Hamma tonnalab shakar yeb yotibdi – Surxondaryo hokimi
Ulugʻbek Qosimov shakar zararini aniqlash uchun olimlarni jalb etganini aytgan.

Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov “hamma tonnalab shakar yeb yotgani”ni gapirgani haqida video tarqaldi.
Videodan maʼlum boʻlishicha, hokim viloyatda shakar importini kamaytirib, bozorda narx tushishiga erishmoqchi ekanini bildirgan.
“Kecha olimni olib kelib, shakarning zararini oʻrgattirdim. Hamma tonnalab shakar yeb yotibdi. Biz hozir Surxondaryoda ming tonna shakar importini qisqartirsak, bozorda narxi arzon boʻladi. Oyogʻimiz tagida 3 ming tonna asal ishlab chiqarar ekanmiz, nega asal yemaymiz? Shuncha baliqchimiz turganda nega baliqni Vetnamdan olib kelishimiz kerak”, degan Qosimov.
Iqtisobdchi bloger Otabek Bakirovning fikricha, Surxondaryoda shakar importini qisqartirish shart emas, chunki viloyatga shakar importining oʻzi yoʻq hisobi.
“Shakarning organizmga zarari haqida gapirish toʻgʻri, lekin shakar gurkirab rivojlanayotgan oziq-ovqat sanoatimiz uchun asosiy xomashyolardan ekanini unutmaslik lozim. Shakar importini qisqartirib, biz oʻz sanoatimizga va eksportimizga zarba beramiz. Qaytanga shakar importi uchun ajdarho bojlarni bekor qilish haqida gapirish oʻrinli boʻlardi. Shunda qimmatlayotgan shakar, hokim aytayotganidek, bozorda arzon boʻladi”, deb yozgan bloger.
