platina.uz
Jamiyat

Prezident Buxoro viloyatining yangi maʼmuriy markazidagi ishlar bilan tanishdi

Maʼmuriy markaz 14 gektar maydonni egallagan boʻlib, birinchi bosqichda viloyat va shahar hokimliklari, viloyat prokuratura hamda ichki ishlar boshqarmalari kabi davlat idoralari bir hududda jamlangan. 

Prezident Buxoro viloyatining yangi maʼmuriy markazidagi ishlar bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahriga tashrifi davomida Buxoro viloyatining yangi maʼmuriy markazida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Majmua Qashqadaryo viloyati Koʻkdala tumanida sinovdan oʻtgan boshqaruv organlarini integratsiyalash tajribasining davomidir. U yerda 38 ta davlat idorasi bir joyda jamlanib, aholi uchun katta qulaylik yaratilgan. Avvallari turli yumush bilan olis masofalarni bosib, boshqa tuman idoralariga qatnagan fuqarolar barcha xizmatlarni oʻziga yaqin joyda olish imkoniyatiga ega boʻldi.

Prezident oʻtgan yili Koʻkdalaga tashrifi chogʻida bunday yondashuv barcha tumanlar uchun namuna ekanini taʼkidlagan edi. Oʻtgan davrda boshqa hududlarda ham ushbu tajriba asosida bunyodkorlik ishlari boshlangan.

Xususan, Buxorodagi maʼmuriy markaz 14 gektar maydonni egallagan boʻlib, birinchi bosqichda viloyat va shahar hokimliklari, viloyat prokuratura hamda ichki ishlar boshqarmalari kabi davlat idoralari bir hududda jamlangan. Bu, eng avvalo, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining oʻzaro muvofiqlashuvini yaxshilash, murojaatlar bilan ishlashni tezlashtirish va davlat xizmatlari sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Majmua faqat maʼmuriy binolardan iborat emas. Bu yerda fuqarolarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun xiyobonlar, favvoralar va yashil hududlar barpo etilmoqda.

Prezident viloyat hokimligining yangi binosidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Odamlarga qulaylik yaratish, fuqarolar turli masalalar yuzasidan har xil manzillarga borib yurmasdan, zarur xizmatlarni bir hududning oʻzida olishini taʼminlash maqsadida davlat idoralarini yagona maʼmuriy markazlarga birlashtirish ishlarini izchil davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.

Shu yerning oʻzida davlatimiz rahbariga hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholiga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimot qilindi.

Jumladan, banklar tomonidan sunʼiy intellektdan foydalangan holda hudud va mahallalar kesimida tahlil oʻtkazilib, Buxoro tumani misolida oʻsish nuqtalari aniqlangani haqida axborot berildi. Bu tahlillar yer, suv, mehnat resurslari, bozor talabi, infratuzilma va mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini oʻzaro bogʻliq holda baholash imkonini berdi. Natijada Buxoro tumanida agrobiznes, turizm, sanoat va yoʻl boʻyi xizmatlari eng istiqbolli yoʻnalishlar sifatida belgilangan.

Xususan, 15 ming gektar yerni oʻzlashtirish, 500 gektar yangi uzumzorlar barpo etish, enoturizmni kengaytirish, shuningdek, neft-gaz, kimyo, qurilish va oziq-ovqat tarmoqlarida yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari koʻrsatib oʻtildi. Tahlillar shuni koʻrsatdiki, 2026–2031 yillarda ushbu yoʻnalishlarda 7,4 trillion soʻmlik loyihalarni amalga oshirish va 15 mingta yangi ish oʻrni yaratish mumkin.

Shuningdek, tumandagi 36 ta mahallani 6 ta drayver yoʻnalish – uzumchilik, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, bogʻdorchilik, turizm va servisga ixtisoslashtirish mumkinligi qayd etildi. Loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida mahallalar uchun resurs bazasini shakllantirish, biznes-rejalarni avtomatik tayyorlash, mablagʻlar harakati va natijalarni real vaqt rejimida nazorat qilish boʻyicha sunʼiy intellekt asosidagi yechimlar ishlab chiqilmoqda.

Prezidentimiz sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanib, har bir hududning salohiyatini ochish, loyihalarni natijaga qaratilgan holda shakllantirish va aholi bandligi hamda daromadini oshirishga xizmat qiladigan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash muhimligini taʼkidladi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid