“Texpasport”ni nega 5 yilda almashtirish kerak?
Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati matbuot xizmati boshligʻi Zoir Yoʻldoshev bu haqda tushuntirish berdi.

Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati matbuot xizmati boshligʻi Zoir Yoʻldoshevning tushuntirishicha, har 5 yilda avtomobillar qayta roʻyxatdan oʻtkazilmaydi. Roʻyxatga olingani uchun 2-3 million soʻm miqdorida toʻlov ham qilinmaydi.
11 aprel kuni IIVning anʼanaviy – har chorakda ommaviy axborot vakillari bilan uyushtiriladigan navbatdagi ochiq muloqoti boʻlib oʻtdi. Unda, jumladan, transport vositalarining texpasporti har 5 yilda qayta berilishi borasidagi xavotirlar ham muhokama qilindi.

“Shunchaki transport vositasining dvigatel, shassi va boshqa qismlari mutanosibligi, oʻzgarmagani qayta koʻzdan kechirilgan holda yangidan texpasport beriladi. Buning uchun toʻlov 400 ming soʻmga ham yetmaydi. Bu faqat xavfsizlikni taʼminlash maqsadida yoʻlga qoʻyilayotgan tashabbus hisoblanadi”, dedi Yoʻldoshev.
Eslatib oʻtish kerak, hukumatning 2026 yil 30 martdagi qarori bilan qonun hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, 2026 yil 1 apreldan avtomototransport vositasini roʻyxatdan oʻtkazish haqidagi guvohnoma (texpasport) 5 yil muddatga rasmiylashtiriladigan boʻldi.
Avval mashinalarni roʻyxatdan oʻtkazish haqidagi guvohnoma belgilanmagan muddatga (muddatsiz) berilgan.
