish yoʻli hisoblanadi.

Xulosa

Hormuz boʻgʻozi zamonaviy dunyo tizimining eng nozik nuqtalaridan biri boʻlib qolmoqda. U nafaqat resurslar yoʻli, balki siyosiy bosim vositasiga ham aylanmoqda. Muammoni hal qilishga urinish kuchaygan boʻlsa-da, asosiy savol ochiq qolmoqda: dunyo bu xavfni nazorat ostida ushlab tura oladimi yoki yangi beqarorlik davri boshlanadimi?..

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid