"Sikada" shtammi Oʻzbekistondagi vaziyatga taʼsir koʻrsatadimi?
Sanepidqoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Nurmat Otabekov koronavirusning yangi shtammi haqidagi gap-soʻzlarga oydinlik kiritdi.

"Sikada" shtammi Oʻzbekistondagi epidemiologik barqarorlikka taʼsir koʻrsatmasligi maʼlum qilindi.
Soʻnggi paytlarda OAVda baʼzi mamlakatlar boʻylab COVID-19 ning "Sikada" deb nomlangan yangi — BA.3.2 shtammi tarqalayotgani bilan bogʻliq xabarlar eʼlon qilinmoqda.
Xususan, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti hozirgacha AQSh, Gonkong, Mozambik va Buyuk Britaniya kabi 23 ta davlatda ushbu mutatsiya roʻyxatga olinganini maʼlum qildi.
Xoʻsh, yangi shtamm qanchalik xavfli? Uning yurtimizga kirib kelish ehtimoli bormi? Qanday profilaktik choralar koʻrish talab etiladi?
SSV matbuot xizmati shu kabi savollarga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Nurmat Otabekovdan javob olgan.
— Aslida, BA.3.2 shtammi aniqlanganiga ancha boʻlgan va u bir xil tezlikda tarqalmasligi bilan xarakterlanadi. Shu bois bu mutatsiyaga 17 yilgacha "uyquga ketishi" mumkin boʻlgan va uzoq muddat borligini sezdirmaydigan hasharot — sikada nomi berilgan.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti hali kasallikning tarqalish darajasini kuzatib borish kerak va jiddiy muammolar yuzaga kelishiga asos koʻrmayapmiz, degan xulosasini maʼlum qildi. Qolaversa, yangi shtamm boshqalariga nisbatan xavfliroq ekaniga doir yetarli dalillar mavjud emas.
Dastlabki oʻrganishlarga koʻra, “Sikada” shtammi “Omikron”ga xos, oʻxshash klinik belgilar bilan kechadi. U nafas yoʻllari jarohatlanishi, yaʼni burun bitishi, yoʻtal, tomoqda ogʻriq, qizarish, baʼzan hid va taʼm bilmaslik kabi alomatlar bilan namoyon boʻlishi mumkin.
Mutaxassislar unga kattalarga nisbatan bolalar koʻproq chalinayotganini aytishmoqda. Bu quyidagi omil bilan bogʻliq.
Maʼlumki, pandemiya davrida dunyo aholisining katta qismi COVID-19 ga qarshi emlandi va shu tufayli ularning qaytadan bu kasallikka chalinish ehtimoli juda kam. Ammo avval koronavirus bilan roʻbaroʻ kelmagan, yaʼni organizmida hali xastalikka qarshi antitanachalar shakllanmagan bolalarning bu virusni yuqtirish xavfi mavjud.
Surunkali kasalligi bor, nafas yoʻllari xastaliklaridan aziyat chekuvchilar, immuniteti zaif va yoshi katta insonlar ham bu xavfdan yetarli darajada himoyalanmagan.
Albatta, virus oʻchoqlari aniqlangan hududlarda boʻlib qaytgan odamlar bilan imkon qadar muloqotni cheklashni tavsiya qilamiz. Biroq “Sikada” epidemiya yoki pandemiyani keltirib chiqaradi, degan fikrdan uzoqmiz, —deydi Otabekov.
Mutaxassisning aytishicha, Oʻzbekistonda epidemiologik vaziyat barqaror. Aholida koronavirus shtammiga nisbatan oddiy respirator kasalliklarga boʻlgani singari munosabat allaqachon shakllangan. Negaki, yurtdoshlarimizning qariyb 80 foizida jamoaviy immunitet vujudga kelgan.
Shu maʼnoda, dunyoda qayd etilayotgan yangi shtammlar haqida shov-shuvli xabarlar tarqatish toʻgʻri emas. Xavotirlanish uchun hech qanday asos yoʻq.
