platina.uz
Jamiyat

Oʻzbekiston ayrim turk kompaniyalari koʻchat va urugʻlariga vaqtincha taqiq joriy etdi

Turkiyaning bir qator kompaniyalarida yetishtirilgan koʻchat va urugʻlarda xavfli kasalliklar aniqlangan. 

Oʻzbekiston ayrim turk kompaniyalari koʻchat va urugʻlariga vaqtincha taqiq joriy etdi

Oʻzbekiston ayrim turk kompaniyalari koʻchat va urugʻlariga vaqtincha taqiq joriy etdi.

​Oʻzbekistonda Turkiyaning ayrim kompaniyalarida yetishtirilgan urugʻ va ekish materiallarini import qilish vaqtincha taqiqlanadi. Bu haqda Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi direktorining 2026 yil 3 apreldagi 53-son buyrugʻida belgilandi.

​Mazkur qaror oʻsimliklar karantini sohasidagi fitosanitar xavfsizlikni taʼminlash, xususan, mamlakat hududiga karantin ahamiyatiga ega zararli organizmlarning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida qabul qilingan.

​Hujjatda qayd etilishicha, Turkiyaning bir qator kompaniyalarida yetishtirilgan koʻchat va urugʻlarda xavfli kasalliklar aniqlangan.

Jumladan, nektarin, shaftoli va oʻrik koʻchatlarida “shaftoli yashirin mozaika viroidi” (Peach latent mosaic viroid — PLMVd), danak mevali daraxtlarda “nekrotik dogʻlanish virusi” (Prunus necrotic ringspot virus — PNRSV), tarvuz urugʻlarida esa “qovoq ekinlarining bakterial dogʻlanishi” (Acidovorax citrulli) kasalliklari aniqlangani taʼkidlangan. Ushbu holatlar Markaziy fitosanitariya laboratoriyasi ekspertiza xulosalari bilan tasdiqlangan.

​Shu asosda Turkiyaning “Maksinn Kurumsal Hizmetler Ticaret Limited Sirketi”, “Saygi Fidancilik Tarim Urunleri Sanayi Ve Ticaret Limited Sirketi”, “Favori Fidancilik Tarim Hayvancilik Tasimacilik Limited Sirketi” hamda “Argeto Sebze Tohumlari Islah Uretim Ve Pazarlama Limited Sirketi” kompaniyalarida yetishtirilgan urugʻ va ekish materiallarini Oʻzbekiston hududiga olib kirishga 2026 yil 3 apreldan boshlab taqiq joriy etilgan. Mazkur cheklov aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilguniga qadar amal qiladi.

​Qarorda, shuningdek, avval olib kelingan va zararlangan deb topilgan mahsulotlar yoʻq qilingani ham qayd etilgan. Xususan, 203 mingdan ortiq nektarin, 32 mingta shaftoli, 5 mingta oʻrik koʻchatlari hamda 1000 kilogramm tarvuz urugʻi amaldagi tartib asosida yoqish orqali utilizatsiya qilingan. Bu mahsulotlar karantin ostidagi zararli organizmlar tarqalishining oldini olish maqsadida yoʻq qilingan.

​Bundan tashqari, Turkiyaning oʻsimliklar karantini boʻyicha vakolatli organiga 12 ta rasmiy eʼtiroznoma yuborilgan.

​Buyruqqa muvofiq, endilikda ushbu kompaniyalar mahsulotlarini import qilish boʻyicha arizalar koʻrib chiqilishida taqiq talablari qatʼiy inobatga olinadi. Shuningdek, hududiy boʻlinmalar va tashqi karantin nazorati organlariga mazkur mahsulotlar ustidan kuchaytirilgan fitosanitar nazorat oʻrnatish topshirilgan. Aniqlangan har qanday holat boʻyicha maʼlumotlar 24 soat ichida maxsus “E-Fitouz” axborot tizimiga kiritilishi lozim.

​Shu bilan birga, tegishli tashkilotlarga mazkur taqiq haqida Turkiya tomoni diplomatik kanallar orqali xabardor qilinishi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va rasmiy platformalar orqali keng jamoatchilikka yetkazilishi vazifasi yuklatilgan.

​Qayd etilishicha, kelgusida Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan oʻtkaziladigan fitosanitar xavf tahlili natijalariga koʻra mazkur taqiqni bekor qilish masalasi koʻrib chiqilishi mumkin.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid