Orbansiz Vengriya tashqi siyosati qanday oʻzgarishi mumkin?
Endi suverenitet va integratsiya, pragmatizm va qadriyatlar, Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi muvozanat qayta koʻrib chiqilishining ehtimoli oshadi.

Soʻnggi oʻn besh yil davomida deyarli oʻzgarmasdek koʻringan Vengriya siyosati kutilmaganda harakatga keldi. Viktor Orban ismi – mamlakat siyosati bilan uygʻunlashib ketgan shaxs – saylovdagi magʻlubiyatini tan oldi va uni “ogʻriqli” deb atadi. Bu soʻzlarda oddiy magʻlubiyat emas, balki butun bir davr tugayotganining hissi bor edi. Orban hatto muxolifat partiyasini gʻalaba bilan tabrikladi.
Hozirda ovozlarning 90 foizdan ortigʻi sanalgandan soʻng, konstitutsion koʻpchilikni “Tisa” partiyasi (Tisza Party) qoʻlga kiritmoqda. Partiya yetakchisi Peter Madyar boshchiligidagi gʻalaba shunchaki hokimiyat almashinishi emas. Buni yillar davomida qurilgan tizim ham abadiy emasligini koʻrsatgan voqea deyish mumkin.
Shunchaki rahbar emas edi
Viktor Orban uzoq vaqt davomida faqat bosh vazir emas edi. U alohida siyosiy modelning muallifi edi. Uning davrida Vengriya Yevropa Ittifoqi tarkibida qolgan holda, biroq uning qoidalari va qadriyatlari bilan doimiy bahs olib boradigan davlat modeli boʻyicha yashadi. Orban davrida Vengriya Gʻarb ichida boʻlgan, lekin ayni paytda undan biroz chetda turgan mamlakatga aylandi.
Bu ikkiyoqlama holat ayniqsa Rossiya bilan munosabatlarda yaqqol namoyon boʻldi. Yevropa 2014 yildan keyin Moskvaga nisbatan pozitsiyasini qatʼiylashtira boshlagan bir paytda, rasmiy Budapesht ehtiyotkor, baʼzan esa mutlaqo boshqacha yoʻlni tanladi. Orban Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muloqot qilishdan, hatto bu muloqot Yevropada salbiy qabul qilingan paytlarda ham, hech qachon voz kechmadi,
Rossiya bilan gaz shartnomalari, “Paksh” atom stansiyasini kengaytirish, sanksiyalarga nisbatan sovuq munosabat – bularning barchasi manyovr qilishga urinish edi. Orban uchun bu pragmatizm boʻlsa, uning tanqidchilari uchun Yevropa birdamligiga qarshi chaqiriq edi.
Asosiy ogʻriqli nuqta – Ukraina masalasi
Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlaganidan soʻng Vengriya murakkab holatda qoldi. Bir tomondan – YeI va NATO aʼzosi, ikkinchi tomondan – Moskva bilan keskin ziddiyatga kirishni istamagan hukumat. Budapesht Kiyevga yordam boʻyicha qarorlarni sekinlashtirdi, muzokaralar zarurligini taʼkidladi va doim Karpat ortidagi venger ozchiligi masalasini koʻtardi.
Tashqaridan bu ehtiyotkorlikka oʻxshardi. Bryussel uchun esa umumiy siyosatga toʻsqinlik deya qaralar edi.Aynan shu yerda Vengriyaning “alohida yoʻli” siyosiy oʻziga xoslikdan muammoga aylana boshladi.
Tashqi siyosatda oʻzgarish ehtimoli
“Tisa” partiyasining gʻalabasi nafaqat ichki siyosiy charchoq, balki tashqi siyosatdagi taranglikka ham javob boʻldi. Jamiyat, ehtimol, Sharq va Gʻarb oʻrtasida doimiy muvozanat oʻyini juda qimmatga tushayotganini his qildi.
Biroq keskin burilish kutilmasligi kerak. Vengriya bir zumda yoʻnalishini oʻzgartira olmaydi. Energetika, iqtisodiy aloqalar va tashqi siyosat mantigʻi yillar davomida shakllangan.
Shu bilan birga, siyosiy ton oʻzgarishi ehtimoli katta. Ilgari ikkilanishlar yuz bergan joyda aniqlik va qatʼiylik paydo boʻlishi mumkin. Oldin toʻxtatib turilgan qarorlar qoʻllab-quvvatlanishi mumkin. Bu, ayniqsa, Ukraina masalasida sezilishi tabiiy.
