Eronni boshqargan turkiy sulolalar
Eron islom fathidan keyin arablar tomonidan boshqarildi. Undan soʻng toʻliq turkiy sulolalar hukmronligi ostida yashadi. Hatto hozir ham Eron hududi turkiy hukmdorlar tomonidan boshqarib kelinmoqda.

Hozirgi Eron hududi – qadimiy sivilizatsiya makoni boʻlib, XVII asrda musulmonlar tomonidan zabt etilgandan soʻng, koʻp asrlar davomida oʻz mustaqilligini yoʻqotgan.
Eron Xalifalik davrida
Hadislarda aytilishicha, Muhammad paygʻambarga Eron shohligini zabt etish bashorati berilgan. Oʻshanda koʻpchilik bunga ishonmagan. Chunki Eron oʻshanda Vizantiya (Rum) imperiyasi bilan kurashayotgan oʻta yirik va qudratli imperiya edi. Qurollanmagan va kichik bir musulmonlar qoʻshinining bunday imperiyani mahv eta olishi afsonadek tuyulgan.
Tarixchilarga koʻra, 628 yildagi Hudaybiya sulhi(kelishuvi)dan soʻng paygʻambar turli qabilalar, podshohlar va oʻsha davr davlatlarining hukmdorlariga maktublar yuborib, ularni islomni qabul qilishga chaqirgan. Bu maktublar elchilar orqali Eron, Vizantiya, Habashiston, Misr, Yaman va Hiroga (Iroq) yetkazilgan.
Musulmon manbalariga koʻra, hijratning 7-yili boshlarida (taxminan 629 yilda) Muhammad paygʻambar oʻz sahobalaridan biri Abdulloh ibn Huzofa as-Sahmiyga Eron podshosi Xusrav II ga maktub yetkazishni topshirgan. Maktubda undan Islom dinini qabul qilish soʻralgan.
Fors podshosi Xusrav II ning bu maktubga munosabati haqida turli rivoyatlar mavjud. Deyarli barcha manbalarga koʻra, u gʻazab bilan maktubni yirtib tashlagan. Bu haqda xabar yetganida, paygʻambar shunday degani rivoyat qilinadi: “Alloh Xusravning mulkini xuddi u mening maktubimni parchalaganidek parchalab tashlaydi”.
Muhammad paygʻambar (s.a.v.) 632 yil iyunda vafot etdi. Abu Bakr Madinada xalifa va siyosiy voris unvonini oldi. Uning davrida boshlangan yurishlar xalifa Umar davrida Soniylar sulolasining yakson qilinishi va fors yerlarining fath etilishi bilan tugadi.
Eronda turkiylar hukmronligining boshlanishi
Ammo Bagʻdod xalifalarining hukmronligi ham susayib borgach, tezda ularning oʻrnini turklar egalladi. Turkiylar keyingi ming yil davomida forslarni boshqarib kelishdi. Bu davr mobaynida koʻplab sulolalar almashdi.
Eron saljuqiylar hukmronligi ostida
Saljuqiylar imperiyasiga 1030-yillarda, Kaspiyorti dashtlaridan kelgan koʻchmanchi oʻgʻuz qabilalari janubiy chegarani yorib oʻtib, gʻarbga yoʻl olgan paytda asos solingan. Ular Vizantiya va Kavkazdagi nasroniy davlatlarni magʻlub etib, salbchilarni dengizga uloqtirdilar hamda bugungi bir qator davlatlar va millatlarning shakllanishiga asos boʻldilar. Bu Sharq tarixidagi eng yaxshi hukmdorlardan deyarli biri edi: diniy bagʻrikeng, bir xalqning boshqasi hisobiga yuksalishiga yoʻl qoʻymagan, madaniyatni nozik tushunadigan va qadrlaydigan, ular davrida iqtisod va xalqaro savdo rivojlangan.
Ozarbayjonning Ildegiziylar sulolasidan boʻlgan Otabeklari – Kavkazda saljuqiylarning vorislari – oʻz davlatlarining boyligi va alohida mavqeidan foydalanib, ularning mulklarini qaytadan birlashtirishga harakat qildilar. Koʻp jihatdan buning uddasidan chiqdilar ham: ularga sharqda Makrangacha choʻzilgan turkiy knyazliklar boʻysungan edi. Ammo moʻgʻullar ular uchun yengib boʻlmas kuch boʻlib chiqdi va bosqinni toʻxtatib qolish imkonsiz edi.
Eron Xorazmshohlar hukmronligi ostida
Xorazmshohlar, saljuqiylarning sobiq vassallari, Markaziy Osiyoda turkman qabilalari, yaʼni uyida qolgan, gʻarbga ketmaganlari tomonidan taxtga koʻtarilgan edi. Bu sulolaning dastlabki vakillari juda jangovar boʻlib, oʻz sobiq xoʻjayinlarining Erondagi yerlarining sezilarli qismini “uzib olgan” edi. Afsuski, Islom dunyosining eng qudratli hukmdorlaridan biri boʻlgan Alouddin Muhammad II hukmronlikka moslashmagan shaxs boʻlib chiqdi va Chingizxonga qarshi kuchli zarba berish uchun barcha kuchlarini birlashtira olmadi. Bir necha oʻn yillar davomida deyarli butun Osiyo moʻgʻullar hukmronligi ostiga oʻtdi. Keyinchalik Xulagu moʻgʻul sulolasi forslarni boshqardi.
