Isroil va Bolgariyaga yuborish evaziga pul talab qilganlar ushlandi
Qashqadaryolik shaxs ikki fuqaroni Isroilga ishlash uchun yuborish va ishchi vizasini oʻzining tanishlari orqali tayyorlatib berish evaziga 20 ming AQSh dollari soʻragan.

Chet elga ish yuborish bilan bogʻliq noqonuniy holatlar aniqlandi.
Noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida tezkor tadbirlar oʻtkazildi.
Jumladan, Navoiy shahrida faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasi rahbari Xatirchi tumanida yashovchi, 2006 y.t. fuqaroning ishonchiga kirib, barcha hujjatlarni oʻzi tayyorlagan holda, uni Bolgariya davlatiga ishga yuborish evaziga 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Kitob tumanida ham shu kabi holat fosh etildi. Xususan, Toshkent viloyatida yashovchi, 1997 y.t. shaxs 2 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Isroil davlatiga ishlash uchun yuborish va ishchi vizasini oʻzining tanishlari orqali tayyorlatib berish evaziga 20 ming AQSh dollari talab qilgan.
Oʻtkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxs Qashqadaryo viloyatiga borib, soʻralgan pul mablagʻi hisobidan 5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
