platina.uz
Maqola

Yadro quroli nega boshqalarga mumkinu, Eronga mumkin emas?

Shimoliy Koreya, Isroil, Hindiston va Pokiston yadro bombasiga ega. Nega ularga chora koʻrilmaydi? Nega qurolli hujum qilishmaydi?

Yadro quroli nega boshqalarga mumkinu, Eronga mumkin emas?
Fotokollaj: Platina.uz

Bugungi kunda Eron va AQSh-Isroil koalitsiyasi oʻrtasidagi qurolli mojaro dunyo mediasi fokusida turibdi. AQSh va Isroil oʻz raketa zarbalarining asosiy sababi sifatida Eronning oʻz yadroviy quroliga ega boʻlishiga yoʻl qoʻymaslikni koʻrsatadi.

Xoʻsh, dunyoning boshqa sanoqli davlatlari kabi Eron ham oʻz yadroviy quroliga ega boʻlsa, nima qilibdi? Tehron doimo oʻz yadroviy dasturi qurol yasashga qaratilmaganini taʼkidlab kelgan. Hatto Oyatullo ham buni taqiqlab fatvo bergan. Lekin Shimoliy Koreya yadro bombasiga egaligini oshkora aytib keladi. Nega unga sanksiyalardan boshqa chora koʻrilmaydi? Nega Shimoliy Koreyaga qurolli hujum qilishmaydi? Hozir shu savollarga javob topishga urinamiz.

Yadro qurolining paydo boʻlishi

XX asr oʻrtalarida yadroviy qurol paydo boʻlganidan soʻng, xalqaro hamjamiyat insoniyat uchun mislsiz xavf bilan toʻqnash keldi. Yadroviy qurol butun sivilizatsiyani yoʻq qilishga qodir boʻlgani sababli, nafaqat harbiy, balki siyosiy kuch vositasiga aylandi.

Zero, yadroviy qurolni tarqatmaslik tizimi davlatlar oʻrtasidagi tenglik tamoyiliga emas, balki tarixan shakllangan kuchlar muvozanatini saqlashga asoslangan boʻlib, u global barqarorlikni taʼminlash bilan birga yetakchi davlatlar manfaatlarini ham aks ettiradi.

1945 yilda yadroviy qurol ilk bor qoʻllanilishi uning halokatli kuchini namoyon qildi va qurollanish poygasiga start berdi. Keyinchalik SSSR, Buyuk Britaniya, Fransiya va Xitoy ham yadroviy qurol yaratdi.

1960-yillar oʻrtalariga kelib, yadroviy qurol tarqalishi nazorat qilinmasa, xalqaro xavfsizlikka jiddiy tahdid solishi ayon boʻldi. Bu esa xalqaro nazorat mexanizmlarini yaratish zarurligini tugʻdirdi.

Vaziyat shunday tus oldiki, Ikkinchi jahon urushining asosiy gʻolib davlatlari – faqatgina AQSh, SSSR, Buyuk Britaniya, Fransiya va Xitoyda yadroviy qurol boʻlishiga ruxsat berildi. Bu davlatlar BMT Xavfsizlik kengashining doimiy, yaʼni veto huquqiga ega aʼzolariga ham aylanishdi. De-fakto, ularning ruxsatisiz hech bir davlat yadro quroliga ega boʻlishi taqiqlandi.

Yadroviy qurolni cheklash sabablari

1968 yilda qabul qilingan Yadroviy qurolni tarqatmaslik toʻgʻrisidagi shartnoma global nazorat tizimining asosiga aylandi. Unga koʻra, 1967 yilgacha yadroviy sinov oʻtkazgan davlatlar yadroviy davlat sifatida tan olinadi. Boshqa davlatlar esa yadroviy qurol yaratmaslik majburiyatini oʻz zimmasiga oladi. Shu tariqa, mazkur shartnoma yuqorida zikr etilgan beshta qudratli davlatning ustun va mumtoz maqomini mustahkamladi.

Chunki yadroviy davlatlar soni koʻpayishi qurol qoʻllanish ehtimolini kuchaytiradi. Bu esa global halokat xavfini karrasiga oshiradi.

Qolaversa, yadroviy texnologiyalar tarqalishi yadroviy qurol noqonuniy qoʻllarga tushish xavfini oshiradi.

