Fanlar akademiyasi prezidenti mansabdorlarning tezkor ilmiy unvon olishini tanqid qildi
Shavkat Ayupov "Rossiyadan koʻchirilgan, plagiat ilmiy ishlar" va "sifatsiz maqolalar"ni ham tilga oldi.

OʻzFA prezidenti Shavkat Ayupov mansabdorlarning “tezkor” ilmiy daraja olishini tanqid qildi. U bu haqda "Jadid" gazetasiga bergan intervyusida gapirgan.
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, Oʻzbekiston Qahramoni Shavkat Ayupov lavozimga oʻtirgan mansabdorlarning qisqa vaqt ichida ilmiy daraja olishi va ilm-fandagi plagiat holatlari haqida keskin fikr bildirdi.
Hozirda ilmiy unvon olganlarning oylik maoshiga ustamalar beriladi. Shavkat Ayupovga koʻra, "olimlarga berilayotgan imkoniyatni suisteʼmol qilish holatlari avj olgan".
Shavkat Ayupov 1997–2003 yillarda Oliy attestatsiya komissiyasi raisi boʻlib ishlagan davri bilan hozirgi holatni solishtirar ekan, himoyalar soni oʻn barobarga oshib ketganini taʼkidladi.
“Koʻp ilmiy ishlar juda yuzaki. Yuzaki boʻlgani ham mayli, plagiat koʻpayib ketdi. Rossiyadan olib, tarjima qilib, himoya qilinganlarni ham koʻrdim. Qoida boʻyicha bunaqalarning diplomini bekor qilish kerak edi, lekin qilishmadi”, deydi olim.
Akademikning fikricha, yuqori lavozimdagi shaxslarning oʻz ishidan ortib, qisqa vaqtda ilm qilishi mantiqqa zid. U oʻzining misolida rahbarlik ishi kitob oʻqishga ham vaqt qoldirmasligini aytib oʻtdi.
“Hozir rahbar kadr boʻldimi, ikki yilda PhD boʻlyapti. Yana ikki-uch yil oʻtmasdan fan doktori boʻlyapti... U rahbar odam qachon ilm qiladi? Katta-katta rahbarlar fan doktori boʻlib ketyapti. Endi ulardan nima foyda fanga? Oʻzim rahbar boʻlib bildim, hatto kitob oʻqishga vaqt yoʻq”
OʻzFA prezidentining taʼkidlashicha, bunday holatlar Oʻzbekiston fani obroʻsiga yomon taʼsir qiladi.
“Internetlarda koʻp chiqadi:" qalbaki" jurnallarda chiqqan eng koʻp maqolalar Oʻzbekistondan. Yoki eng koʻp sifatsiz maqolalar Oʻzbekistondan, deb chiqadi. Bu – bizning fanimiz uchun juda katta sharmandagarchilik-ku”, dedi Shavkat Ayupov.
