Shavkat Mirziyoyev Javohir Sindarovni tabrikladi
Suhbatda Javohir Sindarov ushbu turnirda ilgari hech kim yeta olmagan yuksak marrani zabt etgani, 14 ta oʻyinda 6 marotaba gʻalaba qozongani sport olamida kamdan-kam uchraydigan noyob hodisa ekani alohida taʼkidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro shaxmat federatsiyasining Nomzodlar turniri gʻolibi Javohir Sindarov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari yosh grossmeysterimizni Oʻzbekiston shaxmat tarixida birinchi marta mazkur nufuzli musobaqada zafar qozonib, tom maʼnodagi tarixiy gʻalabaga erishgani bilan samimiy tabrikladi.
Suhbatda Javohir Sindarov ushbu turnirda ilgari hech kim yeta olmagan yuksak marrani zabt etgani, 14 ta oʻyinda 6 marotaba gʻalaba qozongani sport olamida kamdan-kam uchraydigan noyob hodisa ekani alohida taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari yosh grossmeyster dunyoning eng dongdor shaxmatchilariga qarshi har bir bahsda katta jasorat va mahorat bilan dona surib, kuchli iroda, yuksak intellektual salohiyat va qatʼiyat fazilatlarini namoyon etganini qayd etdi.
Prezident endi Javohir Sindarov oldida jahon toji uchun hal qiluvchi va sharafli bellashuv turganini qayd etib, boʻlajak oʻyinlarda unga yanada ulkan omad, kuch-gʻayrat va yangi zafarlar tiladi.
Suhbatda joriy yil Samarqand shahrida oʻtadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida Javohir Sindarovning ishtiroki, shubhasiz, jamoamizga katta ruh va ishonch bagʻishlashi qayd etildi.
Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbari Javohir Sindarovning ota-onasi, yaqinlari, ustoz va murabbiylarini ham ushbu tarixiy gʻalaba bilan chin yurakdan tabrikladi.
Javohir Sindarov yuksak eʼtibor, samimiy qutlov va bildirilgan ishonch uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirdi.