Agar yangi hukumat haqiqatan ham YeIga yaqinlashish yoʻlini tanlasa, Vengriya endi umumiy qarorlarni sekinlashtiradigan “murakkab hamkor” boʻlib qolmasligi mumkin. Bu Rossiyaga nisbatan keskin siyosat degani emas, lekin vositachi rolidan voz kechishni anglatadi.
Markaziy Osiyo bilan aloqalar kelajagi
Viktor Orban tashqi siyosatida Markaziy Osiyo va turkiy dunyo bilan aloqalar alohida oʻrin tutgan. Bu siyosat 2010-yillar boshidan boshlab “Sharqqa ochilish” (Eastern Opening) deb nomlangan strategiya doirasida amalga oshirildi va Orban tashqi siyosatining asosiy ustunlaridan biriga aylandi.
2010 yilda hokimiyatga qaytganidan soʻng, Orban tashqi siyosatni diversifikatsiya qilishni boshladi. Uning maqsadi – faqat Yevropa bilan cheklanib qolmaslik edi.
Markaziy Osiyo bu siyosatda energetika, transport yoʻlaklari, investitsiyalar, taʼlim dasturlari borasidagi potensiali bilan muhim oʻrin egalladi.
Toʻgʻri, Vengriya oʻzini turkiylar va Markaziy Osiyo hududidagi xalqlar bilan tarixiy aloqalarini taʼkidlab keladi. Lekin bu yerda gap mafkura emas, balki aniq hisob-kitob haqida edi. YeIga bogʻliqlikni kamaytirish, yangi bozorlarga chiqish, energetik xavfsizlikni mustahkamlash bu siyosatdagi ustunlar edi.
Vengriya – Turkiy davlatlar tashkilotida kuzatuvchi maqomini olgan yagona Yevropa Ittifoqi aʼzosidir. Orban uchun bu – Vengriyani Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi koʻprikka aylantirish gʻoyasining bir qismi edi. 2025 yilda Budapeshtda Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti oʻtkazilishi ham bu yoʻnalishga berilgan ahamiyatni koʻrsatdi.
Markaziy Osiyo bilan aloqalar Orbanning kengroq strategiyasining bir qismi edi. Bu tashqi siyosatda Turkiya bilan yaqinlashuv, Xitoy bilan iqtisodiy hamkorlik, Rossiya bilan energetik aloqalarga eʼtibor qaratildi. Bu siyosat Vengriyaga YeI ichida mustaqil mavqeda boʻlish imkonini berdi.
Orban ketgach, nima oʻzgaradi?
Darhol taʼkidlash lozim, Markaziy Osiyo bilan aloqalar faqat Orbanga bogʻliq emas. Ular iqtisodiy va strategik manfaatlarga asoslangan. Shu bois, katta ehtimol bilan bu munosabatlar saqlanib qoladi. Yoʻnalish oʻzgaradi, kamroq siyosiy tus, koʻproq iqtisodiy mazmun kasb etadi, lekin aloqalar saqlanib qoladi. Orban davrida sharqiy yoʻnalish Gʻarbga muqobil sifatida koʻrilgan boʻlsa, endilikda u qoʻshimcha yoʻnalishga aylanishi mumkin.
Yangi hukumat Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni tiklashga harakat qiladi, tashqi siyosatdagi keskin muvozanatni yumshatadi, sharqiy aloqalarni umumevropa kontekstiga moslashtiradi. Markaziy Osiyo bilan aloqalar davom etadi, ammo ular orqali Yevropa bilan integratsiya kuchaytiriladi. Vengriya geosiyosiy “muvozanatchi” rolidan asta-sekin voz kechishi mumkin. Zero, Orbanning Markaziy Osiyo va turkiy dunyoga qaratilgan siyosati Vengriyani Sharq va Gʻarb oʻrtasida mustaqil oʻyinchiga aylantirishga qaratilgan edi. Endi Vengriya ehtimol yana anʼanaviy modelga qaytadi: Yevropaga – asos, Sharqqa esa imkoniyat sifatida qarash shakllanadi.
Yevropa uchun ham muhim burilish nuqtasi
Orban davrida Vengriya YeI ichidagi muxolif ovoz ramziga aylangan edi. Endi bu ramz oʻzgarishi mumkin. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Yevropa Ittifoqi yetakchisi Ursula fon der Lyayen kabi rasmiylarning munosabati bu voqea qanchalik ahamiyatli ekanini koʻrsatdi. Bryussel buni faqat hokimiyat almashuvi emas, balki birlikni tiklash imkoniyati sifatida qabul qildi.
