platina.uz
Jamiyat

Prezident yer toifasini oʻzgartirish jarayonlari haligacha qogʻoz shaklida ekanini tanqid qildi

Yerlar auksion orqali ajratilayotgan boʻlsa-da, ijarachilarning undan foydalanishdagi mustaqilligi hali yetarli emas. Shu sababli 117,6 ming gektar yer hozirgacha sotilmasdan turibdi. 

Prezident yer toifasini oʻzgartirish jarayonlari haligacha qogʻoz shaklida ekanini tanqid qildi
Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yer resurslaridan yanada samarali foydalanishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Soʻnggi besh yilda mamlakatimizda yer munosabatlarini isloh qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, yer ajratish vakolati hokimlardan olinib, yer uchastkalarini auksion orqali realizatsiya qilish tartibi joriy etildi. Shu davrda 616,3 ming gektar yer auksion orqali ajratildi, byudjetga 1,4 trillion soʻm tushum taʼminlandi.

Eng muhimi, yerning haqiqiy egasi paydo boʻlishi natijasida har bir gektardan olinayotgan daromad 3 karra oshib, 50-60 million soʻmga yetgan. Bugun ushbu yerlarda har yili 539 trillion soʻmlik mahsulot yetishtirilib, 2,1 milliard dollarlik eksport amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, sohada hal etilishi lozim boʻlgan qator masalalar ham borligi koʻrsatib oʻtildi.

Jumladan, yerlar auksion orqali ajratilayotgan boʻlsa-da, ijarachilarning undan foydalanishdagi mustaqilligi hali yetarli emas. Shu sababli 117,6 ming gektar yer hozirgacha sotilmasdan turibdi.

Shu bois qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni ijaraga berishning yangi tizimini joriy etish, joriy yilda yana 100 ming gektar yerni yangi tartib asosida auksionga chiqarish rejalashtirilgan. Bu borada, ayniqsa, yerdan foydalanishda iqtisodiy ragʻbatlarni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Oʻtgan yili vodiy viloyatlari, Jizzax, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpogʻistonda sotilgan yerlarda ekinlarni mustaqil joylashtirish boʻyicha joriy etilgan tajriba yaxshi samara bergani taʼkidlandi. Xususan, 2025 yilda 20 ming gektar yerning 16 ming gektarida tadbirkorlar oʻzlari tanlagan yuqori daromadli va eksportbop ekinlarni ekib, 150 million dollarlik eksport uchun zamin yaratgan. Endi ushbu tajribani kengaytirish, yerdan foydalanuvchilarga yanada koʻproq iqtisodiy erkinlik berish muhimligi qayd etildi.

Sanoatlashgan plantatsiya va chorvachilik loyihalari uchun 50 gektardan 500 gektargacha yer uchastkalarini auksionga chiqarish, shu asosida joriy yilning oʻzida har bir viloyatda kamida 5 tadan yirik loyihalarni boshlash belgilandi. Ushbu loyihalar uchun suv va elektr taʼminoti xarajatlarini qoplab berish, 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha arzon kreditlar ajratish, kredit foiz stavkalarini kompensatsiya qilib berish, yetishtirilgan mahsulotni qadoqlash xarajatlarining 50 foizgacha qismini subsidiyalash kabi qator moliyaviy qoʻllab-quvvatlash joriy etilishi taʼkidlandi.

Taqdimotda yerdan yuqori daromad olishda ilgʻor xorijiy tajribani, ayniqsa, chet elning zamonaviy agrotexnologiyalarini keng qoʻllash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Shu bilan birga, bu jarayonda milliy manfaatlarni himoya qilish lozimligi qayd etildi.

Xususan, xorijiy investorlarga qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni ijaraga berishning tartibi va shartlari qayta koʻrib chiqiladi. Bundan buyon ularga faqat viloyat hokimliklari huzuridagi direksiyalar orqali, investitsiya miqdori kamida 10 million dollar boʻlgan loyihalar doirasida, yaylov, lalmi va foydalanishdan chiqqan yerlarni aylanmaga qaytarish sharti bilan ikkilamchi ijaraga berish tartibi qoʻllanadi. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi yerlarini olish boʻyicha auksionda faqat mahalliy dehqon va tadbirkorlar ishtirok etishini belgilash lozimligi taʼkidlandi. Mudofaa, chegara, tarixiy-madaniy yerlar va oʻrmon fondi yerlari faqat mamlakatimiz fuqarolariga beriladi. Ayni paytda yerlarni ijaraga berish muddatini barcha turdagi yerlar uchun, shu jumladan sanoat va qurilish loyihalarini amalga oshiradigan chet ellik investorlar uchun ham 49 yil etib belgilash taklif etildi.

