“Haj” ziyoratiga yuborish evaziga 26 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
U soʻralgan pul mablagʻidan 6 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

“Haj” ziyoratiga yuborish evaziga 26 ming AQSh dollari talab qilgan shaxs ushlandi.
“Haj” tadbiri Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj vazirligi oʻrtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi.
Lekin, ayrim shaxslar ishonuvchan fuqarolarni aldab, katta pul evaziga ularni Saudiya Arabistoniga olib borish boʻyicha turli xil shubhali takliflarni bildirishlari ham kuzatiladi.
Jumladan, Namangan shahrida yashovchi, 1984 y.t. shaxs Chust tumanida istiqomat qiluvchi 4 nafar fuqaroni “Haj-2026” mavsumida islom dinining asosiy farzlaridan birini ado etish uchun noqonuniy yoʻllar bilan Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 26 ming AQSh dollari talab qiladi.
DXX va IJQKD xodimlari hamkorligida Chust tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u soʻralgan pul mablagʻidan 6 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
