Oʻrta Chirchiqdagi xonadonda 4 kishi vafot etdi
Prokuratura maʼlumotiga koʻra, xonadonda yongʻin xavfsizligi qoidalari buzilishi sabab portlash sodir boʻlgan. FVV esa portlash boʻlganini rad etdi.

Oʻrta Chirchiqdagi xonadonda 4 kishi vafot etdi. Prokuratura maʼlumotiga koʻra, xonadonda yongʻin xavfsizligi qoidalari buzilishi sabab portlash sodir boʻlgan.
Hodisa sabab bir oiladan toʻrt kishi (ota va uch farzand) vafot etgan. Yana ikki kishi esa turli darajada jarohat olgan.
FVV esa xonadonda portlash sodir boʻlganini inkor etdi.
"Birlamchi maʼlumotlarga koʻra yongʻinning sababi, yongʻin xavfsizligi qoidalarining buzilganligi yaʼni, uyda foydalanishda boʻlgan elektr jihozlarining sarf quvvatini hisobga olinmasdan elektr simning qalinligi hamda saqlagichlarni qiymatlari notoʻgʻri tanlanishidan deb taxmin qilinmoqda", deyiladi vazirlik maʼlumotida.
Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a,b” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlarini olib borish uchun Toshkent viloyati IIBB huzuridagi tergov boshqarmasiga yuborilgan.