“Oʻyin qoidalarini” buzgan yangi yadroviy davlatlar

Biroq shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi. Faqat 1967 yilgacha yadroviy sinovlar oʻtkazgan 5 ta qudratli davlatga yadro bombasiga ega boʻlishga ruxsat berilgan ekan, nega Hindiston, Pokiston va Isroilda ham yadro kallaklari paydo boʻlib qoldi?

Gapni Hindistondan boshlasak, bu davlat yadro qurolini tarqatmaslik toʻgʻrisidagi shartnomani adolatsiz deb hisoblab, uni imzolamadi va 1974 yilda yadroviy sinov oʻtkazdi.

Qolaversa, Hindiston 1974 yilga kelib, Xitoy va Pokiston bilan kelib chiqqan qurolli toʻqnashuvlar va tarixiy geosiyosiy adovat bois yadroviy qurol yaratdi. Jahon hamjamiyati bunga toʻsqinlik qila olmadi, chunki Hindiston dasturni mustaqil ravishda rivojlantirdi. Ilk bosqichlarda Kanada tadqiqot reaktorini yetkazib berib, katta yordam koʻrsatdi, AQSh esa bilvosita kadrlar tayyorlashga koʻmaklashdi.

Oʻsha paytda Hindiston dunyodagi eng yirik demokratiyalardan biri boʻlgani sababli, Gʻarb tomonidan qattiq bosim koʻrsatilmadi. SSSR va AQSh esa birgalikda keskin choralar koʻra olmadi. Hindiston SSSR bilan doʻstona aloqalarga ega edi. AQSh esa Osiyoda Xitoyning oshib borayotgan qudratini cheklash uchun Hindistoning bu qadamlariga toʻsqinlik qilmadi.

Pokiston qanday qilib yadro bombasi yaratdi?

Pokiston 1990-yillar oxiriga kelib yadroviy qurol yaratdi, asosiy maqsad – Hindistonga qarshi xavfsizlikni taʼminlash edi. Ayniqsa, 1971 yilgi urushdagi magʻlubiyatdan soʻng, Bangladeshning Pokistondan ajralib chiqqani katta ruhiy zarba boʻldi va keskin qadamlarga undadi. Oʻsha paytdagi Pokiston bosh vaziri Zulfiqor Ali Bxutto: “Biz oʻt yeyishga majbur boʻlsak ham, oʻz atom bombamizni yaratamiz”, deya bayonot berdi.

Pokistonga eng muhim tashqi yordamni Xitoy koʻrsatdi. Pekin Pokistonga texnologiyalar, chizmalar va materiallar yetkazib berdi. Chunki Xitoy oʻz raqibi Hindistonning yadro qurolini yaratganiga muvozanat yaratish, Dehlini tiyib turish maqsadida Pokistonga koʻmak berdi.

Jahon hamjamiyati buni toʻxtata olmadi, chunki dastur maxfiy olib borildi, Xitoydan texnologik yordam olindi. Buning ustiga Pokiston geosiyosiy jihatdan muhim davlat hisoblanar edi. Ayniqsa, 1979 yilda SSSR Afgʻonistonga bostirib kirganida, Gʻarb davlatlari Moskvaga qarshi kurashda Pokiston hududi va harbiy imkoniyatlaridan foydalanayotgani bois unga qarshilik koʻrsatmadi. Ayni paytda Pokistonda taxminan 170 ta yadroviy kallak borligi aytiladi. Hindistonda ham biroz koʻproq yoki shu raqamga yaqin.

Isroil qanday qilib atom bombasiga ega boʻldi?

Isroil 1960-70-yillarda Fransiya yordamida boshlangan maxfiy dastur va, masalan, Argentinadan xarid qilingan urandan foydalanish orqali yadroviy qurol yaratdi. Tashqi taqiqning mavjud emasligining asosiy sabablari – “yadroviy noaniqlik” siyosati boʻldi. Yaʼni Isroil hozirgacha unda atom quroli mavjudligini tasdiqlamaydi ham, rad etmaydi ham. Shuningdek, Isroilning Yadroviy qurolni tarqatmaslik haqidagi xalqaro shartnomani imzolamagani, eng muhimi – AQShning ulkan qoʻllab-quvvatlashi Tel-Avivga xalqaro sanksiyalarga tushmaslik imkonini berdi. Zero, Isroil AQShning Yaqin Sharqdagi asosiy strategik ittifoqchisi boʻlib, bu unga BMT yoki Xavfsizlik Kengashi tomonidan jiddiy sanksiyalardan himoyalanish imkonini beradi.

