platina.uz
Jamiyat

Surxondaryoda “Media haftalik” 1000 ga yaqin ishtirokchini jamladi

Surxondaryo viloyatida yuqori darajada oʻtkazilgan “Media haftalik”da 1000 ga yaqin ishtirokchi, xususan, matbuot kotiblari, davlat va nodavlat telekanallar xodimlari, bosma va elektron nashrlar jurnalistlari, blogerlar, mobilograflar, SMM mutaxassislari hamda kontent yaratishga qiziquvchi yoshlar faol ishtirok etishdi.

Surxondaryoda “Media haftalik” 1000 ga yaqin ishtirokchini jamladi

Surxondaryo viloyatida besh kun davomida media sohasining faol va izlanuvchan vakillarini birlashtirgan “Media haftalik” oʻz ishini yakunladi. Qoraqalpogʻiston va Xorazmdan boshlangan mahorat darslari Termiz shahrida yangicha shijoat va boy taassurotlar bilan davom etdi. Loyihaning asosiy maqsadi – mahalliy ijodkorlarni global axborot makonida raqobatbardosh qila oladigan zamonaviy bilimlar bilan qurollantirish va hududiy mediani sifatli kontent yaratishning yangi bosqichiga olib chiqishdan iborat.

Haftalik doirasida sohaning koʻplab vakillari qamrab olindi. Turli tematik yoʻnalishlarda tashkil etilgan mashgʻulotlarda jami 1000 ga yaqin ishtirokchi, xususan, 58 nafar matbuot kotibi, 66 nafar davlat va nodavlat telekanallar xodimi, 41 nafar bosma va elektron nashrlar jurnalisti jalb etildi. Shuningdek, yangi media trendlariga mos ravishda 35 nafar faol bloger, 250 nafar mobilograf, 250 nafar SMM ustasi hamda 300 nafardan ziyod kontent yaratishga qiziquvchi yoshlar ushbu oʻquv seminarlarida qatnashdi.

Besh kunlik dastur nazariy tushunchalar berish bilan birga, mutaxassislarda amaliy koʻnikmalarni shakllantirishga yoʻnaltirildi. Voha media vakillari nafaqat tajriba almashdilar, balki mahalliy OAV faoliyatini tahlil qilib, mavjud muammolarga birgalikda yechim izladilar. Bu yerda sunʼiy intellekt imkoniyatlari, faktcheking orqali yolgʻon xabarlarga qarshi turish va axborot xavfsizlik kabi dolzarb mavzular muhokama markazida boʻldi.

Mashgʻulotlarni sohaning tan olingan ekspertlari va tajribali amaliyotchilari olib bordi. Ayniqsa, tasvir sifati va operatorlik mahoratiga bagʻishlangan treninglar qatnashchilarda katta qiziqish uygʻotdi.

Loyiha davomida soha vakillari oʻz yoʻnalishlari boʻyicha alohida guruhlarga boʻlingan holda bilimlarini oshirdi. Gazeta va jurnallar bosh muharrirlari hamda internet nashrlari xodimlari, viloyat telekanallarining muxbir, tasvirchi va montajchilari, davlat idoralarining axborot xizmati rahbarlari, shuningdek, mahalliy blogerlar, mobilograflar, SMM mutaxassislari hamda media sohasiga endi qadam qoʻyayotgan yosh ijodkorlar uchun maxsus sessiyalar tashkil etildi.

Haftalik doirasida axborot sohasi vakillari uchun ikkita muhim metodik nashr taqdim etildi. Davlat organlarining OAV va blogerlar bilan munosabatlarini huquqiy tartibga soluvchi qoʻllanma hamda ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarni verifikatsiya qilish boʻyicha yoʻriqnoma mutaxassislar uchun kundalik ish jarayonida asosiy koʻmakchi boʻladi.

Surxondaryodagi mazkur ijodiy muloqotlar keng qamrovli Media forum bilan oʻz yakuniga yetdi. Eʼtiborlisi, yakuniy Forumda 500 dan ziyod faol ishtirokchi jam boʻlib, haftalik davomida olingan bilimlar va kelgusi rejalarni muhokama qildi. Loyihaning keyingi bosqichi joriy yilning 20-24 aprel kunlari Qashqadaryo viloyatida davom etadi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid