platina.uz
Jamiyat

Sunʼiy intellekt Oʻzbekistonda daromad va imkoniyatlar tafovutini oshirib yuborishi mumkin

Mamlakat sunʼiy intellekt boʻyicha global reytingda 70-oʻrinni egallab, Markaziy Osiyoda yetakchiga aylangan. Boshqa tomondan, raqamli infratuzilma va imkoniyatlar hali ham teng taqsimlanmagan. 

Sunʼiy intellekt Oʻzbekistonda daromad va imkoniyatlar tafovutini oshirib yuborishi mumkin

Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt rivoji fonida asosiy xavf ommaviy ishsizlik emas, balki daromadlar va imkoniyatlar oʻrtasidagi tafovutning keskin kengayishi boʻlishi mumkin. Bu haqda sunʼiy intellektning ijtimoiy-iqtisodiy taʼsiri boʻyicha tahliliy hujjatda qayd etilgan.

Tahlil Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan eʼlon qilindi.

Tahlilga koʻra, SI texnologiyalaridan samarali foydalana oladigan kasblar tez rivojlanmoqda, zarur koʻnikmalarga ega boʻlmagan qatlam esa ortda qolib bormoqda. Natijada jamiyat ichida daromad va imkoniyatlar tafovuti chuqurlashish xavfi ortadi.

Xalqaro kuzatuvlar ham bu tendensiyani tasdiqlaydi. Xususan, dunyodagi ish oʻrinlarining qariyb 40 foizi sunʼiy intellekt taʼsiriga tushayotgani qayd etilgan. Rivojlangan davlatlarda bu koʻrsatkich 60 foizgacha yetadi. Shu bilan birga, kichik va oʻrta biznesning qariyb uchdan bir qismi allaqachon generativ sunʼiy intellektdan foydalanmoqda va ularning aksariyati ishlab chiqarish samaradorligi oshganini bildirgan.

Ekspertlar fikricha, yaqin yillarda mehnat bozorida katta oʻzgarishlar kutilmoqda: 2030 yilgacha xodimlarning yarmidan koʻpi qayta tayyorlanishga muhtoj boʻladi. Biroq bu jarayondan chetda qoladigan qatlam ham mavjud boʻlib, aynan shu omil kelajakdagi ijtimoiy tabaqalanishni kuchaytirishi mumkin.

Oʻzbekiston misolida esa holat ikki tomonlama baholanmoqda. Bir tomondan, mamlakat sunʼiy intellekt boʻyicha global reyting (Government AI Readiness Index) da 70-oʻrinni egallab, Markaziy Osiyoda yetakchiga aylangan. Boshqa tomondan, raqamli infratuzilma va imkoniyatlar hali ham teng taqsimlanmagan: aholining faqat 66 foizi 4G bilan qamrab olingan, IT sohasida ayollar ulushi esa 11 foiz atrofida.

Shuningdek, mamlakat iqtisodiyotining asosiy tayanchi boʻlgan kichik va oʻrta biznes subʼektlarida texnologik resurslar va malakali kadrlar yetishmasligi kuzatilmoqda. Bu esa sunʼiy intellektdan keng foydalanishni cheklovchi omillardan biri sifatida baholanmoqda.

Mutaxassislar xulosasiga koʻra, agar maqsadli va inklyuziv siyosat yuritilmasa, sunʼiy intellekt bir vaqtning oʻzida iqtisodiy oʻsishni tezlashtirishi bilan birga hududlar, jinslar va kasblar oʻrtasidagi tafovutni yanada chuqurlashtirishi mumkin.

Shu bois qator takliflar ilgari surilgan. Jumladan, mahallalar darajasida fuqarolarga davlat xizmatlari boʻyicha maslahat beruvchi sunʼiy intellekt yordamchilarini joriy etish, innovatsion yechimlarni sinovdan oʻtkazish uchun maxsus “AI Candbox” hududlarini tashkil qilish, ayollar va yoshlar uchun amaliy oʻquv dasturlarini kengaytirish, shuningdek, sunʼiy intellekt sabab daromadi kamaygan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish taklif etilmoqda.

Umuman olganda, sunʼiy intellekt Oʻzbekiston uchun katta iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Biroq ushbu imkoniyatlar barcha qatlamlar uchun teng boʻlmasa, u ijtimoiy tengsizlikni yanada kuchaytiruvchi omilga aylanishi mumkin.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid