Eron bir kun avval ochilgan Hormuz boʻgʻozini yopdi
Boʻgʻoz Livandagi vaqtinchalik sulhdan keyin ochilgandi. Lekin Tehron AQSh blokadasi sabab harbiy nazoratni tiklashga qaror qildi.

Eron Qurolli Kuchlari Qoʻshma Shtatlarning "qaroqchilik" harakatlari tufayli Hormuz boʻgʻozi ustidan harbiy nazoratni tiklashga qaror qildi. Bu haqda Eron Harbiy Qoʻmondonligi Markaziy shtab-kvartirasi vakilining bayonotida aytiladi.
"Avval erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Eron Islom Respublikasi cheklangan miqdordagi neft tankerlari va savdo kemalarining Hormuz boʻgʻozidan nazorat ostida oʻtishiga ruxsat berishga vijdonan rozi boʻldi.
Biroq, amerikaliklar oʻz majburiyatlarini bir necha bor buzib, qaroqchilik va talonchilik bilan shugʻullanishda davom etmoqdalar", deyiladi bayonotda (Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi matbuot xizmatidan iqtibos keltirgan holda).
AQShning harakatlari tufayli "strategik muhim boʻgʻoz qurolli kuchlarning toʻliq nazorati ostida". AQSh Eron portlariga va undan kemalarning toʻliq harakatlanish erkinligini tiklamaguncha, "Hormuz boʻgʻozidagi vaziyat avvalgidek qoladi", deb qoʻshimcha qilinadi bayonotda.
17 aprel kuni tushdan keyin Eron sulh muddati davomida Hormuz boʻgʻozining tijorat kemalari uchun toʻliq ochilishini rasman eʼlon qildi. Bunga Livandagi otashkesim sabab qilib koʻrsatilgan.
Oʻsha kuni kechqurun Eron Harbiy-dengiz kuchlari Hormuz boʻgʻozi uchun yangi navigatsiya qoidalarini eʼlon qildi. Ushbu rejalarga koʻra, fuqarolik kemalari Tehron tomonidan belgilangan yoʻnalishlar boʻylab va faqat harbiylarning roziligi bilan harakatlanadi.