Yana turkiylarning qaytishi
Moʻgʻullar hukmronligiga barham berilgach, Oq Qoʻyunlu – sunniy turkman qabilalari konfederatsiyasi – gʻarbda Usmoniylar imperiyasi bilan chegaradosh boʻlgani uchun sharqiy ekspansiya yoʻlini tanladi. XV asr davomida ular butun Eronni zabt etdilar va bu jarayonda buyuk Temurning oʻgʻillari va nabiralarini ham magʻlub etdilar. Ammo oʻqotar qurollarga ega turklar ulardan kuchliroq boʻlib chiqdi va bu koʻchmanchilar yanada yaxshi tashkil etilgan turkiy davlatga oʻz oʻrnini boʻshatib berishga majbur boʻldi.
Temuriylar hukmronligi ostidagi Eron
Temuriylar davrida oʻrta asrlar Sharqining eng buyuk madaniy uygʻonishlaridan birining poydevori qoʻyildi. Temuriylar oʻzlaridan sanʼat, fan va meʼmorchilikdagi boy merosni ham qoldirdilar.
XIV asr oxirida sohibqiron Amir Temur qoʻshini Markaziy Osiyo, Eron, Kavkaz va Yaqin Sharq boʻylab keng koʻlamli yurishlarni boshladi.
Oʻsha davrda Eron turli sulolalar va mahalliy hukmdorlar qoʻlida parchalangan hudud edi. Amir Temur yurishlari Isfahon, Sheroz va Tabriz kabi yirik shaharlarning vayron qilinishi bilan kechdi. Biroq Temurning maqsadi faqat vayron qilish emas edi: u shaxsiy harbiy va siyosiy hokimiyatga tayangan markazlashgan imperiya barpo etishga intilgan.
XV asr boshlariga kelib, Eronning katta qismi temuriylar nazoratiga oʻtdi va 1405 yilda Temur vafotidan keyin uning avlodlari ulkan, ammo beqaror imperiyani meros qilib oldilar.
Amir Temur oʻlimidan keyin imperiya tezda parchalanishga yuz tutdi. Hokimiyat rasman uning avlodlariga oʻtdi, ular orasida Xuroson va Movarounnahr hukmdorlari alohida ajralib turardi. Biroq Eron yagona davlat emas edi: u turli sulola shoxobchalari va mahalliy hukmdorlar tomonidan boshqarilgan mintaqalarga boʻlingan edi.
Mintaqa siyosatida Xuroson shaharlari – Hirot, Mashhad va Nishopur muhim rol oʻynadi. Ular turli davrlarda temuriylar maʼmuriyati va madaniyati markaziga aylangan.
Temuriylar davrining eng yorqin yuksalishi Amir Temurning oʻgʻli Shohruh hukmronligi bilan bogʻliq. U hokimiyat markazini Hirotga koʻchirdi va bu shahar nafaqat siyosiy poytaxt, balki mintaqaning eng yirik madaniy markaziga aylandi.
Shohruh saroyida fan, adabiyot va sanʼat rivojlandi. Uning rafiqasi Gavharshod homiyligida meʼmorchilikning durdonalari, jumladan, Mashhaddagi mashhur masjid barpo etildi.
Shu davrda “temuriylar renessansi” deb atalgan jarayon shakllandi. Temuriylar keyinchalik “fors madaniyati” deb atalgan davrni yaratdi.
Aynan Temuriylar davrida fors tili davlat hujjatlarini yuritish tiliga aylandi. Hozir fors-tojik ilm fani va adabiyoti namoyondalari deb atalgan atoqli shaxslar ham aslida bu millatlarga mansub boʻlmasa-da, fors tilining maqomi bois bu tilda ijod qilishgan.
Temuriylar davrida Buyuk ipak yoʻli orqali savdo aloqalari qayta tiklandi. Eron shaharlari Xitoy, Hindiston va Oʻrta yer dengizi oʻrtasidagi xalqaro savdoning muhim tugunlariga aylandi. Karvonlar nafaqat tovar, balki gʻoyalar, texnologiyalar va madaniy taʼsirlarni ham olib kelardi.
XV asrga kelib temuriylar hokimiyati zaiflasha boshladi. Avlodlar oʻrtasidagi ichki kurashlar, mahalliy sulolalarning kuchayishi va yangi siyosiy kuchlarning bosimi gʻarbiy hududlar ustidan nazoratning yoʻqolishiga olib keldi.
