Oʻzbekistonda kripto-aktivlardan toʻlov vositasi sifatida foydalanish mumkin boʻladi
Barqaror token (stablecoin) qiymati milliy yoki xorijiy valyutaning nominal qiymatiga teng boʻlgan token (kripto-aktiv) turi hisoblanadi.

Endilikda kripto-aktivlardan toʻlov vositasi sifatida foydalanish mumkin boʻladi.
Adliya vazirligi Barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimini taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi idoraviy hujjatni davlat roʻyxatidan oʻtkazdi (roʻyxat raqami 3818, 15.04.2026 y.).
Barqaror token (stablecoin) qiymati milliy yoki xorijiy valyutaning nominal qiymatiga teng boʻlgan token (kripto-aktiv) turi hisoblanadi.
Maxsus rejim doirasida Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan yuridik shaxslar barqaror tokenlarni chiqarishi mumkin.
Maxsus rejim doirasida quyidagi tajriba-sinov loyihalari amalga oshirilishi mumkin:
- milliy va (yoki) xorijiy valyuta bilan taʼminlangan barqaror tokenlarni chiqarish;
- Oʻzbekiston hududida barqaror tokenlardan toʻlov vositasi sifatida foydalanish;
- xalqaro oʻtkazmalarni amalga oshirish uchun barqaror tokenlardan foydalanish;
- blokcheyn texnologiyasi asosida faoliyat yurituvchi toʻlov tizimlarini yaratish.
Barqaror tokenlarni chiqarish uchun taʼminot sifatida faqat Markaziy bankdagi alohida hisobvaraqda zaxiraga qoʻyilgan milliy va (yoki) xorijiy valyutadagi pul mablagʻlaridan foydalanilishi lozim.
Barqaror tokenlarga taʼminotni shakllantirish uchun kredit yoki garovga olingan mablagʻlar yoxud boshqa jalb qilingan mablagʻlardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Arizachilar tomonidan taqdim etilgan ariza va hujjatlarni koʻrib chiqish hamda maxsus rejim ishtirokchisini roʻyxatdan oʻtkazish bepul amalga oshiriladi.
