platina.uz
Iqtisod

Toʻlov tizimlarida antifrod joriy etiladi

Antifrod — bu bank kartalari, onlayn toʻlovlar va raqamli hisobvaraqlardagi firibgarlik harakatlarini (frod) real vaqt rejimida aniqlaydigan va oldini oladigan avtomatik tizim yoki chora-tadbirlar majmuidir. 

Toʻlov tizimlarida antifrod joriy etiladi

Oʻzbekistonda toʻlov tizimlarida antifrod joriy etiladi.

Senatning yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Keyingi yillarda mamlakatda raqamli toʻlov xizmatlari bozorini rivojlantirishga, moliyaviy xavf-xatarlarni kamaytirishga hamda toʻlov xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini taʼminlashga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Yalpi majlisda tijorat banklari, toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlarida bank kartalaridan foydalangan holda oʻgʻirlik hamda firibgarlik hollari sodir etilishining oldini olishga qaratilgan zamonaviy tizimlar va boshqa himoya mexanizmlarini tashkil etish zarurati yuzaga kelmoqda.

Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi hamda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunlariga operatorlar hamda toʻlov tashkilotlari faoliyatini tartibga solishga, antifrod tizimini va biometrik identifikatsiya tizimlarini joriy etishga, shuningdek litsenziyalash jarayonlarini soddalashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Mazkur Qonun toʻlov xizmatlari bozorida xavfsizlikni taʼminlashga, moliyaviy firibgarliklarning oldini olishga, toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirishga, shuningdek isteʼmolchilar huquqlarini samarali himoyalashga xizmat qiladi.

Senatorlarning fikricha, Qonun raqobat muhitini taʼminlash, litsenziyalash jarayonlarini kamaytirish va banklarning toʻlov xizmatlari bozoridagi faoliyatini ragʻbatlantirishga keng imkoniyatlar yaratadi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Maʼlumot uchun: antifrod (anti-fraud) — bu bank kartalari, onlayn toʻlovlar va raqamli hisobvaraqlardagi firibgarlik harakatlarini (frod) real vaqt rejimida aniqlaydigan va oldini oladigan avtomatik tizim yoki chora-tadbirlar majmui. U shubhali tranzaksiyalarni bloklash orqali mijozlar mablagʻlari va biznes xavfsizligini himoya qiladi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid