"Asakabank"ni xususiylashtirish jadallashtiriladi
Bankning asosiy faoliyatiga taalluqli boʻlmagan va qoʻshimcha yuklangan har qanday faoliyat turi va vazifalar bajarilishi toʻxtatiladi.

“Asakabank” aksiyadorlik jamiyatini xususiylashtirish jadallashtiriladi.
“Asakabank” aksiyadorlik jamiyatini xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–149-son, 20.04.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, barcha bank amaliyotlari bozor (tijorat) tamoyillari, zamonaviy bank amaliyoti va xatarlarni boshqarish tizimi talablaridan kelib chiqqan holda bankning ichki siyosati asosida amalga oshiriladi.
Bankning asosiy faoliyatiga taalluqli boʻlmagan va qoʻshimcha yuklangan har qanday faoliyat turi va vazifalar bajarilishi toʻxtatiladi.
Aktivlar sifatini tahlil qilish natijalarini inobatga olgan holda bank aksiyalarining nominal qiymatini bozor qiymatiga moslashtirishda yuzaga kelgan tafovut uning qoʻshilgan kapitaliga kiritiladi.
Qarorga muvofiq, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) bilan hamkorlikda Asakabank aksiyalarining 15 foizini sotish rejalashtirilgan, bu esa bankka strategik investor kirib kelishini anglatadi va uning boshqaruvi hamda korporativ tizimini xalqaro standartlarga yaqinlashtiradi.
Shuningdek, davlat aktivlarini boshqarish agentligiga 382,6 milliard soʻmlik 4 ta loyiha va ayrim aktivlar oʻtkaziladi, ular keyinchalik xususiylashtirish yoki samarali boshqaruvga berish uchun tayyorlanadi, bu orqali bank balansi “tozalanadi” va investitsiyaviy jozibadorlik oshiriladi.
