platina.uz
Maqola

Rossiya nega fazo poygasida ortda qoldi?

Bugungi kosmos orbitani kim toʻldiradi, kim tez va arzon uchiradi, kim sunʼiy yoʻldosh tarmoqlarini qurishi mumkin, degan savollarga javob topa oladigan subʼektlar qoʻliga oʻtmoqda.

Rossiya nega fazo poygasida ortda qoldi?
Fotokollaj: Platina.uz

Yaqin vaqtlargacha fazo sohasi Rossiya uchun nafaqat texnologik maydon, balki siyosiy nufuz ramzi ham edi. Sovet merosi shu qadar kuchli ediki, SSSR parchalanganidan keyin ham Rossiya uzoq yillar davomida kosmosda yetakchi davlatlardan biri sifatida qolayotganini daʼvo qilib keldi.

Biroq bugun vaziyat oʻzgargan. Fazo endi shon-shuhrat poygasi emas – u sanoat va iqtisodiyot sohasiga aylangan. Yangi reallikda esa Rossiya asta-sekin oʻz pozitsiyalarini boy bermoqda.

Yana AQSh oldinda

Joriy yil aprel oyi boshida NASAning “Artemida-2” (Artemis II) dasturi doirasidagi Oy atrofida boshqariluvchi parvoz missiyasi Kennedi kosmik markazidan start oldi. 10 aprelda NASAning “Orion” kosmik kemasi toʻrt nafar astronavt bilan birga muvaffaqiyatli ravishda Yerga qaytib, missiyani yakunladi. Kapsula Tinch okeanida, Kaliforniya sohillari yaqinida suvga qoʻndi.

Missiyada erishilgan natijalar kichik emas. Jumladan, “Orion”ning barcha kritik tizimlari Oy masofasida odam ishtirokida toʻliq barqaror ishlagani – hayotni qoʻllab-quvvatlash, aloqa, navigatsiya va harorat nazorati maromida boʻlgani tasdiqlandi.

Insonning Yerdan eng katta uzoq masofada boʻlish rekordi oʻrnatildi. NASA atsronavtlari Yerda 406 771 km uzoqlikda parvoz qilishdi.

Oyning teskari tomoni birinchi marta yaqin masofadan kuzatildi va suratlarga muhrlandi. Shuningdek, uzoq fazoning inson organizmiga taʼsiri boʻyicha ilk ilmiy maʼlumotlar olindi: Van Allen radiatsiya kamarlaridan tashqarida nurlanish darajasi, immunitet biomarkerlari, uyqu va jismoniy faollik koʻrsatkichlari hamda izolyatsiya sharoitidagi fiziologik oʻzgarishlar oʻrganildi.

Qayd etish joiz, “Artemida-2” missiyasi 1972 yilda Apollo dasturi yakunlanganidan soʻng Oy atrofiga qilingan birinchi uchuvchili parvoz hisoblanadi. Mazkur parvoz yana Rossiyaning “kosmik poyga”da yutqazgani haqidagi fikrlarni quvvatlagandek boʻldi.

Hozirgi vaziyat

Rossiya rasmiy maʼlumotlariga koʻra, 2022 yil 1 yanvar holatiga orbitada jami 102 ta sunʼiy yoʻldosh mavjud boʻlgan, ular orasida Yerni masofadan zondlash uchun moʻljallangan 25 ta apparat ham bor.

Pixalytics kompaniyasi hisob-kitoblariga koʻra, Yerni masofadan zondlash sohasini tahlil qiladigan bu tashkilot maʼlumotlariga muvofiq, 2021 yilda Rossiyada Yerni masofadan zondlash (YeMZ) boʻyicha 35 ta sunʼiy yoʻldosh boʻlgan va ularning barchasi davlatga tegishli.

Oʻsha davrda AQShda davlat tuzilmalari yuzlab sunʼiy yoʻldoshlardan foydalanish imkoniyatiga ega edi, ularning katta qismi xususiy kompaniyalar tomonidan boshqarilgan. Pixalytics hisob-kitoblariga koʻra, 2021 yilda AQShda 440 ta YeMZ sunʼiy yoʻldoshi bor edi.

Geospatialworld sayti maʼlumotlariga koʻra, faqat Planet Labs kompaniyasining oʻzi – Yer suratlarini sotuvchi xususiy operator – 188 ta sunʼiy yoʻldoshga ega boʻlgan.

Fazoga uchish endi obroʻ emas, iqtisodiy samaradorlikdir

Taʼkidlash kerak, oxirgi 15 yildagi eng katta oʻzgarish – texnologik emas, konseptual oʻzgarishdir. Agar XX asrda fazo davlatlar oʻrtasidagi siyosiy raqobat maydoni boʻlgan esa (birinchi sunʼiy yoʻldosh, birinchi inson parvozi, Oyga qoʻnish), bugun u boshqa jihatlarga eʼtibor qaratmoqda. Sunʼiy yoʻldosh tarmoqlari, tijoriy uchirishlar, orbitadan internet tarqatish, ommaviy raketa ishlab chiqarish shular jumlasidandir. Endi gʻalaba “birinchi boʻlish”da emas, balki tezlik, arzonlik va hajmda koʻrilmoqda.

SpaceX inqilobi va Rossiya qoʻldan bergan taraqqiyot

Eng katta oʻzgarish SpaceX va qayta ishlatiladigan raketalar paydo boʻlishi bilan yuz berdi. Gʻoya juda oddiy edi: raketa bir martalik emas, bir necha marta uchish vositasiga aylanishi lozim edi.

