Kommunal qarzdorlik yoʻqligi boʻyicha maʼlumotnoma berish tartibi tasdiqlandi
Jismoniy va yuridik shaxslarga maʼlumotnomalar berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish reglamentiga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritildi.

Kommunal xizmatlardan qarzdorlik mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish pasporti tasdiqlandi.
Hukumat qarori (171-son, 15.04.2026 y.) bilan Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 20 noyabrdagi 612-son qarori bilan tasdiqlangan Jismoniy va yuridik shaxslarga maʼlumotnomalar berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning yagona maʼmuriy reglamentiga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritildi.
Qarorga muvofiq, kommunal xizmatlardan qarzdorlik mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish pasporti tasdiqlandi.
Unga koʻra, soʻrovnomada shaxsga oid quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
- jismoniy shaxs uchun:
- familiyasi, ismi va otasining ismi;
- pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi maʼlumotlari;
- maʼlumotnoma tili (oʻzbek/rus);
- elektron manzili (mavjud boʻlsa) va telefon raqami;
- kadastr raqami;
- yuridik shaxs uchun:
- toʻliq nomi;
- telefon raqami;
- STIR;
- kadastr raqami;
- abonent hisobraqami (mavjud boʻlsa).
Davlat xizmati bepul koʻrsatiladi.
Maʼlumot uchun: 2025 yil 16 sentabrdagi PQ–286-son qarorda kommunal xizmatlardan qarzdorlik mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish boʻyicha davlat xizmatini YaIDXP (my.gov.uz) orqali joriy etish belgilangan.