Bugungi kunda qariyb 100 ming gektarga yaqin yerning ijara muddati tugagan. Shu munosabat bilan tadbirkorlar ushbu yerlarni qayta auksionga chiqarmasdan, ijara muddatini uzaytirish boʻyicha qulay va shaffof tartib joriy etish zarurligini bildirmoqda. Taqdimotda bu jarayonni davlat xizmatlari markazlari va elektron platformalar orqali amalga oshirish, kadastr, qishloq xoʻjaligi va adliya tizimlarini oʻzaro integratsiya qilish, eʼtirozlar boʻlmagan taqdirda qishloq xoʻjaligi yerlari uchun 30 yilgacha, noqishloq yerlar uchun 49 yilgacha uzaytirish tartibini joriy etish taklif qilindi. Soliq yoki ijara toʻlovidan qarzdorlik, sud nizosi yoki noqonuniy qurilish aniqlangan hollardagina ijara shartnomasi yangi muddatga uzaytirilmasligi belgilanmoqda.

Shuningdek, yer toifasini oʻzgartirish va nobudgarchilik toʻlovlarini hisoblash bilan bogʻliq jarayonlar haligacha qogʻoz shaklida yuritilayotgani tanqid qilindi. Bu esa kelishuv va qaror qabul qilish muddatining choʻzilishiga, investorlar noroziligiga sabab boʻlmoqda. Shu bois barcha jarayonlarni raqamlashtirish, yerdan maqsadli foydalanish, suv samaradorligi va tuproq sifati kabi mezonlar asosida yerdan foydalanish samaradorligini baholash tizimini yoʻlga qoʻyish vazifasi qoʻyildi.

Yerga boʻlgan ijara huquqini moliyaviy vosita sifatida kengaytirish, uni nafaqat tijorat kreditlari, balki lizing, ipoteka va bank kafolatini olish uchun ham garovga qoʻyish imkoniyatini yaratish zarurligi qayd etildi. Yer uchastkasini boʻsh turgan yer sifatida hisobga olish tartibini soddalashtirish, yerlarni qayta ijaraga berishda shartnomalarni haq evaziga yoki tekinga tuzish mumkinligini aniq belgilash, shundan kelib chiqib yer oldi-sotdisiga oid huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik choralarini qayta koʻrib chiqish taklif etildi.

Shu bilan birga, yer nazorati yoʻnalishida javobgarlikni kuchaytirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olish uchun javobgarlikni faqat sugʻoriladigan yerlar uchun emas, qolgan barcha turdagi yer uchastkalariga nisbatan ham tatbiq etish zarurligi taʼkidlandi.

Temir yoʻllari, avtomobil yoʻllari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya obʼektlari, suv inshootlari va tarmoqlarini qurish maqsadlarida yerlarning toifasi oʻzgartirilganda nobudgarchilik toʻlovidan ozod qilish, yer jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilganida toʻlanadigan kompensatsiya toʻlovlarini soliqqa tortmaslik boʻyicha takliflar bildirildi.

Kelgusida qishloq xoʻjaligi yerlari ijarachilariga hududlardagi 13 ta direksiya orqali, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga esa 14 ta investitsiya kompaniyalari orqali xizmat koʻrsatilishi, ushbu tashkilotlar oʻz yoʻnalishlarida davlat organlari va tadbirkorlar oʻrtasida “koʻprik” vazifasini bajarishi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari yer islohotlarini yangi bosqichga olib chiqish, yerdan foydalanish samaradorligini oshirish, tadbirkorlar uchun yanada ochiq va tushunarli tizim yaratish, shuningdek, sohada raqamlashtirishni jadallashtirish boʻyicha mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berdi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid