Osiyo kubogi-2027 musobaqasiga qachon qurʼa tashlanishi aniq boʻldi
Ayni paytda turnirda ishtirok etadigan 24 terma jamoadan 23 tasining nomi aniq. Bu jamoalar ichida Oʻzbekiston ham bor.

2027 yilgi Osiyo kubogi musobaqasining final bosqichiga qurʼa tashlash sanasi maʼlum boʻldi.
Osiyo futbol konfederatsiyasi 2027 yili Saudiya Arabistoni mezbonligidagi Osiyo kubogiga qurʼa tashlash marosimi haqida maʼlumot berdi. Unga koʻra, marosim 2026 yil 9 may kuni Ar-Riyod shahrida boʻlib oʻtadi.
Ayni paytda turnirda ishtirok etadigan 24 terma jamoadan 23 tasi nomi aniq boʻlib ulgurgan. Final bosqichiga qurʼa tashlash marosimida ishtirokchi terma jamoalar 6 guruhga boʻlinadi.
Maʼlumot uchun, Osiyo kubogi musobaqasi 2027 yilning 7 yanvaridan 5 fevraliga qadar boʻlib oʻtadi. Qurʼa tashlash marosimining boshlanish vaqti boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlar OFKning rasmiy sahifalarida eʼlon qilinadi.
