platina.uz
Iqtisod

Sakkiz yilda Oʻzbekistonda elektron tijorat hajmi 20 barobar oʻsdi

Lekin elektron tijoratning chakana savdodagi ulushi 4-4,6 foizni tashkil etib, jahondagi oʻrtacha 22 foizlik koʻrsatkichdan 5 barobar kam. 

Sakkiz yilda Oʻzbekistonda elektron tijorat hajmi 20 barobar oʻsdi
Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev elektron tijoratni rivojlantirish va bond omborlar faoliyatini yoʻlga qoʻyishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Soʻnggi sakkiz yilda mamlakatimizda elektron tijorat hajmi 20 barobar oʻsib, 1,3 milliard dollarga yetdi. Raqamli platformalar soni 120 tadan ziyodni tashkil etmoqda. Oʻzini oʻzi band qilish tartibining kengaytirilgani, litsenziyalash va soliqqa tortishning soddalashtirilgani hisobiga sohada 750 mingta yuqori daromadli ish oʻrni yaratilgan, byudjetga esa har yili 200 milliard soʻm qoʻshimcha soliq tushumlari taʼminlanmoqda.

Shu bilan birga, mazkur yoʻnalishda hali ishga solinmagan imkoniyatlar koʻpligi taʼkidlandi. Xususan, Oʻzbekistonda elektron tijoratning chakana savdodagi ulushi 4-4,6 foizni tashkil etib, jahondagi oʻrtacha 22 foizlik koʻrsatkichdan 5 barobar kam ekani koʻrsatib oʻtildi. Mamlakatimizda ushbu ulushni 9-11 foizga yetkazish uchun yetarli salohiyat mavjud.

Taqdimotda elektron tijorat infratuzilmasini rivojlantirishda import tovarlarini bojxona toʻlovlari va soliqlarini kechiktirilgan tartibda toʻlash sharti bilan bojxona nazorati ostida saqlashga moʻljallangan maxsus ombor – bond omborlar tashkil etish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Taʼkidlanganidek, tovar uchun boj toʻlovlarini uni sotish paytida amalga oshirish tizimini joriy etish orqali kamida 500 million dollar investitsiya jalb qilish uchun sharoit yaratish mumkin. Bunday amaliyot Rossiya, Xitoy, Qozogʻiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya, Germaniya va Singapur kabi mamlakatlarda keng qoʻllanilayotgani qayd etildi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda omborlarning umumiy maydoni 634 ming kvadrat metrni tashkil qilib, shundan 72 foizi Toshkent shahri va viloyati hissasiga toʻgʻri keladi. Mavjud omborlarning atigi 34 foizi zamonaviy “A” toifasiga mansub. Ekspertlarning hisob-kitoblariga koʻra, mamlakatimizda barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash uchun keyingi besh yilda 2,5 million kvadrat metr zamonaviy omborlar talab etiladi.

Shu munosabat bilan yurtimizda yirik xalqaro marketpleyslarning zamonaviy omborlar tarmogʻini kengaytirish taklif etildi.

Raqamli platformalarni hamda bond omborlarni soliq va bojxona tizimlari bilan chuqur integratsiya qilish zarurligi taʼkidlandi. Taqdimotda 2026-2028 yillar davomida tajriba tariqasida “import – bond ombori – maxsus elektron savdo platformasi – isteʼmolchi” zanjiri asosida yangi mexanizmni joriy etish taklifi bildirildi.

Unga koʻra, tovarlar bond omboriga joylashtiriladi, maxsus elektron savdo platformasi orqali sotiladi, bojxonada deklaratsiyalash va boj toʻlovlari esa bevosita sotuv bosqichida amalga oshiriladi. Bunday platformalar va omborlar tegishli reyestrlarga kiritilib, Bojxona qoʻmitasida hisobga qoʻyiladi.

Shuningdek, bond omborlari mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun tashqi bozorlarga chiqishni yengillashtirishi, aylanma mablagʻlarga tushadigan yukni kamaytirishi, logistika xarajatlarini pasaytirishi va eksport raqobatbardoshligini oshirishi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari elektron tijoratni iqtisodiyotning muhim drayverlaridan biriga aylantirish, mazkur sohada zamonaviy infratuzilmani yaratish, raqamli platformalar faoliyati uchun qulay va shaffof muhit shakllantirish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid