Qozogʻiston prezidenti amaliy tashrif bilan Oʻzbekistonga keldi
Oliy martabali mehmonni Buxoro xalqaro aeroportida prezident Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Bugun yetakchilar ikki tomonlama muzokara oʻtkazadilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Joʻmart Toqayev amaliy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.
Oliy martabali mehmonni Buxoro xalqaro aeroportida davlatimiz rahbari kutib oldi.
Milliy kuy-qoʻshiq va raqslardan iborat tantanali kutib olish marosimi boʻldi. Ikki mamlakatning davlat bayroqlari koʻtarildi va faxriy qorovul saf tortdi.

Bugun yetakchilar ikki tomonlama muzokara oʻtkazadilar. Shuningdek, Buxoroning tarixiy obidalarini ziyorat qilish, sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishish hamda boshqa tadbirlar rejalashtirilgan.
Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Joʻmart Toʻqayev mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgach, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi.
Qadimiy Buxorodan 12 kilometr uzoqlikda joylashgan majmua mintaqadagi eng muhim ziyoratgohlardan biri hisoblanadi. Bu yerda XIV asrning yirik ulamosi – naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan.
Oʻzbek va qozoq xalqlarining dini, maʼnaviy qadriyatlari bir. Yurtimizda yashagan avliyo va allomalar Qozogʻistonda ham eʼzozlanadi. Buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband ana shunday siymolardan biridir.

Ansambl asrlar davomida shakllangan boʻlib, bugungi kunda uning tarkibida maqbara, Abdulazizxon tomonidan ziyoratchilar uchun qurilgan xonaqoh, ikkita masjid, shayboniylar, ashtarxoniylar va mangʻitlar sulolalari amirlari dafn etilgan daxma, shuningdek, soʻfiylik tarixiga bagʻishlangan muzey oʻrin olgan.
Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan majmua yanada obod qilinib, tarixiy qiyofasi tiklandi. Avvalo, Toqi miyona darvozasidan boruvchi tarixiy yoʻlak qayta taʼmirlandi. Toqi miyona darvozasining ikki yoni boqqa aylantirilgan. Muzey va tahoratxona barpo etilgan. Mangʻitlar sulolasiga mansub boʻlgan Buxoro otaligʻi Doniyolbiy qurdirgan madrasa taʼmirlanmoqda.
Tashrif davomida Qurʼon oyatlari tilovat qilinib, qardosh xalqlarimizga tinchlik va farovonlik tilab, duo oʻqildi.
