Jizzaxda FVB mansabdori 3 mln soʻm bilan ushlandi
U yongʻin xavfsizligi talablari boʻyicha aniqlangan kamchiliklar yuzasidan hujjatlarni sudga yubormaslik va oshxonani yopib qoʻymaslikni vaʼda qilgan.

Jizzax viloyati Mirzachoʻl tumani favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari 3 mln soʻm pora olayotganda qoʻlga tushgan.
U xizmat mavqeidan foydalangan holda, tuman markazida joylashgan oshxonada oʻtkazilgan tekshiruv davomida yongʻin xavfsizligi talablari boʻyicha aniqlangan kamchiliklar yuzasidan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirib, uni yopib qoʻymaslik hamda qonuniy chora koʻrilishi uchun toʻplangan hujjatlarni sudga yubormaslik evaziga 3 mln soʻm talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs soʻralgan pulni oshxona rahbaridan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
