platina.uz
Jamiyat

Shavkat Mirziyoyev JSST rahbarini qabul qildi

Milliy sogʻliqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish va mustahkamlash borasidagi hamkorlikni rivojlantirish muhokama etildi. 

Shavkat Mirziyoyev JSST rahbarini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 aprel kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesusni qabul qildi.

Ushbu nufuzli tashkilot bilan milliy sogʻliqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish va mustahkamlash borasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Keyingi yillarda JSST bilan hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani taʼkidlandi. Sogʻliqni saqlash sohasidagi keng koʻlamli va tizimli islohotlar tashkilotning ekspert-maslahat koʻmagi hamda uning xalqaro standartlari va tavsiyalarini hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda.

Hamkorlik doirasida sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirishga qaratilgan bir qator strategik hujjatlar ishlab chiqildi. Malakali tibbiyot xodimlari tayyorlanmoqda, birlamchi tibbiy-sanitar yordam, diagnostika va kasalliklar profilaktikasi tizimlari takomillashtirilmoqda, davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy etilmoqda.

JSST bosh direktori mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, aholining tibbiyot xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, umr koʻrish davomiyligini uzaytirish, onalar oʻlimini kamaytirish va raqamli tibbiyotni rivojlantirish borasida erishilgan salmoqli natijalarni alohida eʼtirof etdi.

Uchrashuv yakunida farmatsevtika sohasini tartibga solish tizimini takomillashtirish, sogʻliqni saqlash sohasida raqamli yechimlar va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish kabi ustuvor sohalarda amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda qoʻshma tadbir va tadqiqotlar oʻtkazish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid