platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyevga Butunjahon taekvondo federatsiyasining Shon-sharaf ordeni topshirildi

Federatsiya prezidenti Cho Chung Von esa “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi.

Shavkat Mirziyoyevga Butunjahon taekvondo federatsiyasining Shon-sharaf ordeni topshirildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 aprel kuni yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionati doirasida mamlakatimizda boʻlib turgan Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti Cho Chung Vonni qabul qildi.

Taʼkidlash joizki, soʻnggi yillarda yurtimizda taekvondo bilan muntazam shugʻullanuvchilar soni deyarli ikki baravarga oshib, 35 ming nafarga yetdi. Vakillarimiz Parijdagi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida ushbu sport turi boʻyicha umumjamoa hisobida faxrli uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritishdi.

Uchrashuv davomida Cho Chung Von Oʻzbekistonda sportni jadal rivojlantirish, yoshlar orasida jismoniy tarbiyani targʻib etish, zamonaviy infratuzilmani yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

Tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, professional sportchilar va hakamlarni tayyorlash, yuqori texnologiyalar, sunʼiy intellekt, sport tibbiyoti borasida ilgʻor tajribalarni almashish va nufuzli xalqaro musobaqalarni Oʻzbekistonda muntazam oʻtkazish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatimizda taekvondoni ommalashtirishga qoʻshgan shaxsiy hissasi, sport orqali jahon xalqlarining oʻzaro doʻstlik va hamjihatlik aloqalarini kuchaytirish borasidagi katta xizmatlari uchun Cho Chung Vonni davlatimizning yuksak mukofoti – “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirladi.

Cho Chung Von, oʻz navbatida, Prezident Shavkat Mirziyoyevga sportni rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun Butunjahon taekvondo federatsiyasi tomonidan taʼsis etilgan oliy shaxsiy mukofot – Shon-sharaf ordenini topshirdi.

Ushbu orden ilk bor aynan davlatimiz rahbariga taqdim etilgani, bu yurtimizda sportni, xususan, taekvondoni rivojlantirish, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning xalqaro miqyosda eʼtirof etilganidan dalolat berishi taʼkidlandi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid