"Livanga hujumlar fonida sulhdan maʼno yoʻq" — Eron tomoni bayonot bilan chiqdi
8 aprelda Isroil mudofaa kuchlari Livan hududiga yirik hujum uyushtirdi. Eron qasos vaʼda qilgan.

Eron Isroil Livanga soʻnggi zarbalari bilan sulhni buzganini aytdi va qasos olishini bildirdi.
Rasmiy Tehron Livanga hujumlar davom etar ekan, muzokalarni "maʼnosiz" deb atadi.
"Sulh butun mintaqaga tegishli. Isroil vaʼdalarini buzishi bilan mashhur; uni faqat oʻqlar ushlab tura oladi", deydi Eron rasmiylaridan biri Al-Jazeera telekanaliga.
Uning soʻzlariga koʻra, Eron "Isroilni Livanda sulhni buzgan holda sodir etgan jinoyati uchun jazolaydi".
Eron ommaviy axborot vositalari ham rasmiylar Isroilning harakatlariga javob tayyorlayotgani haqida xabar berishdi.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Tehron tomonidan taqdim etilgan takliflar asosida muzokara olib borishga tayyorligini bildirgan va Eronga zarbalarni ikki haftaga toʻxtatishini eʼlon qilgan edi.
Eron va Isroil ham zarbalarni toʻxtatishga kelishib oldilar. Biroq, keyinchalik Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu idorasi Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharifning AQSh va Eron oʻrtasidagi sulh Livanga ham tegishli ekanligi haqidagi bayonotini rad etdi.
Chorshanba kuni Isroil mudofaa kuchlari 28 fevraldan beri Livan hududiga eng yirik muvofiqlashtirilgan zarbalar haqida xabar berdi. Harbiylar 10 daqiqa ichida 100 dan ortiq "Hizbulloh" qoʻmondonlik markazlari va harbiy inshootlariga zarba berganliklarini daʼvo qilishdi.
Eslatib oʻtamiz, 8 aprel kuni Eron va AQSh ikki haftalik sulh eʼlon qildi.