Isroilning taʼbiricha, dushman davlatlar bilan oʻralgan holatda yashash sharoitida yadroviy salohiyat Isroil tomonidan omon qolish kafolati sifatida qaraladi. Hozir Isroil taxminan 90 ta yadroviy kallakka ega.

Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturi

Koreya xalq demokratik respublikasi, yaʼni Shimoliy Koreya 1960-70-yillardan boshlab oʻz yadroviy dasturini rivojlantirdi. U tegishli shartnomani imzolaganiga qaramay, SSSR reaktorlari va texnologiyalaridan foydalanib, Pxenyan avtonomlikka erishdi. Keyinroq shartnomadan chiqib, 2006-2017 yillarda olti marta yadroviy sinov oʻtkazdi. Buni taqiqlash imkoni boʻlmadi, chunki “qamaldagi qalʼa” strategiyasi, ittifoqchilarning qoʻllab-quvvatlashi, AQShning yadroviy tiyib turish salohiyati va qoʻshnilar – Xitoy va Rossiyaning Shimoliy Koreyadagi rejimning qulashiga qarshi ekani ham foyda berdi.

KXDRning qoʻshnilari Xitoy va Rossiya rejim qulagan vaziyatda muhojirlar oqimi va AQSh qoʻshinlari chegarada paydo boʻlishidan xavotirga tushdi.

BMT xavfsizlik kengashining qatʼiy iqtisodiy sanksiyalariga qaramay, KXDR yashirin taʼminot kanallari va ichki resurslarga tayangan holda oʻz yadroviy dasturni davom ettirdi.

Shu tariqa, 2022 yilda KNDR rasman oʻz rahbariyatiga tahdid tugʻilganda preventiv yadroviy zarba berish huquqini tasdiqladi.

Hozir KNDR taxminan 30-50 ta yadroviy kallaklarga ega va ularni yetkazish uchun raketalarni faol rivojlantirmoqda.

Eron va unga xalqaro siyosiy bosim

Ana endi suhbatimiz boshida qoʻyilgan savolga qaytsak. Xoʻsh, nega boshqalarga mumkinu, Eronga mumkin emas?

Eron yadroviy qurolga ega emas, ammo uning yadroviy dasturi Gʻarb davlatlarida doimo katta xavotir uygʻotadi.

Gʻarb, avvalambor AQSh va Yevropa Ittifoqi davlatlari hamda ularning mintaqadagi asosiy ittifoqchisi – Isroil, Eronning yadroviy qurolga ega boʻlishiga bir necha sabablarga koʻra qarshi chiqadi.

Avvalo, Eron rahbariyati muntazam Isroilni yoʻq qilishi haqida chaqiriqlar bilan chiqib keladi. Shu bois Isroil va AQSh Eron yadroviy bombasini yahudiy davlatiga toʻgʻridan-toʻgʻri “ekzistensial tahdid” sifatida koʻradi.

1979 yildagi inqilobdan soʻng Fransiyadan kelgan Oyatullo samolyotdan tushgan zahoti “Biz Isroilni yoʻq qilamiz” deya bayonot bergan. Bu bayonot bir qator konspirologik nazariyalarga ham sabab boʻlgan. Chunki Isroil oʻz harbiy faoliyatini davom etirishi va Gʻarbning harbiy-moliyaviy yordamini olib turishi uchun doimiy tashqi dushman boʻlishi shart edi. Oʻsha paytlarda arab davlatlari nisbatan koʻnikib qolgan, mintaqada boshqa dushman yoʻq edi hisob. Yangi Eron oliy rahbarining bu dushmanona bayonoti Isroil uchun ayni muddao boʻldi.

Qolaversa, Eronning yadroviy quroli paydo boʻlishi qoʻshni davlatlarni, masalan, Turkiya va Saudiya Arabistonini oʻz atom dasturlarini ishlab chiqishga undashi tabiiy. Bunga Gʻarb ham toʻsqinlik qilmasligining ehtimoli katta. Bunday vaziyat esa Yaqin Sharqda yadroviy qurolning nazoratsiz tarqalishiga olib keladi.

Shu bilan birga, Eronning yadroviy qalqonga ega boʻlishi, Tehron yaratgan va boshqarayotgan bir qator buzgʻunchi harbiy guruhlar, masalan, “Hizbulloh” va xusiylar orqali yanada agressiv harakat qilish imkonini beradi. Eron va eronparast shia jangarilari toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy hujumdan qoʻrqmay qolishadi. Shuningdek, yadroviy texnologiyalar yoki materiallar terroristik tashkilotlar qoʻliga oʻtib ketish xavfi ham reallashadi.

