Toshkent viloyatida 11 mansabdor shaxs lavozimidan ozod etildi
Aholi murojaatlariga masʼuliyatsizlik bilan qaragan, takroriy murojaatlar koʻpayishiga sabab boʻlgan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar koʻrildi.

Toshkent viloyatida 11 mansabdor shaxs lavozimidan ozod etildi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Shu yilning 13 mart kuni Prezident raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish hamda jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish boʻyicha muhim topshiriqlar berilgan edi.
Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida, joriy yilning 30 mart kuni Toshkent viloyati hokimi rahbarligida tanqidiy ruhda yigʻilish oʻtkazildi. Ayni paytda mazkur yigʻilishdan olingan ayrim kichik lavhalar ijtimoiy tarmoqlarda aylanmoqda.
Ularda viloyat hokimi aholi murojaatlariga bepisand munosabatda boʻlgan, ular ijrosida oʻziboʻlarchilikka yoʻl qoʻygan masʼullarga lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan qatʼiy choralar koʻrish taklifini ilgari surgan edi.
Aholi murojaatlariga masʼuliyatsizlik bilan qaragan, takroriy murojaatlar koʻpayishiga sabab boʻlgan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar koʻrildi.
Xususan, 11 nafar masʼul mansabdor shaxs lavozimidan ozod etildi.
Boʻka tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari – tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi;
Yangiyoʻl tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari – tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi;
Oʻrta Chirchiq tumani hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari shular jumlasidandir.
Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi murojaatlar bilan ishlash boʻyicha bosh mutaxassisi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Toshkent viloyati boshqarmasi tashkiliy-nazorat va axborot tahlil boʻyicha bosh mutaxassisi; Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish shoʻbasi bosh mutaxassisi; Toshkent viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi maxsus boʻlim bosh mutaxassisi; Toshkent viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi ijro intizomi va murojaatlar bilan ishlash boʻlimi yetakchi mutaxassisi; Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumani, Nurafshon va Yangiyoʻl shaharlaridagi Xalq qabulxonalarining yetakchi mutaxassislari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari ham bekor qilindi.
8 nafar mansabdor shaxsga intizomiy jazo qoʻllandi:
Xususan:
Yangiyoʻl shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari – shahar iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi;
Ohangaron shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari – shahar iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi;
Ohangaron shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari;
Olmaliq shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari;
Chirchiq shahar hokimligi ijro apparati rahbariga “Hayfsan” berildi.
Zangiota tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari – tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi;
Boʻstonliq tumani hokimligi moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha bosh mutaxassisi;
Angren shahar hokimligi murojaatlar bilan ishlash boʻyicha yetakchi mutaxassisiga Oylik ish haqining 30 foizi miqdorida jarima qoʻllandi.
Shuningdek, Oʻrta Chirchiq tumani hokimining investisiyalar, sanoat va savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Piskent tumanidagi Xalq qabulxonasi yetakchi mutaxassisi faoliyatida sustkashlikka yoʻl qoʻygani uchukn qatʼiy ogohlantirildi.