XVI asr boshlarida Eron hududida yangi va yana bir turkiy sulola – Safaviylar hukmronligi oʻrnatildi va ular temuriylar taʼsirini butunlay tugatdilar. Biroq temuriylarning madaniy merosi yoʻqolib ketmadi: u keyingi fors sivilizatsiyasi taraqqiyotining asosiga aylandi.
Eron Safaviylar hukmronligi ostida
Ismoil I Safaviylar sulolasidan oʻzini Ozarbayjon hukmdori deb eʼlon qilganida, uning qoʻshini faqat toʻrt ming otliqdan iborat edi. Biroq oʻn yil oʻtmay, u butun Eronni zabt etdi va juda katta qoʻshin toʻplashga erishdi. Buxoro xonligi oʻzbeklari Afgʻoniston va Xurosonni egallashga ulgurgan esa-da, Amudaryo ortiga chekinishga majbur boʻldilar. Shu tariqa buyuk shialar davlatiga asos solindi, uning vorislari hozirgi Eron va Ozarbayjon hisoblanadi.
Taʼkidlash kerak, aynan safaviylar – bir paytlari yana bir temuriyzoda Boburga yordam berishga uringan Shayboniyxondan magʻlub boʻlib, Markaziy Osiyodan qochgan “qizilbosh” shia safaviylar Eronda shia aqidalarini davlat dini darajasiga koʻtarib, Eronni shia davlatiga aylantirishdi.
Ismoil I shialik gʻoyalarini faol targʻib qildi va sunniylarga nisbatan diniy toqatsizlik siyosati olib bordi. Bu esa Usmoniylar imperiyasi va oʻzbek xonligi kabi qoʻshni sunniy davlatlar bilan mojaro va urushlarga sabab boʻldi.
Eron Afshoriylar hukmronligi ostida
Safaviylar qulaganidan keyin Afshorlar sulolasidan Nadirshoh Forsni qayta birlashtirdi. U armiyani toʻliq zamonaviylashtirib, bir necha oʻn yil davomida Usmoniylar imperiyasidan tortib Boburiylar Hindistonigacha boʻlgan hududlarda barcha raqiblarini magʻlub etdi. Biroq u koʻpincha buyuk zabt etuvchilarga xos boʻlganidek, zaif maʼmur boʻlib chiqdi: ogʻir soliqlar mamlakatni qashshoqlashtirdi. Shuningdek, oʻz oʻgʻillariga nisbatan qattiq munosabati, ularning koʻpini oʻlimga mahkum etishi, sulolaning uzilishiga olib keldi va shundan soʻng hokimiyat uchun kurash yana avj oldi.
Qajarlar sulolasining yuksalishi
Oʻsha davrda yana bir turkiy qavm – Qajar qabilasi kuchaya bordi. Uning Astrobod shoxobchasi asosiy raqiblarni birin-ketin magʻlub etib, yangi shohlik sulolasini barpo etdi. Bu oiladan chiqqan birinchi shoh ajoyib jangchi va boshqaruvchiga aylandi. Biroq taxtni oʻz jiyaniga topshirishga majbur boʻldi. Uning avlodlari 1925 yilgacha Forsni boshqardilar, shu yili birinchi marta – ming yil ichida ilk bor etnik jihatdan eronlik boʻlgan Pahlaviylar sulolasi hokimiyatga keldi.
Eron Pahlaviylar davrida
Pahlaviylar sulolasi dindan koʻra milliy qadriyatlarga koʻproq eʼtibor qaratdi. Oʻzini goʻyoki afsonaviy oriy fors hoqonlari avlodining davomchisi deb hisobladi.
Shoh davri Eronda axloqiy va diniy qadriyatlarning qulashi, Gʻarb madaniyatiga havasning kuchayishi bilan ifodalanadi. Shuningdek, Shohlar boylik, hashamat va maishatga mukkasidan ketishdi. Xalq ahvoli oʻta ogʻirlashdi. Qiynoqlar va ommaviy qirgʻinlar kuchaydi. Eron xalqida shoh tuzumini agʻdarishga intilish kuchayib bordi.
Humayniy boshchiligidagi teokrat siyosatchilar bundan unumli foydalanishdi va 1979 yilda shoh tuzumini agʻdarib, Eronni islom davlati deb eʼlon qilishdi, Eron Islom Respublikasi tuzildi. Qayd etish joiz, bu davlatning oliy rahbari – Oyatullolar ham turkiy – ozarbayjon millatiga mansub ekani aytiladi. Hozirgi prezident – Pezeshkiyon ham ozarbayjon qavmidan.
Xulosa qilib aytganda, Eron islom fathidan keyin xalifalik tarkibida arablar tomonidan boshqarildi. Undan keyin esa toʻliq turkiy sulolalar hukmronligi ostida yashadi. Faqatgina Pahlaviy shoh davrini inobatga olmaganda, toki xalifalikdan keyingi davrdan boshlab, toki hozirgacha Eron hududi turkiy hukmdorlar tomonidan boshqarib kelinmoqda.
Abulfayz Sayidasqarov
