Qoʻqon sari yoʻl olgan "xavfli yuk" toʻxtatib qolindi
Ikki fuqaro qoʻshni respublikadan Oʻzbekiston hududiga noqonuniy oʻtkazilgan 11 650 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini qabul qilib olishgan.

Qoʻqon sari yoʻl olgan "xavfli yuk" oʻz vaqtida toʻxtatildi.
Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bojxona va Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazildi.
Jumladan, Qoʻqon shahrida yashovchi, 1994 va 2002 yillarda tugʻilgan 2 nafar shaxs oʻzlarining tanishi boʻlgan – Qoʻshtepa tumanida istiqomat qiluvchi, 2001 y.t. fuqaroning "Jentra" rusumli avtomashinasida Fargʻona tumaniga borib, qoʻshni respublikadan mamlakatimiz hududiga noqonuniy oʻtkazilgan 11 650 dona "Regapen" kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini qabul qilib olishgan.
Soʻngra Qoʻqon shahriga qaytib ketayotganlarida tezkor guruh tomonidan Uchkoʻprik tumani hududida toʻxtatilgan vaqtlarida, ular avtomashinadan dori vositalarini uloqtirib, voqea joyidan qochmoqchi boʻlishgan. Lekin, rejalari amalga oshmagan.
Aniqlanishicha, qonunbuzarlar bu turdagi dorilarni Fargʻona va Qoʻqon shaharlarida yashovchi shaxslarga sotish bilan shugʻullanib kelishgan.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