Biroq Orban sahnadan ketgani yoʻq. Uning “biz taslim boʻlmaymiz” degan gapi rasmiy bayonot emas, balki siyosiy kurash davom etishidan dalolat. U yaratgan siyosiy baza hali ham saqlanib qolgan. Jamiyatning maʼlum qismi hamon uning qarashlarini qoʻllab-quvvatlaydi. Bu esa Vengriya barqaror “Yevropaga qaytish” emas, balki ikki yoʻnalish toʻqnashadigan yangi bosqichga kirayotganini anglatishi mumkin.
Orban magʻlubiyati – bu faqat milliy ahamiyatdagi hodisa emas
Orbanning magʻlub boʻlishi – Yevropa ichidagi katta jarayonning bir qismidir. Endi suverenitet va integratsiya, pragmatizm va qadriyatlar, Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi muvozanat qayta koʻrib chiqilishining ehtimoli oshadi. Vengriya esa yana bir bor oʻz tarixi davomidagi kabi – tanlov qilishga majbur boʻlgan nuqtada turibdi.
“Tisa” partiyasini gʻalaba bilan bir qator yevropalik siyosatchilar allaqachon tabrikladi. Ular orasida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Fridrix Mers, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, shuningdek, Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen ham bor. Xususan, Lyayen X ijtiomiy tarmogʻida shunday yozdi: “Vengriya Yevropani tanladi. Yevropa har doim Vengriyani tanlagan. Mamlakat oʻzining yevropacha yoʻliga qaytmoqda. Ittifoq yanada kuchaymoqda”.
Toshkent vaqti bilan soat 01:40 holatiga koʻra ovozlarning 89,97 foizi qayta ishlangan. Natijalarga koʻra, “Tisa” 138 ta mandat olishi mumkin, Viktor Orban rahbarligidagi “Fides” partiyasi 54 ta, “Bizning mamlakat” partiyasi esa 7 ta oʻringa ega boʻladi. Muxolifat partiyasi parlamentda konstitutsion koʻpchilikni qoʻlga kiritdi, buning uchun 133 ta oʻrin yetarli hisoblanadi.
Maʼlumot uchun, Vengriya davlat yigʻini aralash saylov tizimi asosida shakllantiriladi. Parlament 199 nafar deputatdan iborat boʻlib, ularning 106 tasi yakka mandatli okruglarda majoritar tizim asosida (yaʼni nisbiy koʻpchilik ovoz bilan) saylanadi, 93 tasi esa umummilliy okrugda partiya roʻyxatlari boʻyicha proporsional tizim orqali, d’Ondt usuli qoʻllanilgan holda taqsimlanadi. Vengriya ichi va tashqarisida 8,1 milliondan ziyod fuqarolar ovoz berish huquqiga ega.
D’Ondt usulida parlamentdagi oʻrinlar navbatma-navbat, birin-ketin taqsimlanadi. Har bir bosqichda navbatdagi oʻrin eng yuqori kvotaga ega boʻlgan partiyaga beriladi. Bu kvota quyidagi formula boʻyicha hisoblanadi: V / (s + 1), bu yerda V – partiyaga berilgan umumiy ovozlar soni, s esa shu bosqichgacha partiya olgan oʻrinlar soni. Oʻrin berilgandan soʻng, partiyaning kvotasi yangi egallangan oʻrinlar sonini hisobga olgan holda qayta hisoblanadi. Saylovda oʻtish toʻsigʻi: partiyalar uchun 5%, ikki partiyali koalitsiyalar uchun 10%, uch va undan ortiq partiyalar birlashmalari uchun 15%.
2022 yilgi saylov natijalariga koʻra, “Fides” va Xristian-demokratik xalq partiyasi koalitsiyasi partiya roʻyxatlari boʻyicha yarimdan koʻproq ovoz olgan, biroq yakka mandatli okruglardagi muvaffaqiyat tufayli parlamentda taxminan uchdan ikki qism oʻrinni egallagan edi.
Viktor Orban 1998-2002 yillarda ham bosh vazir boʻlgan, 2010 yilda yana bu lavozimni egallab, hozirgacha toʻrtinchi muddat davomida mamlakatni boshqarib kelayotgan edi.
Abulfayz Sayidasqarov
