Viktor Orban partiyasi Vengriyadagi saylovlarda magʻlubiyatga uchradi
Saylov natijalari toʻliq eʼlon qilinmasa ham, muxolifat gʻalaba qozonishi deyarli aniq boʻldi. Orban 2010 yildan buyon bosh vazir edi.

Vengriya muxolifatining "Tisa" partiyasi yetakchisi Peter Madyar Vengriya parlament saylovlarida gʻalaba qozonganini eʼlon qildi.
U 12 aprel kuni kechqurun Budapeshtda boʻlib oʻtgan mitingda nutq soʻzladi.
"Tisa" va Vengriya bu saylovlarda gʻalaba qozonishdi. Bu kichik gʻalaba emas, balki juda katta gʻalaba. Birgalikda biz Orban tizimini oʻzgartirdik. Birgalikda biz Vengriyani ozod qildik va uni qaytarib oldik", dedi Madyar.
U shuningdek, mamlakatning Yevropa Ittifoqi va NATOdagi toʻliq aʼzoligini tiklashini va Vengriyada demokratiyani mustahkamlash choralarini koʻrishini aytdi. "Biz demokratiya va uning mustaqilligini taʼminlaydigan institutlarning faoliyatini tiklaymiz. Vengriya yana bir bor Yevropa Ittifoqi va NATOda kuchli ittifoqchiga aylanadi", dedi siyosatchi.
Ovoz berish 12 aprel kuni soat 20:00 da yakunlandi.
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban parlament saylovlari natijalarini hukmron" Fides" partiyasi uchun "ogʻriqli va tushunarli" deb atadi. U muxolifatdagi "Tisa" partiyasi yetakchisi Peter Madyarni gʻalabasi bilan tabriklaganini aytdi.
"Bu natija mamlakatimiz va millat taqdiri uchun nimani anglatishini va uning chuqurroq yoki yuqoriroq maʼnosini hozir bilmaymiz; vaqt koʻrsatadi. Natija qanday boʻlishidan qatʼiy nazar, biz muxolifat sifatida mamlakatimizga va Vengriya millatiga xizmat qilamiz", dedi Orban" Fides" shtab-kvartirasida tarafdorlari oldida nutq soʻzlaganida.
Viktor Orbanning soʻzlariga koʻra, "Fides"ga "mamlakatni boshqarish imkoniyati berilmadi".
"Biz hech qachon taslim boʻlmaymiz. Oldinda turgan bu kunlar hozircha yaralarimizni davolashga sarflanadi, ammo keyin ish yana boshlanadi", deb qoʻshimcha qildi Orban.
"Rahmat, Vengriya", deb yozdi Peter Madyar ijtimoiy tarmoqlarda. Uning qoʻshimcha qilishicha, Viktor Orban, shuningdek, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Yevropa Parlamenti aʼzosi Manfred Veber uni gʻalabasi bilan tabriklashgan. Milliy saylov byurosi maʼlumotlariga koʻra, saylovchilarning ishtiroki 77,8% ni tashkil etdi. Byulletenlarning 72,44% qayta ishlangandan soʻng, "Tisa" 53,45% ovoz va parlamentdagi 199 oʻrindan 138 tasini oldi. "Fides" 37,92% ovoz va 54 oʻrinni oldi. Vengriya Milliy Assambleyasi keyingi 30 kun ichida yangi bosh vazirni saylash uchun yigʻiladi. Viktor Orban 2010 yildan beri Vengriya bosh vaziri lavozimida ishlab kelmoqda.
