Abdulla Aripov Moskvada Rossiya bosh vaziri bilan uchrashadi
Uchrashuvda Rossiya-Oʻzbekiston savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy va gumanitar hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Bosh vazir Abdulla Aripov Rossiya hukumati rahbari bilan uchrashadi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin va Abdulla Aripov 13 aprel kuni Moskvada Rossiya va Oʻzbekiston hukumat rahbarlari darajasida Qoʻshma komissiyaning 6-yigʻilishini oʻtkazadilar.
Bosh vazirlar ikki mamlakat oʻrtasidagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni muhokama qiladilar.
Uchrashuvda Rossiya-Oʻzbekiston savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy va gumanitar hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Sanoat, energetika, jumladan, yadro energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish, transport infratuzilmasi, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va oʻzaro manfaatli boshqa sohalardagi yirik qoʻshma loyihalarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Qoʻshma komissiya Rossiya va Oʻzbekiston prezidentlari Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018 yil oktabr oyida tashkil etilgan.
Birinchi yigʻilish 2019 yil 30 mayda Urganchda, ikkinchisi 2021 yil 22 iyunda Moskvada, uchinchisi 2022 yil 2 dekabrda Samarqandda, toʻrtinchisi 2023 yil 18 sentabrda Moskvada va beshinchisi 2024 yil 9 sentabrda Toshkentda boʻlib oʻtdi.