Shu kunlarda Eronning “Alining alamini Validan olish” tamoyili asosida AQSh va Isroilning hujumlariga javoban mintaqadagi sunniy musulmon davlatlarni ayovsiz vayron qilayotganiga guvoh boʻlib turibmiz. Endi tasavvur qiling, yadro quroli boʻlganida Tehron bu davlatlarga atom bombasi tashlashdan ham tap tortmas edi. Putinning mashhur taʼbiri bilan aytganda, “Ular shunchaki oʻlib ketishadi, biz esa jannatga tushamiz” qabilida ish tutgan boʻlardi.

Bundan tashqari, Eronning proksi harbiy guruhlari Yaqin Sharqdagi notinchliklarning asosiy sababchisi hisoblanadi. Bu guruhlar oʻldirgan sunniy musulmonlar soni gʻarb davlatlari sabab boʻlgan oʻlimlardan bir necha marta koʻp. Hatto Bashar Asad rejimining 2013 yildan 2018 yilgacha Suriyada oʻz fuqarolari – 2000 dan ziyod sunniy musulmonlarni zaharli kimyoviy qurol bilan azobli oʻlimga giriftor qilishida ham bilvosita Oyatullo rejimining yordami bor. Suriyada Asad va Oyatullo rejimi Rossiya harbiylari bilan hamkorlikda 200 mingdan ziyod sunniy musulmonlarni qirib yuborishdi. Fuqarolik urushida jami 600 mingdan ziyod Suriya fuqarosi halok boʻldi. Millionlab suriyaliklar qochoqqa aylandi. Hizbullohning kasofati va qudrati shunchalik kattaki, hatto Livan bu jangarilarni oʻz hududidan haydab chiqarish uchun Gʻarbdan yordam soʻrashga majbur. Isroil uchun esa bu proksi guruhlarning mavjudligi oʻz harbiy hujumlarini legallashtirish, Falastindagi xunrezliklarini oqlash uchun zoʻr bahona boʻlmoqda.

Oxir-oqibat natijani koʻrsak, Erondagi agressiv harbiy tuzum musulmonlarga naf oʻrniga zarar keltirmoqda. Bu rejim faqat shialarga va oʻz ittifoqchilari Rossiya, Armaniston va boshqalar uchun foydali xolos.

Qolaversa. Eron oshkora boʻlmasa-da, mintaqada turkiy birlik gʻoyasiga qarshi chiqadi, forslar irqining oliyligini tiklash gʻoyalariga tayanadi. Yadro quroliga ega Eronning paydo boʻlishi Markaziy Osiyo uchun ham foyda keltirmaydi, balki yangi va kuchli tahdid paydo boʻladi. Shundogʻam AQSh, Rossiya va Xitoy bilan hamkorlik oʻrtasida siyosiy muvozanat oʻrnatishga urinayotgan Markaziy Osiy davlatlari endi Eroning ham qosh-qovogʻiga qarab ish tutishga majbur boʻladi.

Xoʻsh, bunisi tushunarli, ammo nega Shimoliy Koreya oshkora tarzda yadro quroliga ega boʻlsa-da, unga Gʻarb hujum qilmayapti? Javob esa shu savolning oʻzida yashirin. Chunki Shimoliy Koreyada yadro quroli bor. Unga hujum qilish nafaqat mintaqa, balki butun dunyoda xavfsizlikka ulkan tahdid solgan boʻlardi. Eronda esa yadro quroli yoʻq.

Koʻrinib turibdiki, hozirgi dunyoda yadro quroliga egalik yoki unga ega davlatlar bilan doʻstlashish, milliy xavfsizlikning asosiy kafolati boʻlib qolmoqda.

Soʻzimiz yakunida mavzudan biroz chetlansak. Jinoyat olamida qamoq romantikasi ulugʻlanadi. Qamoqqa tushib chiqqan odam hurmatli va qudratli deb oʻylashadi. Lekin asl qonundagi oʻgʻrilar orasida bir gap bor: “Agar rostan ham qudratli va aqlli boʻlganida, qamoqqa tushmaslikning uddasidan chiqardi”, deyishadi.

Eroning yadro quroliga intilishlariga mahliyo boʻlayotganlar uchun ham shu gapni aytish mumkin. Agar Eron rostan aqlli va qudratli boʻlganida allaqachon yadro quroli yaratishning uddasidan chiqardi.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid