Gʻarbga qarshi ritorika sohiblari nega Gʻarbda yashaydi?
Ushbu hodisalar avtoritar tuzumlardagi propaganda aslida xalqqa qaratilgani, elita esa oʻzgacha qonun va qoidalar hamda mafkura bilan yashashini oshkor qiladi.

Siyosiy elitalarning qarindoshlari Gʻarbda yashashi, davolanishi, oʻqishi yoki ishlashi haqidagi hikoyalar jamoatchilikda doimiy rezonans uygʻotadi. Yaqinda Eronning eng aksilamerika kayfiyatidagi elitasi vakili, marhum general Qosim Sulaymoniyning qarindoshi AQShda yashab kelgani va deportatsiya qilinishi mumkinligi haqidagi xabarlar internetni larzaga soldi. Qanday qilib Amerikani yoʻq qilishga bel bogʻlagan harbiyning avlodlari AQShdek “chirigan” Gʻarb davlatidan panoh topishgan?
Aslida bunday holatlar kam emas. Bu barqaror tarixiy va ijtimoiy namuna boʻlib, Erondan tortib sobiq SSSR va hozirgi Rossiyaga qadar kuzatiladi.
Nega Sulaymoniyning nevarasini deportatsiya qilishmoqchi?
Yangi maʼlumotlarga koʻra, AQSh hukumati Eron rejimi targʻibotchisi sifatida tanilgan eronlik oila aʼzolariga berilgan grin-karta maqomini bekor qilgan va ularni hibsga olgan. Sayyid Iso Hoshimiy, Maryam Tahmosebiy va ularning oʻgʻli AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati (ICE) tomonidan deportatsiya oldidan hibsga olingani aytiladi. Hoshimiy va uning rafiqasi Los-Anjelesdagi Chikago maktabida professor lavozimida ishlagan.
Hoshimiy – Masʼum Ibtikorning oʻgʻli boʻlib, u 1979 yilda Tehrondagi AQSh elchixonasini bosib olgan va 52 amerikalikni bir yildan ortiq garovda ushlagan talabalar guruhi vakili sifatida ilk bor jahon eʼtiboriga tushgan eronlik siyosatchi hisoblanadi. Ibtikor siyosatda tez koʻtarilib, 2017-2021 yillarda ayollar va oila masalalari boʻyicha vitse-prezident lavozimida ishlagan. Shuningdek, u ikki marta mamlakat ekologiya vazirligini boshqargan.
AQSh davlat departamenti maʼlumotiga koʻra, Hoshimiy va uning oilasi 2014 yilda berilgan viza orqali AQShga borgan. 2016 yilda ular Diversity Immigrant Visa Program orqali grin-karta olgan. Maʼlumot uchun, bu dastur 2015 yil dekabrida va 2025 yilda Tramp maʼmuriyati tomonidan vaqtincha toʻxtatilgan edi.
Ibtikor oilasi Tramp maʼmuriyati tomonidan deportatsiya qilingan, Eron bilan bogʻliq bir nechta oilalardan biridir. Marhum Eron islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi generali, Suriyada diktator Bashar Asadni himoya qilib, oʻn minglab sunniy musulmonlar oʻlimiga sababchi boʻlgan general, Tramp prezidentligining birinchi davrida dron zarbasi natijasida halok boʻlgan marhum Qosim Sulaymoniyning jiyani va nabira jiyani shu oy boshida hibsga olingan. Ularning doimiy rezidentlik maqomi bekor qilinganidan keyin Los-Anjelesda yashab kelayotgan Hamida Sulaymoniy Afshor va uning qizi ICE tomonidan qoʻlga olingan.
“Matbuot va ijtimoiy tarmoqlardagi maʼlumotlarga koʻra, Sulaymoniy Afshor Erondagi totalitar terroristik rejimni ochiq qoʻllab-quvvatlaydi”, deyiladi AQSh davlat departamenti bayonotida.
Davlat departamenti shuningdek Eron oliy milliy xavfsizlik kengashi sobiq kotibi Ali Larijoniyning qizi Fotima Ardasher-Larijoniy va uning turmush oʻrtogʻining huquqiy maqomini bekor qilgan va ular endi AQShda emasligi aytilgan.
Shuningdek, Eron milliy xavfsizlik kengashining sobiq rahbari Ali Shamxoniy avlodlari, Eron parlamentining sobiq spikeri Ali Larijoniyning aka-ukalari va qarindoshlari haqida Gʻarb va Eron matbuotida bir necha bor yozilib, ularning farzandlari AQSh va Yevropada yashashi yoki taʼlim olayotgani qayd etilgan.
Eron sobiq tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarifning qarindoshlari ham oʻz hayotlarini Gʻarbda qurishni afzal koʻrishgan. Jumladan, 2025 yil mart oyida Zarif strategik masalalar boʻyicha Eron vitse-prezidenti lavozimidan isteʼfoga chiqqani haqida xabar berilgan. Bunga uning ikki farzandi AQSh fuqaroligiga ega ekani sabab deb koʻrsatilgan. Eron qonunchiligiga koʻra, strategik lavozimdagi shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari ikki fuqarolikka ega boʻlishi mumkin emas. Zarifning farzandlari AQShda taʼlim olgan, bu holat esa Eronda ham, xalqaro matbuotda ham bir necha bor siyosiy bahs va tanqidlar mavzusiga aylangan.
SSSR: sovet nomenklaturasining Gʻarbdagi hayoti
Maʼlumotlarga koʻra, doim Gʻarbni yomonlab, unga qarshi kurashib kelgan tizim asoschisi, kommunist-bolsheviklar “dohiysi” Vladimir Lenin avlodlarining deyarli barchasi (otasi tomonidan uning onasi Aleksandra Blank orqali) hozir Shvetsiya va AQShda yashaydi.
SSSRning ilk rahbarlaridan biri Iosif Stalinning katta oʻgʻli Yakov Jugashvilining qizi Galina jazoirlik fuqaroga turmushga chiqib, undan Salim ismli oʻgʻil koʻrgan. Stalinning nevarasi, Yakov Jugashvilining nabirasi rejissyor Vissarion Jugashvili Nyu-Yorkka koʻchib oʻtgan. Yana bir nabirasi Kris Evans AQShning Portlend shahrida yashaydi va rus tilini bilmaydi.
Bundan tashqari, Stalindan keyingi rahbar Nikita Xrushchyovning nabirasi Nina uzoq yillardan beri AQShda yashaydi va oʻz chiqishlarida Qrimning bosib olinganini keskin tanqid qilib keladi. Bu borada u Xrushchyovning kichik oʻgʻli Sergey bilan mutlaqo qarama-qarshi fikrda. Darvoqe, Sergey ham AQShda yashaydi.
Leonid Brejnevning nevaralari (oʻgʻli Andrey orqali) Dmitriy va Leonid Oksford universitetini tamomlagan. Ularning biri vataniga qaytgan, ikkinchisi esa Angliyada qolgan. Brejnevning jiyani Lyubov Brejneva AQShning Kaliforniya shtatida yashaydi va turli memuarlar yozadi, ular Amerika nashriyotlarida chop etilgan.
SSSRning birinchi va yagona prezidenti Mixail Gorbachyovning ham qarindoshlari Gʻarbda yashaydi: uning qizi Irina AQShda, katta nabirasi Kseniya esa Germaniyada istiqomat qiladi.
Rossiyalik “vatanparvar” amaldorlarning farzandlari
Rossiyalik amaldorlar ham Gʻarbga magʻzava agʻdarib, unga qarshi kurashayotgan boʻlsa-da, ayrimlari hamda ularning farzandlari Rossiyani emas, Gʻarb davlatlarini maʼqul koʻrishadi negadir.
Ayrim maʼlumotlarga koʻra, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning qizi Liza Peskova Fransiyada marketing va biznes institutida tahsil olgan. 2016 yil bahorida u Instagram’da katta post eʼlon qilib, Rossiya taʼlim tizimini qattiq tanqid qilgan.
Sobiq senator Yelena Mizulinaning oʻgʻli Nikolay Mizulin Bern va Oksford universitetlarini tamomlagan, ispaniyalik ayolga uylangan va Belgiyada yashaydi. Shuningdek, 2013 yilda u yirik xalqaro huquq firmasi Mayer Brown’da hamkorlar qatorida boʻlgan – bu kompaniya rasman LGBT tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlovchi tashkilotlardan biri hisoblanadi.
Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning qizi Yekaterina Lavrova London iqtisodiyot maktabida tahsil olgan.
