Pedagoglar uchun subsidiyaga arizalar 20 apreldan qabul qilinadi
Mazkur imtiyozdan foydalanish uchun oʻqituvchi 15 yillik pedagogik stajga hamda oliy malaka toifasiga ega boʻlishi shart.

Pedagoglar uchun ipoteka subsidiyasiga arizalar 20 apreldan qabul qilinadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Oliy malaka toifasiga (bosh oʻqituvchi lavozimiga) ega pedagoglar uchun ipoteka krediti boʻyicha subsidiyaga arizalar qabul qilish joriy yilning 20 aprel kuni soat 14:00 da boshlanadi.
Subsidiya hukumatning tegishli qaroriga muvofiq, ipoteka krediti boʻyicha boshlangʻich badalning 25 foizi qoplab beriladi.
Ushbu dastur doirasida subsidiya olish uchun ariza beruvchi belgilangan ijtimoiy mezonlarga mos boʻlishi va kredit tarixi kamida bitta tijorat bankining ichki talablariga javob berishi kerak.
Ariza beruvchi yoki turmush oʻrtogʻi nomida respublika boʻyicha ikki va undan ortiq uy-joy boʻlmasligi, shuningdek kamida 15 yillik pedagogik stajga hamda oliy malaka toifasi yoki bosh oʻqituvchi lavozimiga ega boʻlishi talab etiladi.
Subsidiya olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishi, my.gov.uz portali yoki MyGov mobil ilovasi orqali ariza topshirishlari mumkin.
Ariza beruvchining kredit tarixi tijorat banklarining ichki qoidalariga muvofiqligini baholash orqali subsidiyali ipoteka kreditlarini ajratish dasturida ishtirok etuvchi tijorat banklarining roʻyxati ushbu havolada keltirilgan.