SpaceX yutuqlari qayta ishlatiladigan bosqichlar va raketalar, uchirish narxining keskin pasayishi, bir yilda bir necha parvozlarni amalga oshirishda namoyon boʻldi. Bu kosmik “bozor”ni toʻliq oʻzgartirdi.

Rossiya esa sovet merosiga, eski modelga tayanishda davom etdi. Masalan, “Soyuz” raketalari (bir martalik), bosqichma-bosqich modernizatsiya, tubdan yangi tizimlarning sekin joriy etilishi va hokazolar. Qolaversa, Rossiyadagi tubsiz korrupsiya va oʻgʻirliklar ham bunga xalaqit bermoqda. Uzoq Sharqda qurilayotgan yangi kosmodromning hamon bitmagani va milliard dollarlik oʻgʻirliklar bu fikrni tasdiqlaydi.

Bu ham yetmagandek Ukraina bilan urush tufayli pul ortmayapti. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, Rossiya Ukrainaga qarshi urushda 1 yilda “Artemida-2” missiyasi uchun ajratilgan mablagʻdan-da koʻproq pulni sarflayapti.

Sovet merosi: kuch ham, cheklov ham uygʻun

Rossiya kosmonavtikasi asosan SSSR davrida, 15 ta respublikaning moliyaviy va ilmiy qudrati, KGB razvedkasining muttasil xorijiy texnologiyalarni oʻgʻirlab kelishi natijasida yaratilgan tizimlarga tayanadi. “Soyuz” (1960-yillar), “Proton”, Boyqoʻngʻir infratuzilmasi bunga misol boʻladi. Bu meros SSSRdan keyin ham oʻz shamoyilini saqlab qoldi. Rossiya bunga durustroq oʻzgartirish kirita olmadi. Tizim takomillashtirilgandek boʻldiyu, lekin qayta yaratilmadi.

Xitoy va AQSh: ikki xil tezlashish

Ayni paytda fazoda AQSh va Xitoy ustunlik qilmoqda. Rossiya barqarorlikka tayangan bir paytda raqiblar ancha ilgarilab ketishdi.

Xususan, AQShda SpaceX dunyoda eng koʻp uchirishlarni amalga oshirmoqda. Internet taʼminoti uchun ishlab chiqilgan Starlink minglab sunʼiy yoʻldoshlar orbitaga chiqardi. Xususiy sektor asosiy kuchga aylandi.

Xitoy esa “Tyangun” orbital stansiyasi, oy missiyalari, Oyning teskari tomonidan namuna olib kelish kabi yutuqlari bilan koʻzga koʻrindi.

Sunʼiy yoʻldoshlar bozori: yoʻqotilgan imkoniyat

Bugun fazodagi texnologik natijalar asosan sunʼiy yoʻldoshlardan iborat boʻlib qolgan. Kosmik tadqiqotlar aloqa, internet, navigatsiya, harbiy tizimlar uchun xizmat qilmoqda. Rossiyada esa GPS’ga muqobil tizim sifatida yaratilgan GLONASS mavjud, ammo rivojlanish surʼati sekin ketyapti.

Iqtisodiy model: nega innovatsiya sekinlashdi

Rossiyada kosmos uzoq vaqt davomida davlatga qattiq bogʻlangan tizim boʻlib keldi. Bu esa raqobatni chekladi, xususiy tashabbusni kamaytirdi, xarajatni pasaytirish bosimini kuchsiz qildi. Yangi kosmik iqtisodiyotda esa aynan tezlik va arzonlik hal qiluvchi omil hisoblanadi.

2014 yildan keyin, ayniqsa, 2022 yildan soʻng xalqaro hamkorlik keskin qisqardi. ESA va NASA bilan loyihalar cheklandi, texnologik zanjirlar uzildi, global bozor bilan integratsiya kamaydi. Masalan, ExoMars loyihasi toʻxtatildi. Rossiyada nafaqat siyosat va iqtisodiyotda, balki ilm-fan, xususan, fazoni tadqiq etish borasida ham jahon yangiliklaridan ihotalanib, tabiiy ravishda taraqqiyot imkoniyatlaridan mahrum boʻldi.

Yana bir muhim omil – inson kapitali – kadrlar hisoblanadi. Rossiyalik mutaxassislarning bir qismi xorijga ketmoqda, bir qismi IT va xususiy sektorga oʻtmoqda, yosh muhandislar oqimi kamaymoqda. Bu darrov sezilmaydi, lekin uzoq muddatli iqtisbolda katta va salbiy taʼsirini albatta koʻrsatadi.

Yangi fazo poygasi qoidalari oʻzgargan

Bugungi kosmos orbitani kim toʻldiradi, kim tez va arzon uchiradi, kim sunʼiy yoʻldosh tarmoqlarini qurishi mumkin, degan savollarga javob topa oladigan subʼektlar qoʻliga oʻtmoqda. Rossiya hamon kosmik davlat, lekin dunyo kosmonavtikasi qoidalarni belgilamaydigan aktorga aylandi.

Xulosa

Rossiyaning fazoda ortda qolishi murakkab hodisa. Bu ikki davr oʻrtasidagi oʻtish natijasi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Rossiya kosmosdan chiqib ketmadi.

Faqat kosmosning oʻzi va “oʻyin” qoidalari oʻzgardi. Rossiya esa yangi vaziyatga moslasha olmayapti xolos.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid