Javohir Sindorovni sharaflashga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi
Tadbirda Sindorov “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmatchiga ordenni tantanali ravishda topshirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida shaxmatchimiz, Xalqaro shaxmat federatsiyasining Nomzodlar turniri gʻolibi Javohir Sindorovni sharaflashga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.
Shaxmatimiz tarixida birinchi marotaba Javohir Sindorov Nomzodlar turnirida gʻalaba qozonib, tom maʼnoda tarixiy natijaga erishdi.
Musobaqa davomida u dunyoning eng kuchli grossmeysterlariga qarshi yuksak mahorat va katta jasorat bilan kurash olib bordi, har bir bahsda qatʼiyat, kuchli iroda va intellektual ustunligini namoyon etdi. Ayniqsa, bir marta ham magʻlubiyatga uchramay, 14 ta partiyada 10 ochko toʻplagani, natijada ochkolar va gʻalabalar soni boʻyicha rekordlar oʻrnatgani shaxmat olamida kamdan-kam uchraydigan noyob hodisadir.

Prezidentimiz marosimda soʻzga chiqib, Javohir Sindorovni mazkur tarixiy zafar bilan yana bir bor samimiy qutladi. Bu butun xalqimizning, Yangi Oʻzbekistonning gʻalabasi ekanini taʼkidladi.
Albatta, hech bir natija oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Buning zamirida uzoq yillik tinimsiz mehnat, bolalikdan orttirilgan tajriba, qatʼiy iroda, temir intizom, va, albatta, ustoz va murabbiylarning sabogʻi, ota-ona, bobo va buvijonlarning duosi mujassam. Fursatdan foydalanib, mana shunday oʻzbek oʻgʻlonini tarbiyalab, voyaga yetkazgan bobong va buvingga, ota-onanga, ustoz va murabbiylaringga yana bir bor oʻzimning minnatdorchiligimni bildiraman, - dedi davlatimiz rahbari.
Qayd etilganidek, Javohir Sindorov turnir davomida shaxmat taxtasi ustida oʻzbek xalqiga xos boʻlgan mustahkam iroda, oʻziga ishonch, chuqur tafakkur va sabr-bardoshni namoyon etdi. Ayniqsa, Hindiston, AQSh, Xitoy, Niderlandiya, Germaniya va Rossiya vakillari boʻlgan super grossmeysterlarga qarshi bosiqlik va mardonavorlik bilan kurash olib borgani alohida eʼtirof etildi.
Davlatimiz rahbari Javohir Sindorovning bu yuksak yutugʻi mamlakatimizda sportga, jumladan, shaxmatni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlikning amaliy samarasi ekanini taʼkidladi. Bugun Yangi Oʻzbekistonda ana shunday gʻolib, mard va matonatli yoshlar kamol topayotgani barchamizga cheksiz faxr-iftixor bagʻishlaydi. Shu maʼnoda, bugun FIDE reytingidagi eng kuchli besh shaxmatchidan ikki nafari oʻzbek oʻgʻloni ekani milliy shaxmat maktabimizning salohiyati va nufuzi tobora yuksalayotganidan dalolat beradi. Bularning barchasi minglab isteʼdodli yoshlarimiz, umidli shaxmatchilarimiz uchun katta motiavsiya boʻlishi taʼkidlandi.
Marosimda Javohir Sindorov oldida turgan navbatdagi yuksak marralar haqida ham soʻz yuritildi. Uning jahon shaxmat toji uchun boʻladigan hal qiluvchi bellashuvda munosib ishtirok etishiga, oʻzbek shaxmat maktabining salohiyati va shon-shuhratini yana bir bor butun dunyoga namoyon etishiga ishonch bildirildi. Shuningdek, bu yil sentabr oyida Samarqand shahrida oʻtadigan 46-butunjahon shaxmat olimpiadasida ham xalqimiz gʻalaba kutayotgani taʼkidlandi.
Tadbirda mamlakatimizda shaxmatni keng ommalashtirish, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida ushbu sport turini targʻib etish, navqiron avlod qalbida milliy gʻurur, Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻularini kamol toptirish borasidagi katta xizmatlari, shuningdek, Kiprda oʻtkazilgan FIDE Nomzodlar turnirida rekord natijalar koʻrsatib, muddatidan oldin gʻoliblikni qoʻlga kiritgani uchun Javohir Sindorov “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangani toʻgʻrisidagi Prezident farmoni oʻqib eshittirildi.
Davlatimiz rahbari ushbu yuksak mukofotni tantanali ravishda topshirdi.

Grossmeysterimiz yoshlarga, sport rivojiga qaratilayotgan doimiy eʼtibor va yaratilayotgan keng sharoitlar, koʻrsatilgan yuksak ishonch hamda eʼtirof uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirdi.