Rossiya prezidenti huzuridagi bolalar huquqlari boʻyicha sobiq vakolatli vakil Pavel Astaxovning katta oʻgʻli Anton Astaxov otasi davlatda yuqori lavozimda ishlagan paytda Oksford kolleji va Nyu-York iqtisodiyot maktabida tahsil olgan.
Sobiq Rossiya taʼlim vaziri Aleksandr Fursenkoning oʻgʻli ham AQShda oʻqigan. U 2001 yilda New York University – AQShning eng yaxshi xususiy universitetlaridan birida bakalavr darajasini olgan. Keyin esa Stanford University’da yuridik taʼlim olgan va 2005 yilda bitirgan. Universitetni tugatgach, advokatlik faoliyati uchun litsenziya olgan.
Marhum Vladimir Jirinovskiyning nabiralari Sergey va Aleksandr Shveysariya maktabida tahsil oladi. Ularning ota-onalari farzandlarining yaxshi oʻqishi uchun taʼlim muassasasiga yirik xayriyalar qilishadi.
Rossiya tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkinning oʻgʻli Andrey oilasi bilan Vengriyada yashash uchun doimiy yashash ruxsatnomasi olish uchun hujjat topshirganida matbuot nazariga tushgan. Bu maqsadda u Vengriya obligatsiyalariga 300 ming yevro investitsiya kiritgan, qoʻshimcha ravishda 60 ming yevro toʻlov qilgani aytiladi.
Rossiya propagandasi ruporlaridan biri, “Rossiya” telekanalida ishlagan va bir qator rasmiy jamoat kengashlari aʼzosi boʻlgan Sergey Brilyov 2001 yildan beri Buyuk Britaniya fuqarosiga ega ekani aytilgan.
Uning rafiqasi Irina 2016 yildan Londondagi 700 ming funt qiymatdagi kvartiraga egalik qiladi va u ham Buyuk Britaniya fuqarosi hisoblanadi.
Yana bir rus propagandasi rupori Vladimir Solovyov esa Italiyaning Komo koʻli yaqinida villasi borligi va u yerda yashash huquqiga ega ekani haqida maʼlumotlar mavjud. 2023 yilda OAVlarda uning oʻgʻli Daniil Londonda yashashi va model ekani haqida maʼluomtlar tarqaldi.
Rossiya hukumati sobiq birinchi oʻrinbosari Igor Shuvalov Avstriyada 1480 m² maydonli qasr, Dubayda villa, Buyuk Britaniyada katta xonadonga egalik qilishi haqida yozilgan.
Rossiya davlat dumasi sobiq birinchi oʻrinbosari va Rossiya olimpiya qoʻmitasi sobiq rahbari Aleksandr Jukovning oʻgʻli Pyotr Nyu-York va Londonda yashagan. U Buyuk Britaniyada bir fuqaroga hujum qilgani uchun 14 oy qamoq va 7500 funt jarimaga hukm qilingani haqida xabarlar mavjud.
Shuningdek, Rossiyaning BMTdagi sobiq vakili, marhum Vasiliy Nebenzyaning xotini va farzandlari ham yashash va ishlash uchun AQShni tanlashgan.
Xulosa
Qosim Sulaymoniyning qarindoshi bilan bogʻliq hodisa – ancha keng koʻlamli manzaradagi faqat bir kichik epizod xolos. Lekin bu hodisalar avtoritar tuzumlardagi propaganda aslida xalqqa qaratilgani, elita esa oʻzgacha qonun va qoidalar hamda mafkura bilan yashashini oshkor qiladi. Masalan, Shimoliy Koreyada Gʻarb yaratgan texnika va komfort hayot neʼmatlari xalq uchun taqiqlangan (Gʻarbning zaharli merosi sifatida), ammo elitaning oʻzi bu neʼmatlardan bajonidil foydalanadi. Kim Chen Irning otasi ham xalq ochlikdan qirilayotgan paytda har kuni oqshomda shishasi 15 ming dollar turadigan sharob ichishlikni kanda qilmagan va hokazo.
Shu nuqtai nazardan qaralganda, ideologiya koʻp hollarda umumiy hayot tarzini belgilash vositasi boʻlib xizmat qiladi, ammo elitalarning shaxsiy strategiyasi va isteʼmoli global reallikka moslashgan holda shakllanadi.
Abulfayz Sayidasqarov
