platina.uz
Jamiyat

Navoiyda noqonuniy oltin qazib oluvchi guruhlar qoʻlga olindi

Bir holatda davlat manfaatlariga va ekologiyaga taxminan 7 mlrd soʻmdan ortiq, ikkinchi holatda esa  6,1 mlrd soʻm zarar yetkazilgan. 

Navoiyda noqonuniy oltin qazib oluvchi guruhlar qoʻlga olindi

Navoiyda noqonuniy oltin qazib oluvchilar aniqlandi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda davlat zaxirasidagi yerlarda tarkibida oltin boʻlgan rudalarni qazib olib, kimyoviy qayta ishlov berish bilan shugʻullangan bir guruh shaxslarning harakatlari fosh etildi.

Aniqlanishicha, ularga Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida yashovchi, 1988 y.t. fuqaro boshchilik qilgan boʻlib, u Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi parrandachilikka ixtisoslashgan xoʻjalik binosini ijaraga olib, yashirin sex tashkil etgan.

Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida 200 kg yarim tayyor oltin, 200 dona qopda oltin moddasi boʻlgan qum va toshlar, 300 kg kimyoviy vositalar, 1 dona maxsus laboratoriya jihozi, 8 dona gaz ballon, 1 dona maxsus tegirmon va boshqa asbob-uskunalar ashyoviy dalil sifatida olindi.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, davlat manfaatlariga va ekologiyaga yetkazilgan zarar taxminan 7 mlrd soʻmdan ortiqni tashkil etadi.

Holat yuzasidan 1988 y.t. fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 196²-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Navbahor tumanida kuzatilgan holatda esa mahalliy MChJ rahbari soxta ruxsatnoma asosida, “Sarmishsoy” davlat muzey-qoʻriqxonasi hududidagi 8 gektar maydonda 19 nafar fuqaroni jalb qilgan holda oltin qazib olish bilan shugʻullangan.

Tezkor tadbir davomida 6 kg yarim tayyor oltin, 430 tonnadan ortiq tarkibida oltin moddasi boʻlgan rudalar, 1,4 kg kimyoviy vositalar, 4 ta yuk avtomobili, 4 ta yuklovchi traktor hamda asbob-uskunalar ashyoviy dalil sifatida olindi.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 6,1 mlrd soʻmlik qazilma boyliklar talon-toroj qilingan.

Hozirda holat yuzasidan laboratoriya tahlillari tayinlanib, ekologiya va atrof-muhitga yetkazilgan zarar miqdori hisoblanmoqda.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid