Tarixiy voqea: Oʻzbekiston BMTning muhim tuzilmasi aʼzosiga aylandi
Mamlakat oʻz tarixida ilk bor BMTning Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov masalalari boʻyicha komissiyasiga 2027–2029 yillar davriga aʼzo etib saylandi.

Oʻzbekiston Respublikasi BMTning muhim tuzilmasi aʼzosiga aylandi.
Oʻzbekiston oʻz tarixida ilk bor BMTning Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov masalalari boʻyicha komissiyasiga 2027–2029 yillar davriga aʼzo etib saylandi. Saylovlar Nyu-York shahrida, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining (ECOSOC) sessiyasi doirasida boʻlib oʻtdi.
Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy guruhi doirasidagi 4 ta oʻrin uchun beshta davlat — Oʻzbekiston, Xitoy, Yaponiya, Hindiston va Saudiya Arabistoni daʼvogarlik qildi.
Hindiston ovoz berish arafasida oʻz nomzodini qaytarib olgan boʻlsa, Oʻzbekiston nomzodi ECOSOCning barcha aʼzolari tomonidan bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi.
1992 yilda Venada tashkil etilgan ushbu Komissiya jinoyatchilikka qarshi kurashish va qonun ustuvorligini mustahkamlash boʻyicha global siyosatni belgilovchi asosiy organ hisoblanadi. Komissiya tarkibiga AQSh, Buyuk Britaniya va Janubiy Afrika kabi davlatlarning ham saylanishi ushbu tuzilmaning nufuzi naqadar yuqori ekanligidan dalolat beradi. Oʻzbekistonning ushbu organga aʼzo boʻlishi mamlakatimizning xalqaro maydondagi maqomi sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilganini va global kun tartibini shakllantiruvchi subʼektga aylanayotganini koʻrsatadi.
Uch yillik aʼzolik muddati 2027 yil 1 yanvardan boshlanadi va mamlakatimiz uchun bir qator muhim imkoniyatlarni taqdim etadi. Jumladan:
-jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha xalqaro norma va standartlarni ishlab chiqishda faol ishtirok etish;
- huquq ustuvorligini taʼminlash va inson huquqlarini himoya qilishda masʼuliyatli hamkor sifatidagi nufuzni mustahkamlash;
- BMT tuzilmalari va yetakchi xorijiy hamkorlar bilan amaliy munosabatlarni kengaytirish;
- milliy odil sudlov tizimini modernizatsiya qilish uchun xalqaro ekspertlik va texnik koʻmakni jalb qilish.
Ushbu muhim voqea munosabati bilan Oʻzbekistonning Komissiyadagi ishtirokini samarali tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi, unda IIV, Bosh prokuratura, Oliy sud va boshqa organlar uchun aynan ushbu yoʻnalishdagi vazifalar belgilanadi.
Shuningdek, 2026 yil iyun oyida Venada boʻlib oʻtadigan Komissiyaning 35-sessiyasida Oʻzbekiston delegatsiyasining ishtirok etishi va mamlakatimizning ustuvor yoʻnalishlari haqidagi maʼruzasi rejalashtirilgan.
