Odam savdosida gumonlangan ayol chet elga uchayotganda qoʻlga olindi
U 2000 yilda tugʻilgan kizni xorijga olib borib, jinsiy ekspluatatsiya qilishni rejalashtirgan.

Odam savdosi bilan bogʻliq holat aniqlandi.
DXX va Ichki ishlar organlari tomonidan olib borilayotgan tizimli chora-tadbirlar natijasida odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlarni barvaqt fosh etish va oldini olishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Jumladan, DXX Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi va poytaxt IIBB xodimlari hamkorligida ana shunday jinoyatlardan biri fosh etildi.
Xususan, Toshkent viloyatining Yangiyoʻl shahrida yashovchi, 1982 y.t. ayol Chinoz tumanida istiqomat qiluvchi, 2000 y.t. qizni xorijga olib borib, jinsiy ekspluatatsiya qilishni rejalashtirgan.
U oʻz maqsadiga erishish uchun jabrlanuvchiga aviachipta xarid qilib berib, keyinchalik ishlab topadigan mablagʻining yarmini doimiy ravishda berishini talab qilgan.
Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida gumonlanuvchi ayol jabrlanuvchi bilan birga Toshkent xalqaro aeroportidan Istanbul shahriga uchib ketmoqchi boʻlgan vaqtida toʻxtatib qolindi.
Hozirda yangiyoʻllik ayolga nisbatan Jinoyat Kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
