platina.uz
Tahlil

Endi nima boʻladi: AQSh va Eron kelisha olmadi

Har ikki tomon murosaga tayyor emasligini namoyon etar ekan, bir-biriga toʻgʻri kelmaydigan murosasiz talablar qoʻyar ekan, harbiy bosim va keskin bayonotlar ortib boraveradi.

Endi nima boʻladi: AQSh va Eron kelisha olmadi

Pokistonda Eron va AQSh oʻrtasida uch kun (2026 yil 10-12 aprel) davom etgan muzokaralar hech qanday kelishuv imzolanmasdan yakunlandi. Tomonlar asosiy masalalar boʻyicha murosaga kela olmasdan tarqalishdi.

Jumladan, Mehr agentligi xabar berishicha, Eron delegatsiyasi ham AQSh bilan muzokaralar kelishuvga erishilmasdan tugagach, Pokistonni tark etdi.

Eron va AQSh oʻrtasidagi muzokaralar bir necha kun davom etdi, biroq AQSh delegatsiyasi rahbari, vitse-prezident Jey Di Vens taʼkidlashicha, tomonlar yakuniy kelishuvga erisha olmadi. U AQSh delegatsiyasi hech qanday hujjat imzolamasdan vatanga qaytishini bildirdi.

Eron TIV rasmiy vakili oʻtkazilgan uchrashuvlarda “ishonchsizlik muhiti” mavjud boʻlganini qayd etdi.

Vitse-prezident Jey Di Vens boshchiligidagi AQSh delegatsiyasi ham 21 soatlik intensiv muhokamalardan soʻng Islomobodni tark etdi.

Hormuz masalasi – boshi berk koʻcha

Asosiy bahs Hurmuz boʻgʻozi atrofida kechdi. AQSh dengiz qatnovi erkinligiga kafolat talab qilmoqda, Eron esa sanksiyalarni bekor qilish va “asossiz talablar”ni toʻxtatishni talab etmoqda.

Eron OAVlari Vashingtonning “nokonstruktiv pozitsiyasi” haqida maʼlum qildi. Donald Tramp esa, oʻz navbatida, muzokaralar natijasini “ahamiyatsiz” deb atab, bosim davom ettirilishini taʼkidladi.

Endi nima boʻladi? Mintaqadagi vaziyat keskinligicha qolmoqda. Eron rasmiylari bosim ostida chekinish niyati yoʻqligini bildirmoqda, AQSh allaqachon boʻgʻozni minadan tozalash uchun “shart-sharoit tayyorlash”ni boshlagan.

Jahon keyingi qadamlarni kutmoqda. Mutaxassislar taʼkidlashicha, Islomoboddagi diplomatik muvaffaqiyatsizlik keng koʻlamli keskinlashuv xavfini eng yuqori darajaga olib chiqmoqda.

AQShdan keskin qaror

Muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangach, Donald Tramp AQSh Hormuz boʻgʻozida dengiz qamalini boshlashini eʼlon qildi.

Oq uy rahbarining Truth Social platformasida yozilgan postida qayd etilishicha, AQSh Hormuz boʻgʻoziga kirishga va u yerdan chiqishga urinayotgan barcha kemalar harakatini cheklaydi.

“Qoʻshma Shtatlarning Eron bilan muzokaralari yaxshi oʻtdi, yadroviy masaladan tashqari aksariyat masalalar boʻyicha kelishuvga erishildi. Tehron oʻzining yadroviy qurolga ega boʻlish maqsadidan voz kechishga rozi boʻlmadi. Men, shuningdek, harbiy-dengiz kuchlarimizga Hormuz boʻgʻozidan oʻtish uchun Eronga boj toʻlagan har bir kemani xalqaro suvlarda aniqlash va toʻxtatib qolishni topshirdim. Noqonuniy boj toʻlaydigan hech kim ochiq dengizda xavfsiz oʻtish yoʻlagiga ega boʻlmaydi. Bundan tashqari, biz eronliklar boʻgʻozga oʻrnatgan minalarni yoʻq qilishni boshlaymiz.

Bizga yoki fuqarolik kemalariga qarata oʻt ochgan har qanday eronlik JAHANNAMGA RAVONA QILINADI! Shundogʻam ularning mamlakatini vayron qilgan bu vaziyatga qanday qilib ChEK QOʻYIShNI Eron barchadan yaxshi biladi”, deyiladi AQSh prezidentining postida. “Bu harakatlar Venesuelaga qarshi koʻrilgan choralarga oʻxshash, biroq miqyosi ancha keng boʻladi”, deya qoʻshimcha qilgan AQSh yetakchisi.

Blokada boshlandi

Shundan soʻng AQSh harbiylari Eron portlarini blokada qilishni boshlashini maʼlum qildi. AQSh Markaziy qoʻmondonligining (CENTCOM) ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilgan bayonotida maʼlum qilinishicha, Eron portlarini blokada qilish 13 aprel sharqiy vaqt bilan soat 10:00 da (Toshkent vaqti bilan 19:00 da) boshlandi.

“AQSh qurolli kuchlari Hormuz boʻgʻozi orqali Eronga tegishli boʻlmagan portlarga kirayotgan va undan chiqayotgan kemalarning erkin qatnoviga toʻsqinlik qilmaydi”, deyiladi qoʻmondonlik bayonotida. CENTCOM ushbu qaror AQSh prezidentining farmoniga muvofiq qabul qilinganini bildirdi.

Bojlar ham joriy etiladi

AQSh prezidenti, shuningdek, Eronni harbiy jihatdan qoʻllab-quvvatlaydigan mamlakatlarga 50 foiz bojxona tariflari joriy etilishini maʼlum qildi. Bu Xitoyga ham tegishli boʻlishi mumkin.

“Xitoy Eronga qoʻlda koʻtariladigan zenit-raketa tizimlari yetkazayotgani haqida xabarlar bor. Lekin men bu xabarlarga har doim ham ishonavermayman. Agar biron-bir mamlakat, jumladan Xitoy, Eronga harbiy texnika yetkazayotgani aniqlansa, ularga 50 foiz tarif qoʻyiladi”, dedi Tramp.

Eron past ketmayapti

Oʻz navbatida Eron har qanday dengiz blokadasi muvaffaqiyatsizlikka mahkumligi haqida ogohlantirmoqda. Eron oliy rahbarining harbiy maslahatchisi Muhsin Rizoiy Donald Trampning Hormuz boʻgʻozini yopish tahdidlari fonida AQSh dengiz blokadasini amalga oshira olmasligini bildirdi. “Amerika, xuddi Eronga qarshi Hormuz boʻgʻozini ochishga urinishdagi tarixiy muvaffaqiyatsizlik kabi, dengiz blokadasida ham magʻlubiyatga uchraydi”, deya taʼkidladi Rizoiy.

Uning qoʻshimcha qilishicha, mamlakat qurolli kuchlari “AQShga bunday qilishga ruxsat bermaydi” va har qanday tahdidlarga qarshi turish uchun “yirik, ishga solinmagan dastaklar”ga ega. “Eron – tvitlar va xayoliy rejalar bilan blokada qilish mumkin boʻlgan joy emas!”, deya qoʻshimcha qilgan Rizoiy

Mojaro uzoqqa choʻziladimi?

Pokistondagi muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchragani uchun, Donald Tramp Eronga cheklangan zarbalar berishni qayta tiklash masalasini koʻrib chiqmoqda. Lekin The Wall Street Journal nashrining yozishicha, beqarorlik xavfi hamda uzoq muddatli mojaroga oʻralashib qolishni istamaslik sababli keng koʻlamli harbiy kampaniya yuz berishi ehtimoldan yiroq.

Shunga qaramay, AQSh va Eron oʻrtasidagi muzokaralarning yangi raundi yaqin kunlarda oʻtkazilishi mumkin. Taʼkidlanishicha, Vashington va Tehron tomonidan “keskin bayonotlar” bildirilayotganiga qaramasdan, “keyingi diplomatiya uchun eshik ochiq qolmoqda” va tomonlar yaqin bir necha kun ichida yangi uchrashuv oʻtkazishi mumkin.

Arab News nashrining diplomatik manbalarga tayanib xabar berishicha, ayni kunlarda aloqalarning keyingi bosqichiga tayyorgarlik koʻrilmoqda. Nashrning maʼlumotiga koʻra, muzokaralar yaqin kunlarda Pokiston vositachiligida – Islomobodda yoki Yevropa davlatlaridan birida qayta tiklanishi mumkin.

Ayrim davlatlar hozirdanoq ushbu muzokaralarda vositachi boʻlishni taklif etmoqda. Shveysariya ham Eron va AQSh oʻrtasida vositachi boʻlishga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda mamlakat TIV matbuot bilan aloqalar boʻlimi rahbari Shtayner maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, idora barcha ishtirokchi tomonlar bilan aloqalarni saqlab turibdi. U, shuningdek, “himoya qiluvchi davlat mandati doirasida Shveysariya hanuzgacha Vashington va Tehron oʻrtasida aloqa kanalini taʼminlab kelmoqda”, deb taʼkidladi. “Bu kanal ochiq va tomonlar ixtiyorida”, degan Shtayner.

Shuningdek, Devlet Baxcheli – Rajab Toyyib Erdoʻgʻonning asosiy siyosiy ittifoqchisi va Turkiyadagi Milliyetçi Hareket Partisi rahbari – Islomoboddagi muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugaganidan soʻng “Jahon tinchlik kengashi”ni tuzishni taklif qildi.

“Biz BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish chaqirigʻi bilan AQSh, Rossiya, Xitoy, Turkiya va Yevropa Ittifoqi “Jahon tinchlik kengashi” deb nomlangan yangi mexanizmni tuzishini taklif etamiz”, degan Baxcheli.

Qolganini vaqt koʻrsatadi

Xulosa qilib aytganda, Islomoboddagi muzokaralarning muvaffaqiyatsiz tugashi AQSh va Eron oʻrtasidagi ziddiyatlarni yanada chuqurlashtirdi va vaziyatni xavfli bosqichga olib chiqdi. Har ikki tomon murosaga tayyor emasligini namoyon etar ekan, bir-biriga toʻgʻri kelmaydigan murosasiz talablar qoʻyar ekan, harbiy bosim va keskin bayonotlar ortib boraveradi. Shunga qaramay, diplomatik muloqot uchun eshik toʻliq yopilmagan – yaqin kunlardagi ehtimoliy yangi muzokaralar mintaqadagi keskinlikni yumshatish uchun soʻnggi imkoniyat boʻlishi mumkin.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid