platina.uz
Jamiyat

II jahon urushi qatnashchilariga 30 mln soʻmdan beriladi

Mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan Vatan fidoyilarining xotirasi ham ulugʻlanadi. Ularning oila aʼzolariga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatiladi. 

II jahon urushi qatnashchilariga 30 mln soʻmdan beriladi

II jahon urushi qatnashchilari 30 mln soʻm miqdorida mukofotlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyevga harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, rezerv va zaxiradagi ofitserlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, 9 may – Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish yuzasidan axborot berildi.

Avvalo, armiyaning jangovar shayligi va tayyorgarligini rivojlantirish, shaxsiy tarkibga yangi tizim asosida taʼlim berish va kasbga tayyorlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berildi.

Xususan, jangovar shaylik yoʻnalishida qoʻshinlarda majmuaviy strategik va qoʻmondonlik shtab oʻquvlari, yigʻin, dala chiqishlari va oʻquv kurslari tizimli ravishda oʻtkazib kelinayotgani, bunda shaxsiy tarkibda axloqiy-ruhiy, real jangovar vaziyatlarda qoʻrquv va emotsiyalarni boshqarish hamda dadil harakatlana olish kabi muhim jangovar sifatlarni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani qayd etildi.

Zamonaviy jangovar harakatlar tahlilidan kelib chiqib, barcha oʻquv, trening va mashgʻulotlarda jang olib borishning yangi usul va shakllari oʻzlashtirilayotgani, boʻlinmalarning mobilligini, jangovar imkoniyatlarini va qoʻyilgan vazifalarni mustaqil bajarish qobiliyatini oshirishga qaratilgan tegishli chora-tadbirlar koʻrilayotgani yuzasidan axborot berildi.

Har yili mamlakatimizda 9 may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi yurtimizda tinchlikni asrash, mustaqillikni mustahkamlash, Vatan ozodligi yoʻlida qurbon boʻlganlar xotirasini yod etish, bugun oramizda sogʻ-omon yashayotgan urush va mehnat faxriylariga gʻamxoʻrlik koʻrsatishning yorqin amaliy ifodasidir.

Joriy yilda bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 30 million soʻm miqdorida bir martalik pul mukofotini toʻlash taklif qilindi.

Shuningdek, bu kunda urush qatnashchilari, front orti mehnat faxriylari, keksalar va ustozlarga hurmat-ehtirom koʻrsatish, yolgʻiz va kam taʼminlangan faxriylarning turar joylarini obodonlashtirish, turli xotira va qadrlash tadbirlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan Vatan fidoyilarining xotirasi ham ulugʻlanadi. Ularning oila aʼzolariga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatiladi.

Ona Vatanimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi yoʻlida jon fido qilgan harbiy xizmatchilarning mardligi va jasoratini targʻib qilishga qaratilgan maʼnaviy-vatanparvarlik tadbirlari oʻtkaziladi. Mamlakatimiz boʻylab “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida madaniy-maʼrifiy tadbirlar, uch avlod uchrashuvlari, ijodiy kechalar, tanlovlar va ommaviy sport musobaqalari tashkil etiladi.

Taqdimotda rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar ham koʻrib chiqildi. Qayd etilganidek, dunyoda yuz berayotgan harbiy mojarolar tahlili urush davridagi safarbarlik ehtiyojlaridan kelib chiqib, tinchlik davrida harbiy tayyorgarlikka ega boʻlgan ofitserlar zaxirasini shakllantirish va ularni mutaxassisliklar boʻyicha toʻgʻri taqsimlash dolzarb vazifa ekanini koʻrsatmoqda.

Hozirgi kunda 4 ta oliy taʼlim va 2 ta oliy harbiy taʼlim muassasasining harbiy tayyorgarlik oʻquv markazlari va fakultetlarida 42 ta mutaxassislik boʻyicha rezerv va zaxiradagi ofitserlar tayyorlanmoqda. Bunga qoʻshimcha ravishda Urganch, Termiz, Andijon davlat universitetlari, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Andijon davlat tibbiyot institutida yana 5 ta harbiy tayyorgarlik oʻquv markazini tashkil etish taklif qilindi.

Shuningdek, davlat oliy taʼlim muassasalarida qoʻshimcha ravishda “Chaqiriqqacha harbiy taʼlim” yoʻnalishi boʻyicha 3 yillik bakalavriat taʼlimi asosida rezerv va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Harbiy tibbiyot institutida esa ilk bor klinik ordinatura va magistraturaga qabul qilingan hamda harbiy tayyorgarlikdan oʻtish istagini bildirgan talabalar toʻlov-kontrakt asosida oʻqitiladi. Bunday imkoniyat nodavlat oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun ham yaratiladi.

Bugungi kunda dolzarb boʻlgan sunʼiy intellekt, dron, robototexnika kabi zamonaviy va tor mutaxassisliklar boʻyicha ham zaxira ofitserlari tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Harbiy tayyorgarlik oʻquv boʻlinmalari uchun ilgʻor xorijiy armiyalar tajribasi asosida yangi oʻquv reja va dasturlar ishlab chiqiladi.

Harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Joriy yil 13 yanvar kuni Prezidentimiz, Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qoʻmondoni raisligida oʻtkazilgan Xavfsizlik kengashi yigʻilishida mazkur masala ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan edi.

Jumladan, Mudofaa vazirligi ofitserlariga xizmat yillari uchun toʻlanadigan har oylik ustama miqdori ikki baravarga oshirish, kontrakt boʻyicha xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning oylik pul taʼminotini 10 foizga koʻpaytirish taklif qilindi.

Prezidentimiz takliflarni qoʻllab-quvvatlab, ularning ijrosi harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, harbiy xizmat nufuzi va jozibadorligini oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi hamda tegishli hujjatlarni imzoladi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid