platina.uz
Jamiyat

Xorazmda “Media haftalik” yakunlandi: 1000 dan ortiq ishtirokchi bir maydonda jamlandi

Xorazm viloyatida oʻtgan “Media haftalik” yuzlab jurnalist, bloger va kontent yaratuvchilarni birlashtirib, ular uchun zamonaviy bilim va amaliy koʻnikmalar maktabiga aylandi. Haftalik yakunida oʻtkazilgan yirik media-forum esa sohadagi muloqot va tajriba almashinuvining muhim maydoni boʻldi.

Xorazmda “Media haftalik” yakunlandi: 1000 dan ortiq ishtirokchi bir maydonda jamlandi

Joriy hafta Xorazm viloyati media vakillari uchun muhim va foydali muloqot maydoniga aylandi. Qoraqalpogʻiston Respublikasida boshlangan “Media haftalik” bu yerda davom ettirilib, ishtirokchilarga zamonaviy bilim va amaliy koʻnikmalar berishga xizmat qildi.

Mazkur loyihaning asosiy maqsadi – global axborot makonida raqobatbardosh, zamonaviy talab va mezonlarga javob bera oladigan kontent yaratuvchilarni koʻpaytirish, media sohada yangi avlod professionallarini shakllantirish hamda axborot sohasida sifat jihatidan yangi bosqichga chiqishdan iborat.

“Media haftalik” doirasida tashkil etilgan mashgʻulotlar mazmunan keng qamrovli boʻlib, ularda nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy koʻnikmalarga alohida urgʻu berilmoqda. Xususan, strategik kommunikatsiya, antikrizis PR va reputatsiya boshqaruvi, faktcheking va feyk xabarlarga qarshi kurashish usullari, sunʼiy intellekt asosida kontent yaratish, vizual storitelling, mobilografiya, ijtimoiy tarmoqlar algoritmlari bilan ishlash kabi yoʻnalishlar boʻyicha ishtirokchilarga zamonaviy bilim va tajribalar yetkazilmoqda. Ayniqsa, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish boʻyicha amaliy sessiyalar media sohasida yangi yondashuvlarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Media haftalikda 50 dan ziyod matbuot kotibi va axborot xizmati xodimlari, 60 nafar davlat va nodavlat telekanallari ijodkorlari – muharrir, muxbir, montajchi va tasvirchilar, 30 dan ortiq bosma va internet OAV vakillari, 50 nafar mahalliy blogerlar, 200 dan ziyod mobilograflar, 250 nafar SMM mutaxassislari hamda 300 nafar kontent yaratishga qiziquvchi yoshlar yagona platformada jamlandi.

Haftalik yakunida oʻtkazilgan media-forum esa ushbu jarayonning eng yirik nuqtasiga aylanib, 1000 dan ziyod media vakillari va yoshlarni bir maydonda birlashtirdi.

Ishtirokchilar beshta asosiy yoʻnalish boʻyicha oʻqitildi: bosma va internet OAV vakillari raqamli kontent, sunʼiy intellekt va faktchekingni oʻzlashtirdi; televideniye ijodkorlari reportaj va tasvir sifatini oshirishga eʼtibor qaratdi; axborot xizmati xodimlari kommunikatsiya, ochiqlik va KPI boʻyicha amaliy koʻnikmalar oldi; SMM mutaxassislari va blogerlar esa zamonaviy kontent yaratish va auditoriya bilan ishlash usullarini oʻrgandilar.

Media haftalik doirasida axborot sohasi vakillari uchun ikki muhim metodik nashr taqdim etildi: “Davlat organlari va OAV hamda bloger oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslari” qoʻllanmasi axborot almashinuvini qonuniy va shaffof tashkil etish mexanizmlarini belgilab bersa, “Davlat idoralarining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarini verifikatsiya qilish boʻyicha yoʻriqnoma” Facebook, Instagram, Telegram, YouTube va X kabi platformalarda rasmiy belgini olish tartibini tushuntirib, raqamli makonda ishonchli axborot muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.

Xorazm viloyatida oʻtkazilgan media haftalik media vakillarini birlashtirgan yirik Media forum va ishtirokchilarni ragʻbatlantirishga qaratilgan sertifikatlar topshirish marosimi bilan oʻz yakuniga yetdi. Navbatdagi bosqich joriy yilning 13-17 aprel kunlari Surxondaryo viloyatida boʻlib oʻtadi. Loyihada ishtirok etish istagida boʻlganlar Yoshlar ishlari agentligining hududiy boshqarmalari orqali roʻyxatdan oʻtishlari mumkin.


Eslatib oʻtamiz, avvalroq Ommaviy axborot vositalari uchun kontent markazi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda yoʻlga qoʻyilgan mazkur loyiha butun respublikadan qariyb 12,5 ming ishtirokchini qamrab olishi va joriy yilning 30 martidan 26 iyuniga qadar davom etishi xabar berilgandi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid